Bolalik kezlarim mahallada “Shokir vagʻ-vagʻ” laqabli chol boʻlardi. Ikki yuzi qip-qizil, polvonkelbat qariya ismi jismiga monand. Tepaqoʻrgʻonda besh oʻgʻil, besh kelin, yigirma-oʻttiz nevara-chevara bilan istiqomat qilar, farzandlari ham oʻziga tortgan, norgʻul, mehnatkash yigitlar edi. Chol tabiatan beozor, dilkashgina boʻlsa ham, bir odati chatoq edi: achchigʻi chiqsa, ovozini baralla qoʻyib: “Padaringga laʼnat!” deb chunonam baqirardiki, tovushi yetti mahallaga eshitilar edi. Qizigʻi shundaki, oʻz oʻgʻillarini ham shunaqa deb koyir, chamasi, oʻzini laʼnatlayotganini oʻylab oʻtirmasdi.
Kunlardan birida toqati toq boʻlgan katta kelini cholni insofga chaqiribdi.
– Boʻldi-da endi, dada! – debdi. – Nuqul bolalaringizga “padaringga laʼnat” deyaverasizmi?! Sizdan oʻrganib, oʻgʻillaringiz ham bir-birini shunaqa deb soʻkadigan boʻlib qoldi!
Shokir vagʻ-vagʻ battar tutaqib ketibdi.
– Men ham padaringga laʼnatlarning shu qiligʻiga hayronman-da, kelin! – debdi shangʻillab. – Bu padaringga laʼnatlarga necha marta aytayapman, “hoy padaringga laʼnat, bir-birini “padaringga laʼnat”, deb soʻkmagin, uyat boʻladi, desam, bu padaringga laʼnatlar tagʻin bir-birini “padaringga laʼnat”, deb soʻkadi-da! Obbo padaringga laʼnatning bolalari-yey!
Yetti qavat soʻkishni Shokir vagʻ-vagʻga chiqargan, degan gap oʻshandan qolgan…
Oʻtkir HOSHIMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/shokir-vag-vag/