Post Views:
70
Shoh Ali ko‘z davolovchi tabib bo‘lgan. She’riyatdan xabari bo‘lgani uchuy Shoh Ali ko‘z kasaliga oid «Zubda» – manzuma, ba’zilarcha «Zubdayi manzuma» («Qaymoq» – she’riy kitob yoki «Nazmlar qaymog‘i») asarini (bu kitob «Kuhlnoma» deb ham yuritilgan) fors tilida yozgan. Muallif o‘z asarini nazm bilan, mukqadimasini nasr bilan tuzgan. Unda bitilishicha, nogahon odamlarning ko‘zi og‘rib qolsayu, uni davolaydigan ko‘z tabibi bo‘lmay qolsa, to u topilgunga qadar odamlar fursatni qo‘ldan bermay, biror chora qilib turishi uchun, kasalga chalingan odam ozor topmay va ortiqcha tashvish tortmay turishi uchun ushbu kitob ta’lif qilingan. Ammo, deb yozadi muallif, asli maqsadim mana bu edi: aziz va muhtaram zotlar bilan birga bo‘lgan vaqtimda bu azizlarning xotir shariflariga mendek bir faqir Shoh Ali ibn Sulaymon Kahhol kelib, ular mendan shunday bir asar yozishimni iltimos qildilar. Ular, ustozlarning, ota va birodarlaringdan ko‘z og‘rig‘ini tuzatish borasida o‘rganib bilgan narsalaringni bitib qisqacha bir kitobchaga tartib bersang, deb mendan iltimos qildilar.
Shunday qilsang bunday kitob ko‘z og‘rig‘ini tuzatish bobida eng zarur bir qo‘llanma bo‘lib qoladi. Bu sohadan xabardor bo‘lgan kishilar esa bu yozilganlardan ko‘z og‘rig‘ini davolashda foydalanadilar va shu muxtasar asar unday odamlarga yetarli bir qo‘llanma bo‘lib qolishi mumkin. Shu sababdan bu faqirga ushbu kitobni yozish zarurati tug‘ildi. Natijada, ularning iltimosini kabul qilishdan boshqa choram qolmadi. Shundan so‘ng tajribamda nimaiki uchragan bo‘lsa, ustozlarimdanmi, ota va birodarlarimdanmi, kimdan nimani o‘rgangan bo‘lsam yana bizdan oldin o‘tgan olimlar asarlaridan eng sara, qaymoq gaplarini, tajribadan o‘tganlarining barchasini to‘pladim, keyin ularning eng yaxshilarini saylab she’riy yo‘l bilan bu kitobni yozishga kirishdim. Bu yerda shuni aytish kerakki, kitobni she’r bilan yozishdan maqsad uni o‘qish va yodlash oson bo‘lishi, tushunish yengil bo‘lishi uchun edi. Bu qisqa asar nihoyasiga yetgach, unga «Zubdayi manzuma» («Nazmlar qaymog‘i») deb nom qo‘yildi. Manbalar xabar berishicha, Shoh Ali Kahhol X asrda o‘tgan Ali ibn Isoning «Tazkirat al-Kahholin» («Okulistlarga esdalik kitob») asarini arab tilidan fors tiliga tarjima qilgan.
Tarjima Toshkent xoni Baroqxon farmoni bilan 951/1544 yili bajo keltirilgan. Tarjimaning bir nusxasi bizgacha yetib kelgan, u O‘zbekistan Respublikasi FASHI qo‘lyozmalar fondida saqlanadi, hajmi 92 varaq. Asar 1714 yili buxorolik Abduhafiz ibn Abdulg‘afur qo‘li bilan ko‘chirilgan. Bu asar uch qism— maqoladan iborat bo‘lib, anatomiya, tashqi va ichki kasalliklarga bag‘ishlangan. Asarda qadimgi yunon va arab tabiblarining fikr-mulohazalari bilan qorilgan, kasalliklarni tuzatishda Klavdiy Galen (130-200), Xunayn ibn Ishoq (vafoti 873) va boshqa olimlar fikriga tayanib ish ko‘rgan.
Shoh Ali aslida Ali ibn Iso asarini forschaga tarjima qilishgina emas, balki bu asarni o‘zidan avval yozib qoldirgan allomalar asarlari asosida qayta ishlagan, ba’zi o‘rinlarini to‘ldirgan. Natijada, bu asar ham tarjimonning lutf-tavajjuhi bilan ma’lumotlarga ancha boy manbaga aylangan.
Asar so‘z boshisida qaysi olim asarlaridan foydalanilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Kitob to‘rt qism—maqolaga bo‘lingan, har bir maqola boblarga bo‘lingan. Kitobning birinchi qismi ko‘z tuzilishiga bag‘ishlangan, ikkinchisi ko‘z kasalliklarining tashqi alomatlariga va ularni davolash yo‘llariga bag‘ishlangan. Uchinchisi ko‘z kasalliklarining ko‘zga ko‘rinmaydigan yoki ko‘z ilg‘amaydigan ko‘z kasalliklari va ularni davolash yo‘llariga bag‘ishlangan. To‘rtinchisi ko‘z kasalliklarida ishlatiladigan sodda va murakkab dorilarga bag‘ishlangan.
Shoh Alining bizda bor bu asari tarjimasi hijriy 1225, milodiy 1810 yili ko‘chirilgan. Bir nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida mavjud. Qo‘lyozma 144 varaqdan iborat.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/shosh-tabiblari-shoh-ali-kahhol-2/