Shoir koʻngli manzaralari

Poetik obrazlar biror adabiy muhit doirasida shakllanib, mukammallik kasb etadi va maʼlum vaqt oraligʻida anʼanaga aylanadi. Jamiyatdagi insonlar tafakkurining oʻzgarishi bilan poetik obrazlarda ham yangilanish sodir boʻladi. Buni istiqlol davri sheʼriyati misolida kuzatish mumkin.

Oʻtgan asrning soʻnggi yillari shoirlar ijodida poetik obrazlar sof dunyoviy, milliy, ijtimoiy asosga qurila boshladi. Shu bilan birga klassik adabiyot taʼsirida hali poetik obrazlarda evrilish yuz berdi. Bu jarayon shoir Aʼzam Oʻktam ijodida, xususan, uning “Ziyorat” toʻplamida koʻrinadi. Anʼanaviy poetik obrazlar “oshiq” va “maʼshuqa”, “raqib” va “doʻst” shoir poeziyasida yangicha talqin qilindi. Bu oʻzgarish mumtoz sheʼriyat taʼsirida, qolaversa, shoir eʼtiqodi bilan bogʻliq holda roʻy berdi.

XX asrga kelib, aksariyat ijodkorlarda, jumladan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Fozil Zohid ijodida bu timsol yangicha talqin qilindi. Ularda shaytonning sharridan himoyalanish motivi ustuvor boʻlsa, A. Oʻktam badiiy tafakkuriga kelib shayton timsoli mazmunan oʻzgardi. Bunday talqin shoirning “Ostonada” sheʼrida koʻrinadi.

 

Shayton qancha bermasin pishang,

Boʻsagʻadan hatlamas axir –

Poyimdagi u kumush kishan,

Boʻynimdagi bu tilla zanjir.

 

Yaʼni “kumush kishan” va “tilla zanjir” iboralari orqali shoir “raqib” obrazini ifodalovchi “shayton” timsolini “nafs” bilan almashtirdi.

Shoir murojaat etgan poetik timsollardan yana biri it, unga lirik qahramon qalb kechinmalari singdirilgan. Shoir tasavvuridagi qismatni falsafiy aks etishida it timsoli ham muhim. A. Oʻktamgacha it Alisher Navoiyda yorga yetishish uchun vosita, Ogahiyda baxillik, tegmaganga tegish, koʻra olmaslik sifatida ifodalangan.

 

Taraqlardi darvoza tinmay,

Baqirardi bir toʻda odam.

Chiqsam yotar bir it oʻlolmay,

Qop-qora qon eshik ham, yer ham.

 

Shoir A. Oʻktam ushbu “Ijara uydagi hodisa” sheʼrida itga xos yaxshi va yomon jihatlarni kishilarga, ayniqsa, yoʻlini yoʻqotgan darbadar holatiga koʻchirib, falsafiy xulosalar chiqaradi:

 

Bir ezildim tiyolmay yoshni,

Bir sogʻindim tugʻilgan yurtni.

 

Shoir itning holiga achinish bilan qalbi shu itdek sarson ekanini anglaydi. Aytish mumkinki, shoir bu timsol orqali anʼanaviy obraz “oshiq”ni tasvirlaydi, “oshiq” esa shoirning oʻzi.

Shoir ijodida “maʼshuqa” obrazi ham oʻziga xos tasvirlangan.

 

Kel, desang – chopib soʻngaklarni

Shaqillatgim kelur.

 

Sheʼr mazmunidan bilish mumkinki, lirik qahramon ruhiyatida fanoga intilish yetakchilik qiladi.

 

Bormaydi til soʻz deyarga,

Urmakkada bormas qoʻlim.

Eshigingni kiprigim birla,

Taqillatgim kelur.

 

Bu oʻrinda oʻlim azoblardan forigʻ boʻlish vositasi emas, maʼshuqaga yetishish uchun “oshiq”ning yagona yoʻli.

Yoki:

 

Berganing basdir qulingga,

Dogʻu soʻraymanmu, Egam?

 

Misralarida “qul”ga aylangan oshiq “Egam”dan yana soʻrashga istihola qiladi. Yaʼni qanoat va sabrni qismati etib belgilaydi.

Badiiy adabiyot taraqqiyotida bizga yana bir poetik obraz maʼlum. U raqibga qaram-qarshi aspektda oshiqni qoʻllab, maʼshuqaga eltishda koʻmaklashuvchi “doʻst”dir. Uning eng koʻp qoʻllanilgan varianti “koʻngli” boʻlib, uni har bir ijodkor oʻzicha talqin qilgan. Shuning uchun ham bu obrazni tahlil qilgan olimlar “koʻngil” soʻzi shaklan oʻzgarmasa-da, matnda oʻz mohiyatini oʻzgartira borganini taʼkidlashadi. Masalan, Lutfiyda koʻngil hukm etuvchi, oshiq hayotini boshqaruvchisi, hayot sirlarini ochuvchi deb qaralgan. Albatta koʻngil degan soʻzni tilga olish yoki koʻngil hayotiga tegishli fikrlardan sheʼr yaratishning ijtimoiy anʼanalar – erk, hurlik bilan bogʻliq koʻrinishi Choʻlpon sheʼriyatiga xos. A. Oʻktam poeziyasida “koʻngil” mutlaqo boshqacha mazmunda keladi.

 

Koʻngil, sendan rizodirman,

Birubor ul desang basdur.

Senga izmimni berganman,

Joʻshib mayli, jinoyat qil.

 

Shoir yorga yetishishda butun ixtiyorini koʻngilga topshiradi.

Anglayolmassan – koʻngilni, deydi shoir. Chindan ham koʻngil yorga yetishish vositasi, oshiqning yoʻlboshchisi ekan, hamisha ochilmas haqiqat boʻlib qolaveradi.

 

Tongdan shom – ish vaqti

Ellik soʻm – maosh.

Har qalb tirikchilik deya oʻrtanar.

 

Bu oʻrinda shoir koʻngilning “qalb” sinonimiga murojaat etgan. Tirikchilik domida qolgan qalb timsoli orqali mohiyatdan uzilib, maydalashayotgan insonlardan zada holda, “Qalbimga uqtirar aql oʻz soʻzin”, deya “doʻst” obrazining yana bir shakli sifatida “aql”ga ham murojaat qilgan. Doʻstning “eʼtiqod”, “tavba”, “toat” shakllaridan ham foydalangan.

Koʻrinadiki, “oshiq” obrazi orqali “banda”, “maʼshuqa” orqali “Olloh”, “raqib”da “nafs”, “doʻst” deya “eʼtiqod” birlamchi qoʻyilib, bu obrazlarning yangi shaklda zamonaviy sheʼriyat nuqtai nazaridan talqin qilinishi, birinchi navbatda jamiyat, millat tafakkuri, qolaversa, A. Oʻktam dunyoqarashi va estetik ideali yangilanganini koʻrsatadi.

 

Xurshida NISHONOVA,

OʻzMU talabasi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 10-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shoir-kongli-manzaralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x