Shovullab turadi burgut qanoti

Avetik Isaakyan

 

* * *

Tunlar bogʻimda koʻz yosh

Toʻkayotir majnuntol.

Qaygʻudan koʻtarmas bosh,

Iztirobda gʻamgʻin tol.

 

Yarqirar tong hur misol

Qoʻngʻiroq soch boshini

Silkib, artar majnuntol

Toʻkkan achchiq yoshini.

 

* * *

Togʻ choʻqqisi ortida quyosh,

Gʻira-shira olisda oʻtloq.

Tindi qushlar kuyi-da yuvvosh,

Mening uyqum kelmaydi mutloq.

 

Tom oralab oy boqadi, gul

Barglarida koʻchadi mezon.

Salqin havo torqilaydi yoʻl

Tun toqida yulduzlar tomon.

 

O, mayin yel, yulduzli dunyo,

Qani bu tun aziz dildorim?

O, yulduzlar, tanhosiz, tanho,

Qayda kezar tun boʻyi yorim?

 

Tong otadi, eshik ochilib,

Tuman bosar, yogʻmoqda yomgʻir.

Yolgʻiz qaytar ot ham dil tilib,

Oh, yor uyga qaytmaydi, axir!

 

 

ONAMGA

Ona yurtdan olis-olisda

Sargardonman – na uy, na orom.

Ona, qoldim ayrilib sizdan,

Gʻarib sayyoh kabi beorom.

Togʻdan uchgan bu qushlar bilar:

– Onam yoʻlda yoʻlamadimi?

Dengiz boʻylab shovdirar yellar:

– Onam salom yoʻllamadimi?

 

Koʻchib ketdi shamollar besas,

Janubga yoʻl oladi qushlar.

Yuragimga zar sochib havas,

Janubga koʻz soladi qushlar.

 

Yuzlaringiz, shirin soʻzingiz

Sogʻinaman, aziz onajon!…

Aylansaydim tushga, izingiz

Topar edim albat, begumon.

 

Tunlar tushsam dilingiz tomon,

Quchsam – goʻyo hushi yoʻq tuman.

Ketsam – kulib, yigʻlab, onajon,

Yondirguvchi sogʻinchlar bilan!

 

* * *

Oʻlsam, koʻming meni Alagyaz

Togʻidagi shohsupaga, to

Essin Mantash choʻqqisidan soz

Boshim uzra eng sarin havo.

 

Toki qabrim yonida iyib

Bugʻdoyzorlar tebrangan sayin

Majnuntollar sochini yoyib,

Koʻz yosh toʻksin jimgina, mayin.

 

* * *

Tushlarimda – shoʻr suvlar boʻyi,

Qalbda ogʻriq, yonboshlayman jim.

Allalaydi tushlarim kuyi,

Toʻlqinlarni ichib toʻymas qum.

 

Tushda – yonlab oʻtar doʻstlarim,

Quvnab, kuylab, hayqirar betin.

Menga boqmas, chorlamas hech kim,

Sukutdaman, tortaman gʻamgʻin.

 

* * *

Mendan uzoqlarda oʻzga yurtlar bor,

Unda yashayotgan dillar men kabi.

Gohida yolgʻizu, mahzun va bedor,

Yonib-kuyar, menga talpinar qalbi.

Shunda tuyuladi ul olis qoʻlga

Yoʻllayman otashin, sirli oʻtinchim.

Qoʻlim uzataman oltinsoch gulga,

Sochlarini silay boshlar sogʻinchim.

 

* * *

Qanotlari uchqur qoramtir burgut,

Osmondan tushganday koʻksimni oʻyar.

Tishida – yuragim, parvozida oʻt,

Eng baland choʻqqini aylanib suyar.

 

Togʻlarni qiyalab uchar, koʻk ichra,

Qalbimni irgʻitar ilkis qonatib.

Shundan qulogʻimdan ketmaydi sira –

Shovullab turadi burgut qanoti.

 

* * *

Tong nuriga yogʻilar titroq –

Qutlayotir toʻrgʻay bu damni.

U zulmatdan, gʻamlardan yiroq,

Yonib kuylar sevgi, olamni.

 

Qorongʻulik ichra yoʻl ochib,

Yurak toʻkar zarralab oʻkinch.

Boʻztoʻrgʻayning navosi sochib

Oʻtar egik bosh uzra sevinch!

 

* * *

Tushimga kiribdi: totli kuy chalib,

Tebranib, eshilib ketmoqda karvon.

Togʻ oralab, oʻrlab, qalbga oʻt solib,

Nurlarga qoʻshilib ketmoqda karvon.

 

Karvonda boradur suyukli dildor,

Koʻzlarida jilva, libosi hasham…

Ortidan qolmayman, sogʻinchim bisyor,

Karvon qalbim tilib,kul etar tanam.

 

Dil yara, belanib changu tuproqqa,

Yolgʻiz qoldim yutib hasratli oʻyim.

Karvon oʻtib ketdi uzoq-uzoqqa,

Mayin jaranglatib qoʻngʻiroq kuyin.

 

 

Rus tilidan Oygul Suyundiqova

tarjimalari

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son

https://saviya.uz/ijod/shovullab-turadi-burgut-qanoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x