Shoyim Boʻtayev 1959 yil 20 iyunda qoʻshni Tojikistonning Oʻratepa tumani, Maydoncha qishlogʻida tugʻildi. Xoʻjand davlat pedagogika instituti tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini “Guliston” jurnalidan boshlab, keyinchalik “Tong yulduzi” gazetasida boʻlim mudiri, “Choʻlpon” nashriyotida muharrir boʻlib ishladi. Oʻzbekiston radiosi “Adabiyot va radioteatr” Bosh muharririyatida, “Oʻzbektelefilm” studiyasida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Shoyim Boʻtayevning “Sirli yulduzlar” nomli ilk qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida bosildi (1984). Xuddi shu yili “Dunyoning sarhisobi bor” qissalar toʻplami chop etildi. “Endi bari boshqacha” hikoyalar toʻplami (1988), “Shamol oʻyini” nomli qissa va hikoyalar majmuasi (1995), “Qoʻrgʻonlangan oy” romani (1996), “Kunbotardagi bogʻ”, “Hayot”, “Koʻchada qolgan ovoz” kabi kitoblari oʻziga xos yoʻnalishdagi izlanishlarining maʼlum darajadagi badiiy umumlashmasi, sintezidir. “Qoʻrgʻonlangan oy” romanida xalqimiz maʼnaviyatiga xos milliy ildizlar, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va hamisha barhayot, barhaq anʼanalar madh etiladi. Imon, insof, diyonat asar qahramonlarining maʼnaviy-axloqiy fazilatlariga aylanadi (“Bod”, “Muzaffar”, “Dil payvandi”, “Qaldirgʻochlar yana qaytadi”, “Beshovlon”, “Sarvinoz” va h. k. asarlari).
Shoyim Boʻtayev bir qancha badiiy va hujjatli filmlar, teleseriallar, radiopostanovkalar ssenariylari muallifi hamdir.
Yozuvchining bir qator asarlari rus, tojik, nemis va ingliz tillariga tarjima qilingan.
Shoyim Boʻtayev adabiy-ijtimoiy faoliyati uchun 2002 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/shoyim-botayev-1959/