Post Views:
809
Fiqh ilmi islomshunoslikning yetakchi tarmoqlaridan biri. Ayni paytda kam o‘rganilgan sohasi sanaladi. «Garchi fiqh ilmi haqida K.Brokkelman, O.Pritsak, Yu.Z.Kavakji va boshqa G‘arb olimlari ishlarida birmuncha so‘z yuritilsa-da, lekin ular Movarounnahrda o‘rta asrlardagi fiqh ilmi tarixi taraqqiyotini o‘rganishda yetarli manba bo‘la olmaydi»[1].
Keyingi yillarda bir qator o‘zbek olimlari A.Saidov[2], A.Mo‘minov[3], M.Kamilov[4], O.Qoriyev[5], A.Jo‘zjoniy[6], S.Ishoqov[7] tomonidan tadqiqotlar amalga oshirildi. Shuningdek, buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning «Hidoya»[8] asari, Maqsudxo‘ja ibn Mansurxo‘ja qalamiga mansub «Majma’ ul-maqsud yoki Muxtasar ul-Viqoyaning o‘zbekcha sharhi»[9] va boshqa ko‘plab kitoblar nashrdan chiqdi. Hozirgi kunda mazkur soha bo‘yicha bir qator huquqshunos, islomshunos olimlar tadqiqotlar olib borishmoqda. «Zero, O‘rta Osiyolik faqihlarimiz jahon huquqiy madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini atroflicha tadqiq qilish davr talabidir»[10].
Ma’lumki, fiqh ilmi nafaqat diniy va huquqiy masalalar, balki ma’naviy, axloqiy qadriyatlarni ham o‘rganadi. Yuridik fanlar doktori, prof. A.Saidov yozganidek, «Fiqh — islom qonunshunosligi Sharq xalqlari va islom madaniyati erishgan buyuk qadriyatdir»[11].
Fiqh islom huquqshunosligi sohasi sifatida XIII-X asrlarda shakllandi va uning metodologiyasi vujudga keldi. Fiqh ilmi mustaqil huquqshunoslik sohasi sifatida rivojlana borib, ijtimoiy hayotning barcha sohalariga oid bo‘lgan masalalarni qamrab oldi: imon asoslari, aqida talablari, inson turmush tarziga xos bo‘lgan muomala, axloq, ibodat qonun-qoidalari. Bu jarayon ikki yarim asr davom etib, islom huquqshunosligining shakllanishida «oltin asr» deb nomlanadi[12].
Hijriy I asrda islom huquqi shakllana boshlab, hijriy II va III asrlarda taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarildi. Hijriy II asr boshlarida ilk huquqiy maktablar (mazhablar) yuzaga kela boshladi va yangi shakllangan islom jamiyati o‘zining boshlang‘ich huquqiy va qonuniy institutlari – muassasalarini qurishga muvaffaq bo‘ldi. Fiqh ilmi o‘z rivojlanish bosqichlarini shu yo‘sinda bosib o‘tdi. Asli arab bo‘lmagan ko‘p xalqlar, ayniqsa, Movarounnahr faqihlari va muhaddislari uning rivojiga beqiyos darajada katta hissa qo‘shib keldilar[13].
Movarounnahr fiqh maktabi buyuk namoyandalari yozgan nodir asarlar tufayli o‘z taraqqiyotiga ko‘tarilgan Islom qonunshunosligi xalqimiz ma’naviy-huquqiy merosining uzviy ajralmas qismi sifatida asrlar davomida Markaziy Osiyo xalklari hayotida muhim omil bo‘lib xizmat qilib kelgan[14].
Jumladan, bu sohada shoshlik faqihlar ham islom huquqshunosligida qimmatli asarlar yaratishgan. Fiqh ilmi rivojida shubhasiz, buyuk imom Abu Bakr Qaffol Shoshiyning hissasi katta bo‘lgan.
O‘rta asrlarda «Faxr al-islom» («Islom faxri») sifatida shuhrat qozongan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Mustazhiriy Shoshiy (1038—1114) o‘z davrida Bag‘doddagi fuqaholarning raisi bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Bag‘dodga borib, mashhur faqih Abu Ishoq Sheroziy, Abu Nasr ibn Sabbog‘lardan fiqhni o‘rganib, taniqli imom darajasiga yetdi[15].
Taniqli islomshunos Rizouddin Faxriddin o‘zining «Imom G‘azzoliy» asarida «Abu Bakr Shoshiy Abu Ishoq Sheroziy, Abulqosim Qushayriy, Haririy (sohibi maqomot), Abu Ishoq Vohidiy, Abulmahosin Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Xatib Bag‘dodiy, Qozi Bayzoviy kabi yirik olimlar zamonida yashagan edi», deb yozgan[16].
Ma’lumki, saljuqiylarning buyuk vaziri Nizom al-Mulk islom olamidagi bir qancha yirik shaharlar kabi Bag‘dodda ham «Nizomiya» madrasasini qurdirgan. Ushbu madrasa o‘z davrida akademiya darajasida bo‘lgan. Chunki «o‘sha kezlarda bu madrasa eng muhtasham va yirik sanalar, bu yerga arab mamlakatlari markazlaridangina emas, hatto, O‘rta Osiyoning Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi qator shaharlaridan, Xuroson va Shoshdan ham talabalar kelib ta’lim olar edi. Madrasa ikki qavatli bo‘lib, bu yerda bir yo‘la to‘rt yuz talaba darsga qatnashar, mantiq, kalom, lug‘at ilmi, sarfu nahv (grammatika), odob kabi fanlar o‘qitilgan»[17].
Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Bag‘doddagi «Nizomiya» madrasasida ta’lim olgan va keyinchalik uning mudarrisi etib tayinlangan. U bu yerda ko‘p taniqli olim va allomalar bilan muloqotda bo‘lgan. «Yirik faylasuf Abu Homid G‘azzoliy (1059—1111), Abu Ishoq Sheroziy (vaf. 1083), Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiylar bir vaqtda mana shu «Nizomiya»da dars berganlar»[18].
O‘rta asrlarda (IX—XII) ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri Bag‘dodga «Shoshiy» nisbasidagi bir qator olimlar — mashhur muhaddis Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy[19], Ja’far ibn Shuayb Shoshiy[20], Muhammad ibn YAhyo ibn Zakariyo Shoshiy[21], Hasan ibn Sohib Shoshiy[22], Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Homid Shoshiy[23] Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Abu Ali Shoshiy[24] va boshqalar tashrif buyurgan. Bu yerda ular nafaqat ilm o‘rganishgan, balki mudarris, alloma, faqih, imom sifatida mashhur bo‘lishgan.
Ne’matullo MUHAMEDOV
SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MA’NAVIY MEROSI
«Toshkent islom universiteti»
nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent — 2007
[1] Kamilov M.M. Movarounnahr fiqh ilmi rivojida Alouddin as-Samarqandiyning o‘rni va «Tuhfat al-fuqaho» asarining ahamiyati: Tarix fanlari nomzodi… dis. avtoref. -T.: 2000. -B. 3
[2] Saidov A.X. Burhoniddin Marg‘inoniy – buyuk huquqshunos (shariat va o‘zbek milliy ma’naviy-huquqiy merosi tarixidan lavhalar). -T.: 1997
[3] Муминов А.К. Роль и место ханафитских улама в жизни городов Центрального Мавараннахра (II-УП/УП1-XIII вв.): Автореф. дисс. на соиск. учен. степ. док. ист. наук. -Т.: 2003
[4] Kamilov M.M. Movarounnahr fiqh ilmi rivojida Alouddin as-Samarqandiyning o‘rni va «Tuhfat al-fuqaho» asarining ahamiyati: Tarix fanlari nomzodi… dis. avtoref. -T.: 2000
[5] Кариев А.А. Бурхан ад-дин ал-Маргинани и его место в истории фикха: Автореф. дисс. канд. ист. наук. -Т.: 2001
[6] Jo‘zjoniy A.Sh. Islom huquqshunosligi. Hanafiy mazhabi va O‘rta Osiyo faqihlari. -T.: Toshkent islom universiteti, 2002
[7] Ishoqov S. Burhoniddin Marg‘inoniy va fiqh ilmi. -T.: Adolat. 2000
[8] Burhoniddin al-Marg‘inoniy. Hidoya. -T.: Adolat. 2000. 1-jild. -848 b
[9] Maqsudxo‘ja ibn Mansurxo‘ja. Majma’ ul-maqsud yoki Muxtasar ul-Viqoyaning o‘zbekcha sharhi. -T.: Adolat, 1996. -640 b
[10] Qarang: Saidov A. Movarounnahr fiqhshunosligiga kirish // Jo‘zjoniy A. Islom huquqshunosligi. Hanafiy mazhabi va O‘rta Osiyo faqihlari. -T.: Toshkent islom universiteti, 2002. -B. 4
[11] Saidov A. Usulul fiqh — islom qonunshunosligiga bir nazar // Usulul fiqh. -T.: Adolat, 1997. -B. 209
[12] Qarang: Bahodirov R., Rasulov D. Islom ilmlarining buyuk allomalari. -T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000.-B. 10; Сюкияйнен Л.Р. Мусульманское право. -М., 1986. С. 68
[13] Jo‘zjoniy A.Sh. Islom huquqshunosligi va hanafiy mazhabi taraqqiyotida O‘rta Osiyo faqihtarining o‘rni. Yuridik fanlar nomzodi… diss. avtoreferati. -T., 2005. -B. 11
[14] Saidov A. Usulul fiqh — islom qonunshunosligiga kirish // Usulul fiqh. -T.: Adolat, 1997. —B. 207
[15] Tojuddin Abu Nasr Abdulvahhob Subkiy. Tabaqot ash-shofi’iya al-kubro. -Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1999. 3-jild. -B. 341; Shamsuddin az-Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. 19-jild. -B. 393
[16] Rizouddin Faxriddin. Imom G‘azzoliy. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondi. Inv. № 9122. 16-sahifa
[17] Munirov Q., Irisov A., Nosirov A. Toshkent tarixida ba’zi siymolar. T.: Fan, 1983. -B. 16-17
[18] O‘sha manba. -B. 17
[19] at-Taqyid. 1-jild. -B. 479
[20] Tarixi Bag‘dod. 7-jild. -B. 195
[21] O‘sha manba. 3-jild. -B. 216
[22] Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. B. 780; Tarixi Bagdod. 7-jild. -B. 333
[23] Mu’jam al-buldon. 3-jild. -B. 382
[24] Tarixi Bag‘dod. 4-jild. -B. 392
https://shosh.uz/uz/shosh-vohasi-faqihlari-merosi/