Olis tumandagi birodarimiz vafot etdi. Institutda ishlovchi kursdosh doʻstim Davron borib kelishga beminnat mashina topganini, meni ertalab uydan olib ketishini aytdi.
Tongda “Lasetti”da Qoʻshrabotga joʻnadik. Mashina uniqqan boʻlsa-da, tozalab yuvilgan, hatto atir ham sepilgan, orqa oʻrindiqdagi sandiqchasida gazsiz suv va yelim stakanlar qoʻyilgan.
– Isomiddin shogirdim, – deya izoh berdi domla, – farosatli yigit. Mashinani ham zoʻr boshqaradi. Borib kelganingizni bilmay qolasiz, joʻra.
– Ustoz, uyaltirmang, Sizdek insonlarga xizmat qilishni har bir kishi istaydi. Qolaversa, yoshlarning burchi bu.
Ensam qotayotganini sezdi, shekilli, haydovchi mashina magnitofoniga almoyi-jalmoyi estrada qoʻshigʻi oʻrniga maqomlar yozilgan diskni qoʻydi.
– Ertalab estradadan koʻra koʻhna navolar yaxshi-da, ustoz, – dedi u. – Sokin, maʼnili, kishiga huzur beradi.
Koʻnglimdan haqiqatan ham aqlli yigit ekan, degan oʻy oʻtdi. Isomiddin toʻgʻri aytgan ekan. Kechasi uyqusi chala boʻlganmi, bilmadim, domla doʻstim birinchi ashula oxiriga yetmay pinakka ketdi. Men esa mashinada sira uxlay olmayman. Shu sababli Isomiddin bilan suhbatlashib bordik. U asli Oqdaryodan ekan. Institut paxta yigʻim-terimiga hasharga kelganda Davron domla bilan tanishib, ogʻayni boʻlib qolgan, otasining sovgʻasi hisobiga oʻqishga kirishda uni qoʻllab yuborgan. Men yigitning Davronning kafedrasida ishlashini taxmin qilib, gapni oʻqituvchilarning bir-biriga munosabatidan boshladim.
– Baʼzi hamkasblaringizning harakatlariga besh ketmayapman-da, uka.
– Qaysi hamkasblarimni aytayapsiz, aka?
– Kimni boʻlardi, domlalarni-da.
– Tinchlikmi oʻzi, birortasi xafa qildimi?
– Xafa qilgani-ku yoʻq, ammo bitta tanishimga bir domla jiyanimga past baho qoʻygani, uning komissiyaga imtihon topshiraman, degan harakatiga qarshilik koʻrsatayotganini aytdim, domlaga bunday qilmasligini maslahat berishini soʻradim. U esa “Men bu ishga aralashmayman, juda tarafkash domla”, dedi. Nohaqlikka shu qadar koʻnikib ketishganmi-a?
– Domlalar oʻzi uch toifaga boʻlinadi, – dedi suhbatdoshim. – Bilimi zoʻr, lekin oʻjarlari bor, darsini yaxshi oʻtsa ham koʻngliga sal yoqmaganiga baho qoʻymaydi yoki past baho qoʻyadi, darsda arzimagan kamchiligiga piching, kinoya qilaveradi. Ikkinchi toifasi “katta”larning iltimosini yaxshi koʻradi. Uchinchi toifasi chatoq. Tarafkashlar ular, bir-birining “odam”ini yiqitish, qiynash bilan ovora. Oʻrtada boyaqish talaba azob chekadi.
– Talabalarning ichida ham berilib oʻqiydiganlari kamayib ketayapti-da, uka, – luqma tashladim.
– E, nimasini aytasiz, aka. Kontrakt toʻlaydiganlarning koʻpchiligi pul topish uchun ishlaydi. Boshqalari ham mashgʻulotni zerikarli oʻtadiganlarning darsiga kirmaslikka bahona qidiradi. Keyin menga oʻxshagan “tanka” qidirishadi.
– “Tanka”lik ham qilaman, deng…
– Hojatbarorlik deng, aka. Savob ish bu.
– Yoʻgʻ-yey.
– Ha-ha. Ayrim domlalarni gapga olish oson emas. Ahvolni tushunadigani bor, tushunmaydigani bor. Axir, chaqalogʻi bor, ota-onasi kasal bolalar oʻqishdan haydalib ketsa yaxshimi? Ayrim domlalar imtihonining bahosi belgilangan. Ular bilan ishlash oson. Bir hafta oldin talabalar ixtiyoriy pul toʻplab berishadi, men esa “zachyotka”larga baho qoʻydiraman.
Suhbat qizigan sari yuragimga ogʻriq kira boshladi. Qaysidir asarda oʻqiganman bunday voqealarni, yo kinoda koʻrganmanmi, ishqilib juda tanish-da. Bir tomondan jahlim chiqib, tomogʻimga bir narsa tiqilib kelayapti, ikkinchi tomondan esa, undan koʻproq axborot olish qitmirligi tinchlik bermaydi. Bolasi tushmagur xizmatga chaqqon ekan. Fotihadan qaytishda yoʻl chetidagi bir oshxonaga yetganda toʻxtatdi. Chiroyli dasturxon uyushtirdi. Davron domla bilan bola-chaqadan gaplashgan boʻldik. Keyin yana yoʻlga chiqdik. Isomiddin kechqurun uyimgacha keltirib qoʻydi.
– Rahmat uka, safarimiz juda yaxshi oʻtdi.
– Sogʻ boʻling aka, hurmatingiz bor. Mabodo biror joyga bormoqchi boʻlsangiz, bemalol telefon qilavering, xizmatdaman.
– Yoʻgʻ-yey, sizni ishdan qoldirmayin.
– Aka, men ishlamayman. Hali uchinchi kursda oʻqiyman. Mashinamda haftada ikki kun Toshkentga qatnayman. Domlalarni maʼraka, toʻylarga obboraman. Tak chto, tortinmang.
– Ie, siz hali talabamisiz, men Davronning kafedrasida dars bersangiz kerak, deb oʻylabman.
– Duo qiling, aka, oʻqishni bitiraylik, dars ham berarmiz.
Duo qilishni ham, qilmaslikni ham bilmay turganimni sezdi, shekilli, “Boʻpti, aka, omon boʻling”, dediyu mashinasini yurgizdi…
Farmon Toshev
https://saviya.uz/ijod/nasr/shogird/