Post Views:
247
SAIDAZIZOV Saidrasul (1866–1933.3.2) – ma’rifatparvar, shoir, tarjimon. Toshkentda tug‘ilgan. Madrasa va rus-tuzem maktabini tugatgan (1900). Madrasada mudarrislik qilgan, rus-tuzem maktabi, o‘qituvchilar seminariyasida «sharqiya muallimi» bo‘lib ishlagan (1900 yildan). O‘zbek, tojik va arab tillarida ijod qilgan. G‘azal, fard, ruboiy, ta’rix va boshqa janrlardagi she’rlar, publitsistik maqolalar, «Ustodi avval» darsligi (1902) muallifi. G‘azallari ishqiy mavzuda, boshqa she’rlarida ilm-ma’rifatli bo‘lish, odob, axloqlilik ulug‘langan. Toshkentda yangi usuldagi mahalliy maktablar ochgan, ularni rus-tuzem maktablaridagi ta’lim-tarbiya metodikasi asosida ishlangan dastur va darsliklar bilan ta’minlagan, o‘qituvchilik ham qilgan. Tovush usuli (Usuli savtiya)dagi «Ustodi avval» darsligi 17 marta nashr etilgan. I.A.Krilov («Tulki bilan uzum», «Zuluk bilan ilon» va b.), L.N.Tolstoy («Qishloqi birla bolasi», «Fatonat» va b.) asarlarini o‘zbek tiliga ilk bor she’riy tarjima qilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/shoirlar-saidrasul-saidazizov-2/