Post Views:
132
Shoshlik muhaddislar orasida tasavvufda ham shuhrat qozonib, «shayx», «solih sufiy» kabi darajalarga erishgan olimlar ham mavjud. Ana shundaylardan biri Abu Bakr Umar ibn Abdurahim Shoshiy bo‘lib, u tax. 450/1058 yilda tug‘ilib, 518/1124 yilda vafot etgan. U shayx, solih sufiy va muhaddis[1]. Abu Bakr Umar ibn Abdurahim Shoshiy Imom Abulmuzaffar Sam’oniy, Abulqosim Hibatulloh ibn Abdulvoris Sheroziy Hofiz, Abu Sa’d Muhammad ibn Xorisiy va boshqalardan hadis ilmini o‘rgangan. Tarixchi Abu Sa’d Sam’oniy undan Marvda hadislar yozib olgan. Sam’oniyning xabar berishicha, «men undan fotiha olganman va uni tez-tez ziyorat qilardim. Undan eshitgan hadislar rivoyatlari sirasida Hibatulloh Sheroziy to‘plab, yozib olgan «Arba’in» ham bor edi»[2]. Abu Bakr Umar ibn Abdurahim Shoshiy hijriy 518 yil oxirida Marvda vafot etgan va Roziqdaryosi qirg‘og‘i bo‘yiga dafn qilingan.
Bu ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Shosh ham O‘rta Osiyodagi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva va boshqa shaharlar kabi butun musulmon Sharqidagi madaniy markazlar qatorida mashhur bo‘lgani o‘zining isbotini topdi. Islom ilmlari, jumladan, hadis ilmida ishonchli muhaddis Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy (vaf. 947) hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlar tadqiq qilinishi natijasida allomaning «Imom Shoshiy» nomi bilan dunyoga mashhur bo‘lgani aniqlandi.
Imom Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy ellikka yaqin olimlardan hadis ilmidan saboq olgan. Uning eng mashhur ustozlaridan termizlik buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziy, makkalik Abul Hasan Bag‘oviylarni ko‘rsatish mumkin. O‘z navbatida, Haysam ibn Kulayb Shoshiy ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Ular orasida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ishoq ibn Manda Isfahoniy, Abul Qosim Ali ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Hasan Xuzo’iy, Abu Nasr Buxoriy Kalaboziy, Mansur ibn Nasr ibn Abdurahim Samarqandiy kabi tanikli olimlar bor edi.
Haysam ibn Kulayb Shoshiy Imom Abdullohibn Muborak Marvaziy, Ishoqibn Rohavayh Marvaziylar singari o‘lkamizda «Musnad» turkumidagi hadis to‘plamini tuzgan[3]. Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiyning «Musnad» («Musnadi kabir») asari «Musnadi Shoshiy» deb ham yuritiladi.
Umuman olganda, Shosh vohasida hadis ilmi rivojlangan va bu yerdan yetishib chiqqan muhaddislar nafaqat Shosh vohasida, balki islom dunyosiningturli shaharlarida ilmiy faoliyat ko‘rsatgan. X-XII asrlarda Shosh vohasidan yetishib chiqqan muhaddis, hofiz, hadis roviylariga oid o‘rta asr arab manbalaridan olingan ma’lumotlar monografiyaning ilova qismida berilgan.
Ne’matullo MUHAMEDOV
SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MA’NAVIY MEROSI
«Toshkent islom universiteti»
nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent — 2007
[1] Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’onii. at-Tahbir fi mu’jam al-kabir. 1-jild. -B. 229
[2] O‘sha manba. 1-jild. -B. 229
[3] Qarang: Imomnazarov M., Eshmuhamedova M. Islom mintaqa ma’naviyatida Sunna bosqichi // Milliy ma’naviyatimiz asoslari. -T.: Toshkent islom univsrsiteti, 2001. -B. 133-134
https://shosh.uz/uz/shoshlik-muhaddislar-abu-bakr-umar-ibn-abdurahim-shoshiy/