Shoirning oʻtkir soʻzi

“…Har bir soʻz yetajak yuzta umrimga,

har biri baxsh etar

ruhimga shodlik…”

Shavkat Rahmon

 

Har kimning qalbiga yaqin sanʼatkor ijodkorlari boʻladi. Odam oʻsha hamdard, hamdil shoirlari tilida soʻzlashni istaydi. Shunday shoirlar boʻladiki, ularning sheʼrlarida oʻz qalbi, qiyofasi, aʼmoli va botini aks etadi. U birovni aldamaydi, yolgʻon yozmaydi, oʻtkinchi shabadalardan huzurlanishni oʻziga ep koʻrmaydi. Eʼtiqodi mustahkam shoir ezgu maqsadni koʻzlab ilgarilaydi. Ichki butunlik uning shaxs ekanidan dalolat beradi. Uning oʻjarligi ortida sirli individualligi yashirinadi. Lirik qahramon shoir qalbi bulogʻidan suv ichadi. Uning ramzlarida bukilmas iroda sohibining suvrati va siyrati koʻrinadi…

Shavkat Rahmon shaxsiyati va sheʼriyati haqida oʻylaganda shunday ezgu fikrlar xayolga keladi. Bu shoir 46 yil umr koʻrdi. Ammo XX asr oʻzbek sheʼriyatida mustahkam qoyadek savlat toʻkib turibdi. Shoirning sheʼriy toʻplamlari – “Rangin lahzalar”, “Yurak qirralari”, “Ochiq kunlar”, “Gullayotgan tosh”, “Hulvo” – bular ancha ixcham, ammo nashr etilgan paytlari jiddiy adabiy hodisa sifatida baholangan kitobchalardir. 1986 yili bosilgan “Uygʻoq togʻlar” toʻplami oʻsha yillarda haqiqatparast sheʼriyat muhiblarining qoʻlidan tushmadi. Oʻylab qaralsa, bu mumtoz shoirning adabiy merosi hajman juda katta emas. Ammo…

Darvoqe, ijodining asosiy qismi 1997 yili shoirning oʻzi tartib bergan va vafotidan soʻng nashr etilgan “Saylanma”sida jamlandi. Kitobning ichki strukturasi oʻziga xos: fasllari toʻrtta. Bunda fasl qism maʼnosidan tashqari yil fasllari maʼnosiga ham ega. Birinchi fasldagi sheʼrlarda bahoriy kayfiyat nafasi seziladi. Toʻrtinchi fasl qorli kunlardan darak beradi. Shu bilan birga kitobdagi oʻnta boʻlim “Ilk sheʼrlardan”, “Yoʻl manzaralari”, “Ispan sheʼriyatidan tarjimalar”, “Musavvirona”, “Mujohidona”, “Soʻz”, “Gullayotgan tosh”, “Sanʼat”, “Visolsiz ishq”, “Rivoyatlar”, “Qop-qora chechaklar”, “Eng oxirgi sheʼrlardan” kabi alohida nomlar bilan ataladi. Sheʼrlarning yozilgan vaqti maʼnosida xronologik tartib buzilgan boʻlishi tabiiy, ammo ruhiy butunlik eʼtiboridan shoir saylanmasini bejizga maxsus boʻlimlarga ajratgan emas. Har bir boʻlim nomi oʻziga xos maʼnoga ega. Har holda Shavkat Rahmon tartib bergan mazkur sheʼriy “guldasta”ning ichki kompozitsion qurilishi ham shoirning soʻzga naqadar eʼtiborli boʻlganidan dalolat beradi.

Vaqt oʻtgan sari Shavkat Rahmon siymosining adabiyot tarixida haybatli togʻdek namoyon boʻla borishining asosiy sabablaridan biri uning estetik idealiga daxldor. Estetik ideal – ijodkor butunligi, estetik ideal – ijodkor maʼnaviy-ruhiy, amaliy-estetik hayotining badiiy ifodasi. Yuksak estetik ideal – shoir hayotining davomi. Agar shu nazariy tamoyil mayda maishiylik yo oʻtkinchi mafkuraviylik bilan cheklanib qolsa yoki turli gʻiybatu gʻurbatlar girdobida qolib ketsa, ijodkorning “men”i, shaxs sifatidagi qiyofasi, oʻzligi, martabasi, badiiy olami koʻzga koʻrinmay qoladi. Bunday qalamkash hech kimga yoki “kimdir”ga aylanadi; tabiiyki, bu bechora toifa adabiyot tarixida izsiz yoʻqoladi.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida his-tuygʻu, ruhiyat, fikr, ramz shoirning ulkan umuminsoniy dardi vositasida, ulkan bir estetik ideal doirasida original adabiy voqelikka aylanadi.

Qurʼoni Karimning “Shuaro” surasida shoirlarning oʻzlari qilmaydigan narsalarini gapiradigan, soʻz vodiylarida adashib yuradigan imonsiz bir toifasi haqida soʻz boradi. “Illo” istisnosidan keyin esa soʻzlari amallariga muvofiq keladigan shoirlarning ham borligi, ularning haq yoʻldan ozmagani toʻgʻrisida fikr keladi. Haqiqat yoʻlida, haq soʻzida sobitlik, soʻzi, qalami bilan adolat, haqiqat uchun kurashish, insonlarni ezgulikka chorlash Shavkat Rahmon sheʼrlari tabiatiga xos xususiyat.

Shu bois bu shoirning lirik qahramoni oʻziga ravo koʻrgan narsasini doʻstiga ilinadi, oʻz baxtiyorligini ovoza qilishga shoshilmaydi, avval boshqalarning baxtli kunlarini koʻrishni xohlaydi. Lirik qahramoni tuhmatga uchragan doʻstiga qalqon boʻlishni oʻziga farz deb biladi, oʻlimning koʻziga tik qaraydi. “Doʻstim-la yonma-yon turib oʻlardim, ehtimol, oʻlardim undan oldinroq…”, degan gapiga sizni soʻzsiz ishontiradi.

“Avtobusdagi oʻylar” sheʼrida “turkona hovlilar”ning odamlari holiga nazar tashlab, eshiklari oldida teraklaridan koʻra majnuntollarning koʻpligiga eʼtibor qaratadi. Va shoir shu ikki daraxt savlatiga ham poetik maʼno yuklaydi. Siniq iljaygan, koʻngli kemtik odamlarni “sabr daraxti”ga, saksovulga, “erga botib ketgan bahodirlar”ga oʻxshatadi. Shu tarzda u odamlar ichidan “butun bir odamni” izlaydi, ammo qarashlari kalta “odamning zarralari”ga duch keladi. “Elning yuki” – muhim gap. Uni kim koʻtarajak? Shoir – qalbi uygʻoq odam. Shu bois u: “birgina Turkiston degan soʻz uchun shoir yuragimni yulib berardim”, deydi. Koʻngil koʻzi ochiq odamlar elning dardi bilan bezovta boʻladi. Shoirning koʻz oldida namoyon boʻlgan hol esa ayanchli:

 

“Bolalar, kampirlar,

chollar mudraydi,

mehnatkash qoʻllari yoziqligicha,

bu dono yigitlar,

bu dono qizlar

uxlaydi koʻzlari ochiqligicha”.

 

Shavkat Rahmon odamlarni “koʻngilning koʻzi-la” olamni koʻrishga, “jaholat makridan” aldanib qolmaslikka chorlaydi. Bu shoir rost soʻzlaydi. Shuning uchun ravon yozadi. Uning lirik qahramoni “ruh hurligi haqida” oʻylaydi va: “Dilimning dilidan chiqqan” soʻzini tiliga koʻchirganini eʼtirof etadi.

Koʻp kulish, koʻp gapirish dilni oʻldiradi. Kamgaplik, shodon kunlarda miyigʻida kulib, ogʻriqlarni eslab qoʻyish bu shoirga xos. Uning tashqi koʻrinishi shunday. Ichkari esa “isyonlarga, gʻazab, nafratga, ogʻriqlarga toʻla…”. Bu sheʼrlarni toʻy yoki bayramlarda qoʻshiq qilib aytib boʻlmaydi. Negaki bir xonadonda “chaqmoq koʻzli bolalar” oʻrnida qullar oʻsib ulgʻaysa, daholar oʻrnida “muttaham, oʻgʻrilar” unsa, goʻzal tuygʻular chirigan, orzu-xayollar irigan boʻlsa – bunday muhitni surur tark etadi. Biroq shoirning lirik qahramoni ham qoʻshiq aytishi mumkin. Uning qoʻshigʻi “surgunu qamoqni”, “oʻlimni nazarga ilmasdan” aytiladigan, “soʻzlari tamoqni kuydiradigan” qoʻshiqdir. Bu qoʻshiqning nomi – “Ozodlik qoʻshigʻi”. “Ozodlik qoʻshigʻi”ni yurak devoriga muhrlangan insonning ruhi ozod, fikri hur, tili burro boʻladi. Oʻlimni ham koʻzga ilmaydi baʼzan. Ozod va erkni qoʻmsagan inson “istibdodning tugʻlari” qulashiga, “temir parda”ning surilishiga, “yovuz shaytanat”ning barham topishiga ishonadi. Shu ishonch va imonga tayangan shoir beixtiyor:

 

“…Porlar toshga doʻngan soʻzlarim,

porlar mangu odamiy ruhim,

porlar Haqqa tashna koʻzlarim,

xudo bergan mangu anduhim,

yorugʻ anduhim…”,

 

deb yozadi. Uning armon-anduhlari mangu, ammo yorugʻ. Boshqa bir sheʼrida: “men – yuragi lang ochiq shoir – doim kezib yurguvchi faryod”, deydi. “Anduh”, “dard”, “kulfat”, “gʻam” va “faryod” kabi soʻzlar sheʼr matnida oʻziga xos badiiy qiymat kasb etadi.

Shavkat Rahmon sheʼriyati “tagida qudratli daryolar” bor ummonga oʻxshaydi. Shu bois bu sheʼrlar odamni oʻylantiradi. Ular zamirida qatma-qat maʼnolar mujassam. Insonga oʻzligini eslatadi. Oʻz vatanida bevatan yurganlarga vatan fanidan dars beradi. Vosvos, vaysaqi soʻzamollarga, soʻzfurushlarga soʻz qadri, qudratini oʻrgatishga chogʻlanadi. Koʻngli oʻksigan, qulday mahzun kimsaning diliga “Vatan Xalq Jasorat Kurash Ozodlik” urugʻini sochadi.

Shavkat Rahmon yozganlarini koʻngilni lirik yoʻsinda koʻtarish yoki jismoniy toliqqanda dam olish uchun oʻqish qiyin. Uning jasoratli sheʼrlari ruhiyatga qanot bagʻishlaydi, qalbga quvvat beradi. Shuning uchun u: “shoirlik jasorat soʻzining tarjimasidir”, deb yozadi.

Shavkat Rahmon sheʼrlarini oʻqish jarayonida ijodkor adabiyot xazinasini boyitishi yoki oʻz millati qalbidan chuqur oʻrin olishi uchun koʻplab – qator jildlab asarlar yozishi shartmas degan xulosa keladi odam. Boqiy sheʼriyat ruhning erkin parvozidir; toʻgʻri toʻrtburchak shakl ichiga joylangan har qanday matn sheʼr boʻlavermaydi degan xulosalar chiqaradi.

Ijodkor koʻpincha oʻz estetik idealini, badiiy gʻoyasini tabiatdan olingan ramzlar vositasida ifoda qiladi. Har bir shoirning poetik olamini koʻrsatadigan betakror obrazlari boʻladi. Deylik, “Binafsha senmisan, binafsha senmi” deganda Choʻlpon esga keladi. “Naʼmatak” Oybekdan darak beradi. “Oʻrik gullaganda” Hamid Olimjonga taʼbir, “Majnuntol tagiga oʻtqazing meni” – Mirtemirning shoh satri. Bunday obrazlar gohida shoir dunyosining belgilovchi xususiyatidek taassurot qoldiradi. Shavkat Rahmon sheʼrlarida “togʻ” obrazi koʻp uchraydi. Shoirning “Uygʻoq togʻlar” degan toʻplami, “Yosh togʻlar”, “Sulaymon togʻi etagidagi oʻylarim” nomli sheʼrlari bor.

Uning sheʼrlarida “togʻlarning musaffo qori” koʻzga tashlanadi, uning sheʼrlarida togʻlar soʻzlaydi; “togʻlar – abadiy choʻkkan nortuyalar”ga oʻxshatiladi, shoir togʻlarning guldirosini eshitadi va hatto, togʻlarning “koʻzini topadi”. “Xoʻrsiniq” sheʼrida yozadi:

 

“Togʻ xoʻrsinib yubordi ogʻir –

vodiylarga yugurdi shamol,

yuzlarini yashirdi hilol.

 

Togʻ xoʻrsinib yubordi ogʻir.

teran xobdan uygʻondi yurak,

togʻlar kabi xoʻrsinmoq kerak”.

 

Shoir sheʼrlarida shu zaylda “togʻ xoʻrsinib” yuboradi. Eng oxirgi sheʼrlarining birida shoir:

 

“Nodirajon, Shoirajon,

tanam qimir etmaydi,

olis – olis vohalardan

togʻlarimni chaqiring…,

 

“…boring, qorli togʻlarga:

bir shoir yotibdi deng,

Xudoning hovlisida…

Osmon toʻla havolar

faqat menga yetmaydi…”,

 

deb yozadi.

Shoir shu tarzda togʻ bilan tillashadi, uxlab yotgan togʻlarning uygʻonishini xohlaydi.

Shavkat Rahmon ijodidagi bu estetik hodisaning oʻz ruhiy-psixologik asosi mavjud. Nazarimda, shoir esini taniganidanoq toqqa nazari tushgan, togʻ bilan yurgan, togʻ bilan nafas olgan… Shu ruhiy asos uning sheʼrlariga koʻchib, badiiy libos kiygan va jonli togʻlar obrazi tugʻilgan. Ogʻir kasallikka chalingan kunlarida ham u “togʻlarga koʻchib ketish”ni istab yotadi. “Zilol suvlar jildirab oqayotgan, musaffo havosi rohat bagʻishlaydigan togʻlarda oʻtov tikib yashashni orzu qiladi” 1.

Shu oʻrinda bir rivoyatga murojaat etamiz. Hakimlar aytishadi: “Mustaqim (toʻgʻri yoʻlda yurgan) kishi toqqa oʻxshaydi. Togʻda toʻrt alomat bor: u issiqda erimaydi; sovuqda muzlamaydi; shamolda qimirlamaydi; sel oqizib ketmaydi”.

Bu rivoyatni, togʻ va inson qiyosini istagancha sharhlash mumkin. Deylik, mastaqim odam maqtovlardan taltayib ketmaydi. Oʻzini biladi. Nojoiz lafzlarga sukut bilan javob beradi. Nafsiga qul boʻlib, uning shamollariga uchmaydi…

Shu maʼnoda Shavkat Rahmon minglab shoirlar ichida yolgʻiz qolgan taqdirida ham oʻz soʻzidan, oʻz imonidan yuz oʻgirmaydigan qalbi butun togʻ-shoirdir. Chunki u ermakka yoki “injiq qalbning kundalik nafsiga dam bermak” uchun sheʼr yozgan emas.

Shoir ayrim sheʼrlarida insonning botiniga nazar soladi, ichkarini mastahkamlashdan soʻz ochadi:

 

“Lahzada titroqqa aylanib tursang,

Demakki, ichingda bitta xoin bor.

Oʻldir,

ichingdagi xoinni oʻldir,

volida koʻziga boqishdan avval,

maʼshuqa qoʻynida yotishdan avval,

zulmat ummoniga botishdan avval,

Yoʻldir bu,

nafsning botqogʻi emas,

qilichning damiday chaqnagan yoʻldir.

Bu yoʻlga yuzingni burishdan avval,

oʻldir, ichingdagi xoinni oʻldir”.

 

Shavkat Rahmon “qilichning damiday chaqnagan” xavfli va xayrli yoʻldan yurgan ijodkor. Soʻzning qadrini, saralangan, saylangan soʻzlarning qiymatini juda yaxshi bilgan. Shu bois shoir bir sheʼrida: “Demak, oʻlmas bu dunyoda hech, Xudo bergan ezgu soʻzlarim”, deydi. “Qasam” sheʼrida esa: “Har bir soʻz yetajak yuzta umrimga, har biri baxsh etar ruhimga shodlik”, deb boqiy soʻzga ishonchini yozadi. Chunki shoirning soʻzlari bamisli “eshilgan poʻlatday” daryo soʻz, “chaqilmas toshlarday” togʻ soʻz. Oddiy soʻz emas, qayralgan soʻz.

 

“Soʻzlarni qayraylik,

tagʻin qayraylik,

tokim keskir boʻlsin bamisli olmos.

Oʻtkir soʻz qolmasa shoirlaridan,

oʻtkir soʻz qolmasa…

hech narsa qolmas”.

 

Shavkat Rahmon qisqa umr koʻrdi. Ammo undan “oʻzbekning qorakoʻz bolalariga” olmosday keskir, togʻdek mustahkam, har biri yuzta umriga yetadigan ezgu, boqiy va oʻtkir soʻz qoldi.

 

 Bahodir Karim. 


1 Bu haqda qarang: Shavkat Rahmon. Saylanma. R.Qoʻchqor va N.Boqiy qalamiga mansub “Gul qahri” nomli soʻngsoʻz.

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shoirning-otkir-sozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x