Shosh hattotlari. Muhammad Yunus Kotib


Post Views:
138

Bizgacha ilmiy meros sifatida yetib kelgan qo‘lyozma asarlarni o‘rganar ekanmiz, o‘tmishda hattotlik san’atini sevgan hattotlar yashaganligini ko‘ramiz. Ularning sermashaqqat mehnati tufayligina har xil asarlarning qo‘lyozma nusxalari bunyod etilgan. Sharq olim va shoirlarining asarlarini ardoqlagan va ulardan nusxalar ko‘chirgan ana shunday ajoyib hattotlardan biri hattot Muhammad Yunus kotib edi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy asarlari, o‘z navbatida, Toshkentda ham asrlar osha, juda ko‘p hattotlar tomonidan ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. Ular orasida Alisher Navoiy asarlarining Toshkentda atoqli hattot Muhammad Yunus Kotib tomonidan ko‘chirilgan ba’zi qo‘lyozma nusxalari ham bor. Muhammad Yunus Kotibning ota-bobolari ham hattot bo‘lganlar. Uning otasi Muhammad Bobojon va o‘g‘li Muhammad Yaxyo ham hattot bo‘lganlar. U Shahrisabzdan Toshkentga kelib qoladi. Uning ko‘chirgan qo‘lyozma asarlari oxirida keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, Toshkentda Qashqar mahallasida bir necha yillar davomida istiqomat qilgan. Muhammad Yunus kotib nasx, nasta’lik va shikasta xatlarni yozishda mohir hattot bo‘lgan. U faqat kotib bo‘lib qolmay, o‘z navbatida, arab va fors tillarini ham yaxshi bilgan. Muhammad Yunus kotib Toshkentda yashagan vaqtida Alisher Navoiy asarlarini ko‘chirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. U Alisher Navoiyning mashhur «Hamsa», «Mahbub ul-qulub», «Lison ut-tayr», «Majolis un-nafois», «G‘aroyib us-sig‘ar» va boshqa asarlaridan bir nechalab nusxalar ko‘chirgan. Muhammad Yunus Kotibning Alisher Navoiy asarlaridan Toshkentda ko‘chirgan nusxalari orasida ikki nusxa – «Hamsa» diqqatga sazovordir.

Ulardan biri (1278-1280) 1861-1863 yillar orasida kitobat qilingan. «Hamsa»ga kiritilgan har bir dostonning oxirida, mazkur nusxani haqiqatda ham Toshkent shahrida shahrisabzlik Muhammad Yunus Kotib tomonidan ko‘chirilganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Yana shu muqovaga Muhammad Yunus Kotib tomonidan ko‘chirilgan Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub», «Lison ut-tayr» asarlari ham kiritilgan. «Lison ut-tayr» asarining oxirida bunday deb yozilgan: «Bu muazzam va mukarram nusxa Navoiy va Foniy taxallusli Hazrat Amir Alisherning «Lison ut-tayr» asari, 1280/1863 yili Toshkentda faqir va haqir Muhammad Yunus valadi Muhammad Bobojon Shahrisabziy qo‘lida tahrir topdi».

Ikkinchi nusxa esa 1289/1872 – 1873 yili ko‘chirilgan bo‘lib, asar avvalida ikki saxifasiga badiiy lavha ishlangan. «Hamsa»dagi besh dostoniing avvaliga ham alohida-alohida badiiy lavhalar ishlangan. Asar ajoyib nasta’lik xati bilan Qo‘qon qog‘ozida yozilgan. Mazkur nusxa oxirida quyidagi so‘zlar keltirilgan: «Alisher Navoiy Hazratlarining muborak «Hamsa» asari 1289/1872 – 1873 yili firdavs monand Toshkentning qoshgarlik mahallasida bu faqir shahrisabzlik Muhammad Yunus ibn mulla Bobojon qo‘lida anjomiga yetdi». Shu muqovaga birga muqovalangan «Mahbub ul-qulub» asari ham 1873 yili shu yerda mazkur kotib tomonidan chiroyli nasta’lik xati bilan ko‘chirilgan.

Qo‘lyozma asarlarining ko‘pida kamtarlik yuzasidan, hattotlar o‘z nomlarini keltirmaydilar. Hattotlar bu asarni o‘qigan kishilardan, agar uni ko‘chirish asnosida biron-bir kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar, kechirishlarini so‘rash bilan so‘zni tamomlaydilar. Shuning uchun ko‘p qo‘lyozma asarlarni qaysi shaharda va kim tomonidan ko‘chirilganligini aniqlash qiyin.

Ba’zi kotiblar juda yaxshi ish qilganlar. Ular o‘z nomlarini keltirish bilan bir qatorda, mazkur qo‘lyozmani qaysi shaharda ko‘chirganlini ham ko‘rsatib o‘tgan. Muhammad Yunus Kotib tomonidan ko‘chirilgan Alisher Navoiy asarlarining mazkur nusxalari oxirida keltirilgan ma’lumotlardan, ularning Toshkentda kitobat qilinganligi aniq ko‘rinib turibdi. Hatto bu asarlar Toshkentning qaysi mahallasida ko‘chirilganligi ham aniq ko‘rsatilgan. Ko‘p yillar davomida Toshkentda yashaganligini va ancha asarlarni Toshkentda kitobat qilganligini nazarda tutib, Muhammad Yunus Kotibni bu risolaga kiritdik. Muhammad Yunus Kotibning Alisher Navoiy asarlaridan mehr bilan ko‘chirgan qo‘lyozma nusxalari hozirda O‘zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/shosh-hattotlari-muhammad-yunus-kotib-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x