Shohrux Mirzo (1377-1447)

Shohrux Mirzo Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli boʻlib, 1377 yil 20 avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan maʼlumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tagʻoy Turkon ogʻo Sohibqironning xos kanizaklaridan boʻlib, Amir Temur keyinchalik uni oʻz nikohiga kiritgan. Shunday boʻlsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.

Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida boʻlib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397 yilda unga Xuroson, Seiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405 yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi.

Fasih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Hirotning nufuzli xoʻjazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan.

Amir Temur vafotidan soʻng Shohrux Mirzo taxtga daʼvogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407 yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali oʻlimidan soʻng yakka oʻzi kurashni davom ettirib, 1409 yili Xalil Sulton ustidan qoʻli baland kelib, taxtni qoʻlga kirittach, Movarounnahrni toʻngʻich oʻgʻli Ulugʻbek Mirzoga, Balxni ikkinchi oʻgʻli Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning oʻgʻli Muhammad Jahongir Mirzoga, Fargʻonani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning oʻgʻli Ahmad Mirzoga inʼom qilib, oʻzi Hirotga qaytib ketadi.

Shohrux Mirzo asta-sekin oʻz akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshohlarning avlodini har xil yoʻllar bilan oʻziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afgʻonistondan iborat katta bir davlat jilovini oʻz qoʻliga kiritib, Hirotni oʻzining poytaxti deb eʼlon qiladi va “ulugʻ xoqon” sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.

Shohrux Mirzo koʻp vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda oʻktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim faol ishtirok ettan.

Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda goʻshanishinlarga iltifotlar koʻrsatib, Hirotning Jome masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga oʻqirdi. Juma namozlarining birida (1427 yil 21 fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad oʻsha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan soʻng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi.

Shohrux Mirzo umrining oxirigacha oʻz oʻrniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi.

1446 yili Shohrux Mirzo oʻz nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh koʻtarib, Hamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qoʻshini gʻarbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini boʻshatib, toqqa qochgan edi. Qoʻzgʻolon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar.

Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447 yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi.

Xuroson Shohrux Mirzo davrida siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlandi, koʻplab xayrli ishlar amalga oshirildi. Masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, rabotlar, sardobalar, qishloq va qoʻrgʻonlar qurilib, mazkur qurilishlar vaqf mulklari bilan taʼminlandi. Shohrux Mirzoning moʻtadil ichki va tashqi siyosati Xurosonda tinchlikning barqaror boʻlishiga olib keldi. Bu davrda tijorat, hunarmandchilik, dehqonchilik yuqori darajaga koʻtarila boshladi. Ayniqsa, hunarmandchilik, toʻqimachilik, meʼmorchilik, oʻymakorlik, xattotlik, muqovasozlik hamda qogʻoz ishlab chiqarishga katta eʼtibor berildi. Shuningdek, metallni qayta ishlash, qurilish asbob-uskunalarini tayyorlash, kulolchilik sanʼati oʻsdi. Bulardan tashqari zargarlik, kashtadoʻzlik, kandakorlik, shohi va boshqa xil matolar toʻqib chiqarishga eʼtibor kuchaydi. Jumladan mahalliy va xorijdan olib kelingan xomashyolardan banoras, atlas kabi matolar ishlab chiqarila boshlandi. Shu kasbning mohir ustalari yetishib chiqdi. XIV – XV asrlarda Xurosonda kulolchilik sanʼati sopol buyumlar bilan bir qatorda suv inshootlarida, ulkan binolar qurilishida ishlatiladigan sopol quvurlar, xilma-xil shakl va ranglar bilan jilolangan sopol koshinlar ishlab chiqarish keng yoʻlga qoʻyildi.

Shohrux Mirzo mamlakat istiqbolini koʻzlab Xitoy va Hindiston hukmdorlari bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Mazkur mamlakat elchilari Samarqand va Hirotda, oʻz navbatida Gʻiyosiddin Naqqosh rahbarligida Xitoyda, Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligidagi elchilar Hindistonda boʻldilar. Shohrux Mirzo Hirot shahar qalʼasining janub tomonida (1410–1411) madrasa va xonaqoh bino qildirdi. Bu paytda poytaxt Hirot va umuman Xurosonda madaniy va maishiy qurilishlar keng quloch yozadi.

Hirotda bir necha shifoxonalar mavjud boʻlib, bularning qatorida yana ikkita “Dorushshifo” quriladi. Bu shifoxonalarning bittasi Shohruxning uchinchi xotini Mulkat ogʻo (Mulk ogʻo) tarafidan, ikkinchisi esa Shohruxning nabirasi Alouddavla (1417–1460) tomonidan qurdirilgan zdi. Mulkat ogʻo ham Gavharshod begim kabi Hirotda “Dorulhadis” nomli xonaqoh, ikkita hammom, Hirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yoʻl ustida bitta rabot, Balx shahrida bir madrasa qurdirdi.

Shohrux davrida Hirotda qurilgan eng katta yodgorliklardan biri malika Gavharshod begim tarafidan qurdirilgan ulkan madrasa va mazkur madrasa yonida qad koʻtargan xonaqohdir. Bu binolar 1417 yilda boshlanib, 1437 yilda qurib bitkazilgan. Mazkur madrasa va xonaqoh hozirgi kungacha yetib kelgan boʻlib, xonaqohga uning ayrim oʻgʻillari, Gavharshod begim va boshqa Temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilgan. Shohrux Mirzo saroyida xizmat qiluvchi amal dorlar, beklar, sarkardalar oʻz nomlarini abadiylashtirish maqsadida bir qator madaniy va maishiy binolar qurdirishgan. Chunonchi, Hirotning Xiyobon mavzeida Qurbon Shayx, Feruzshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Koʻkaddosh madrasalari qad rostlagan edi. Bu madrasalarda diniy bilimlar bilan bir qatorda tilshunoslik, adabiyot, tarix, jugʻrofiya, handasa, riyoziyot, falakiyot kabi ilmlar oʻqitilardi. Bulardan tashqari, falsafa, mantiq va musiqa ilmi ham ancha rivojlangan edi.

Hirot qadim zamonlardan turli-tuman diniy va ilmiy kitoblarga boy shaharlardan hisoblangan. Shohrux Mirzoning oʻzi ham kitobga oʻch kishi boʻlib, oʻzining boy shaxsiy qutubxonasi, oʻgʻli Boysungʻur Mirzoning ham ajoyib kutubxonasi boʻlgan. Bu kutubxonalar qimmatli asarlarga boyligi va xilma-xilligi bilan shuhrat qozongan.

Umuman sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin Movarounnahr va Xurosoda Shohrux Mirzoning hukmronlik davrida nisbatan osoyishtalik hukm surdi. Binobarin, Amir Temur boshlab bergan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot oʻz rivojini topdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/shohrux-mirzo-1377-1447/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x