Post Views:
412
SHOSHTEPA – arxeologik yodgorlik, tashqi va ichki qishloq hamda baland ark – qal’adan iborat shahar xarobasi (miloddan avvalgi 9-asr – milodiy 16-asr). Jo‘n kanali bo‘yida (Choshtepa ko‘chasida) joylashgan. Dastlab Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagi a’zolari tomonidan qayd etilgan, N.P.Ostroumov arxeologik qazishmalar o‘tkazgan (1896), G.V.Grigoryev tekshirgan (1934), N.I.Krasheninnikova (1956), F.Dadaboyev (1970) arxeologik kuzatishlar olib borgan, 1978 yildan Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Shoshtepa maydoni 25 gektarga yaqin. Yon bag‘irlari tik bo‘lgan tepalik ko‘rinishidagi dastlabki qishloq (150×120 m) istehkomli bo‘lib, arkni ham o‘z ichiga olgan, ark bilan qishloqni Jo‘n kanali ajratib turgan. Quyi madaniy qatlamdan Burganli madaniyati (miloddan avvvalgi 9–6-asrlar)ga oid o‘troq dehqonlar qishlog‘ining qoldiqlari topilgan. Shoshtepadagi ilk dehqonlar qishlog‘i miloddan avvalgi 6-asrda barham topgan. Uning aholisi xo‘jalikning chorvachilik turiga o‘tib, Yevrosiyo dashtlaridan kelgan ko‘chmanchi qabilalar oqimiga singib ketgan.
[nggallery id=7]
Shoshtepaning keyingi davr qatlamini ko‘chmanchilar nekropoli egallaydi, unda qabrga an’anaviy buyumlar qo‘shib ko‘milgan. Bu miloddan avvalgi 3-asrdan Yevrosiyoda boshlangan yirik etnik ko‘chishlar davrida qabilalarni Orol bo‘yidan Amudaryoning o‘rta oqimi tomon migratsiyalari yo‘nalishi haqida guvohlik beradi.
Burganli qishlog‘i va ko‘chmanchilar nekropoli xarobalari o‘rnida miloddan avvalgi 2-asrda (ya’ni, 2200 yil avval) atrofi halqa devor bilan o‘ralgan, o‘ziga xos xochsimon tarhli bino qurilgan. U xoch va halqa uyg‘unligi – quyoshning eng qadimiy ramzi tamoyilida bunyod etilgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra u Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan vohalardan kelgan kishilar tomonidan qurilgan. Ular o‘zlari bilan xom g‘isht va paxsadan me’moriy inshootlar qurish ko‘nikmalarini olib kelganlar. Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan xom g‘ishtdan terib ishlangan devorlar, yo‘lak arkalari, gumbazli xonalar o‘rganildi, ayrim xonalar qizil rangga bo‘yalgan. Binoning o‘ziga xos tarhi, xonalardan biridagi kichik otashgoh, shuningdek, xonalardan biriga bosh chanog‘ining ko‘milganligi binodan maxsus maqsadlarda foydalanganliklarini ko‘rsatadi. U avval quyoshga topinuvchilar ibodatxonasi bo‘lib, so‘ngra diniy marosimlar markaziga aylantirilgan. Shoshtepadagi xochsimon binoni tadqiq etish jarayonida uning me’moriy-qurilish tamoyili Sirdaryoning janubiy o‘zanida tarqalgan dehqonlar va chorvadorlar madaniyati doirasida shakllangan degan xulosaga kelindi. Iqlim o‘zgarishi va daryo irmoqlarini qurib qolishi natijasida ular yashash uchun qulay yerlar axtarib Sirdaryoning yuqori oqimi bo‘ylab harakat qilishgan. Ularning bir qismi Toshkent vohasida qo‘nim topgan, bu yerda ular o‘zlarining moddiy va ma’naviy madaniyatlari va shaharsozlik sohasidagi bilimlarini yanada oshirish uchun qulay zaminga ega bo‘lishgan. Ibodatxonasi bo‘lgan tepalik taxminan 25 gektar keladigan qishloq tarkibiga kirgan.
Shunday qilib, kamida 2200 yil avval Toshkent hududida shaharsozlik sohasida birinchi tajriba amalga oshirilgan. 3–6-asrlarda Shoshtepadagi hayotning ikkinchi yirik jonlanish davri bo‘lib, 7–8-asr boshlarida ancha yuksalgan, so‘ng vayron bo‘lgan. 11–12-asrlarda undagi hayot biroz tiklangan, 16-asrda Shoshtepa tashlandiq holiga kelgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
(rasmlar wikipedia, azu.uz, mg.uz, mir.travel saytlaridan olindi)
https://shosh.uz/uz/shoshtepa-2/