Post Views:
90
Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Hamid Hofiz Shoshiy (vaf. 314/926) — ko‘plab hadislarni yod biluvchi hofiz, ishonchli muhaddisdir[1]. Shoshda tug‘ilib o‘sgan. Hasan ibn Sohib Shoshiy imom, hofiz, ko‘p yurtlarni kezgan sayyoh bo‘lib, u ilm talabida Xuroson, Iroq, Shom, Haramayn (Makka va Madina), Yaman, Misrdagi turli tabaqalardan hadislar eshitgan[2]. Halimiyning aytishicha, Sohib Shoshiy katta hofiz bo‘lib, Xuroson shayxlaridan hadislar yozib olgan[3]. «Tarixi Bag‘dod» kitobida Sohib Shoshiy Xuroson shaharlari va tog‘lari, Iroq, Hijoz, Shom haqida turli ma’lumotlar yozganligi qayd etilgan[4]. U hijriy 311 yilda Bag‘dodga kelib, Ali ibn Xashram[5], Ishoqibn Mansur, Abu Zur’a Roziy[6], Amir ibn Abdulloh O‘diy, Muhammad ibn Avf Ximsiy, Abdo ibn Sulaymon Basriy, Iso ibn G‘iylon, Xubayra ibn Hasan Zohid, Muhammad ibn Abdulaziz Daynuriy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan[7]. Hasan ibn Sohib ibn Hamid Hofiz Abu Ali Shoshiy to‘g‘risida «Irshod» asari muallifi quyidagicha bayon qilgan: «U Xuroson shayxlarining kitoblarida zikr etilgan katta hofiz edi»[8]. Sohib Shoshiy nafaqat hadislar, balki yuqorida aytilganidek, o‘zi safar qilgan mamlakatlar shaharlari, shuningdek, katta olimlar, shayxlar to‘g‘risida ma’lumotlar qoldirgan. Jumladan, Sohib Shoshiy to‘rt mazhab asoschilaridan biri Imom Shofi’iydan Qur’on haqida quyidagilarni eshitgan: «Uf, uf, Qur’on Allohning kalomidir. Kimki, uni maxluq desa, kofir bo‘ladi (Buning isnodi sahihdir)»[9]. O‘sha davrda mu’taziliylar tomonidan «Qur’on maxluqmi yoki ilohiymi?» degan masalada ixtiloflar chiqqan. Imom Shofi’iydan bu haqda so‘rashganida, u «uf» tortib, keyin javob bergan.
Ma’lumki, Sohib Shoshiy Jaziraga ham tashrif buyurgan, u yerda shayx, faqih, alloma Abulqosim Umar ibn Muhammad ibn Ikrima ibn Bazriy Jazariyning shogirdi bo‘lgan[10]. Sohib Shoshiydan Abu Ali Naysoburiy, Abu Bakr Muhammad ibn Ju’abiy[11], Muhammad ibn Ismoil Varroq, Abu Bakr Qaffol Shoshiy[12], Abu Ali Hofiz, Muhammad ibn Muzaffar[13] va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.
Buyuk alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy Hasan ibn Sohib Shoshiydan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: «She’rni o‘rganinglar, chunki unda hikmat va masallar bordir»[14].
Hasan ibn Sohib Shoshiy 314/986 yilda vafot etgan[15]. Bu sana boshqa manbada ham qayd etilgan: Muhammad ibn Abdulloh Naysoburiy Hofizning xabar berishicha, «Hasan ibn Sohib Shoshda 314 yilda vafot etgan»[16]. «Tarixi Bag‘dod», «Tabaqot al-xuffoz», «Tazkirat al-xuffoz», «Ansob», «Siyar a’lom nubalo», «Irshod» kabi qator arab manbalarida Hasan ibn Soxib Shoshiy nomi «Hofiz» deya hurmat bilan tilga olinib, ishonchli muhaddis sifatida e’tirof etilgan.
Ne’matullo MUHAMEDOV
SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MA’NAVIY MEROSI
«Toshkent islom universiteti»
nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent — 2007
[1] Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 780; Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy. Tabaqot al-xuffoz. -Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1403 h. 1-jild. -B. 329; Tarixi Bag‘dod. 7-jild. -B. 333
[2] Siyar a’lom an-nubalo. 14-jild. -B. 431
[3] Tabaqot al-xuffoz. 1-jild. -B. 329
[4] Tarixi Bagdod. 7-jild. -B. 333
[5] Tarixi Bagdod. 7-jild. -B. 333; Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 780; Siyar a’lom an-nubalo. 14-jild. -B. 431
[6] Tabaqotal-xuffoz. 1-jild. -B. 329; Tarixi Bag‘dod. 7-jild. -B. 333
[7] Tarixi Bag‘dod. 7-jild. -B. 333
[8] Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 780
[9] Siyar a’lom an-nubalo. 10-jild. -B. 18
[10] Takmilat al-ikmol. 1-jild. -B. 399
[11] Siyar a’lom an-nubalo. 14-jild. -B. 431
[12] Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 780; Siyar a’lom an-nubalo. 14-jild. -B. 431
[13] Siyar a’lom an-nubalo. 14-jild. -B. 431
[14] O‘sha manba. 14-jild. -B. 431
[15] O‘sha manba. 14-jild. -B. 431
[16] Tarixi Bag‘dod. 7-jild. -B. 333
https://shosh.uz/uz/shoshlik-muhaddislar-abu-ali-hasan-ibn-sohib-ibn-hamid-hofiz-shoshiy/