Sholg‘om

DO`STLARGA ULASHING:

Ajoyib iforga va xushta’m mazaga ega bo‘lgan sholg‘om ko‘pchilikning sevimli sabzavoti sanaladi. Ayniqsa, qahraton qishda bu tabiat ne’mati o‘zbek oshxonasining to‘ridan joy egallaydi.
U odatda suyuq taomlar bilan birgalikda iste’mol qilinadi. Uning shifobaxsh xususiyatlari bisyor.
100 gramm sholg‘omning kaloriyasi 30 kkalga teng. Uning tarkibida karotin, A, V1, V2, V5, V6, V9 (foli kislotasi) kabi ko‘pgina vitaminlar guruhi, K, S va RR singari kletchatkalar hamda kaliy tuzi, magniy, kalsiy, fosfor, temir, oltingugurt, mis, natriy, marganets va yod moddasi mavjud.
Sholg‘om tarkibi mikroelementlar, uglevod va vitaminlarga juda boy. Ushbu sabzavotda juda kam uchraydigan glyukorafanin moddasi mavjud. U diabet va saratonni davolashga yordam beradi. Uning tarkibida rediskaga nisbatan fosfor ko‘p. Karamga nisbatan esa S vitamini bisyorligi bilan alohida ajralib turadi.
Sholg‘om jigar faoliyatini yaxshilaydi. O‘t pufagi suyuqligining ishlab chiqarilishini me’yorlashtiradi. Qovuqda toshlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Tarkibidagi sellyuloza ichaklar faoliyatini faollashtiradi. Me’da-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Qadimdan sholg‘om sil va moxov kasalligining oldini oluvchi sabzavot sanalgan. Undan tayyorlangan murabbo immunitetni ko‘taradi. Sholg‘om qaynatmasi esa angina (bodomcha bezlari yallig‘lanishi) va tish kasalliklarida foydalidir.

Bu sabzavot pishirilganda uning shifobaxshligi yanada ortadi. Chunki, sholg‘om pishirilish jarayonida undagi glyukozid moddasi xantal moyiga aylanadi. U ishtahani yaxshilaydi.

Uni ichak yallig‘lanishi bor insonlar iste’mol qilmagani ma’qul. Chunki, kuchli va surunkali gepatit (jigar hujayralari yallig‘langanda), xoletsistit (o‘t pufagi yallig‘lanishi) va markaziy asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarda ham uni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Sholg‘omni xomligicha yeyish qabziyatda foydali. Me’da va ichaklar o‘tkir yallig‘langan paytda, gastrit va o‘n ikki barmoq yarasiga mubtalo bo‘lganlarga uni xomligicha yeyish tavsiya etilmaydi.
Abu Ali ibn Sinoning aytishicha, sholg‘om urug‘i og‘rigan joyga qo‘yib bog‘lansa, yellarni haydaydi. Ichini o‘yib, unga mum bilan gulmoyini solib qo‘rga ko‘mib eritilgani teri xastaliklari, sovuqdan paydo bo‘lgan va yaraga aylangan yoriqlarga naf beradi. Go‘sht bilan pishirilganda tomoqni yumshatadi. Uni pishirib yohud xomligicha iste’mol qilinsa ko‘zga foyda. Nafas yo‘lini rostlaydi. Yurak behalovat bo‘lganda ajoyib malham bo‘ladi. Sholg‘omning asal bilan aralashgan sharbati yo‘talga barham beradi. Harorat ko‘tarilganda, tomoq og‘riganda foyda qiladi.

Yana o‘qing:  Uyquga yordam beradigan aqlli niqob

Ushbu sabzavot ham piyoz, sarimsoqpiyoz, turp kabi tabiiy antibiotik hisoblanadi. Chunki, uning tarkibida fitonsidlar mavjud. Bu modda viruslarga qiron keltiradi hamda gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ga qarshi kurashda ijobiy ta’sirga ega.
Xurshida HUSENOVA
soglom.uz/tavsiya/sholgom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x