SHISHASIMON HOLAT — suyuqliklar yoki suyuqlantirilgan eritmalarning sovitilganda qovushoqligi ortib borishi natijasida qattiq jismlar xossalarini namoyon qiladigan amorf holati. Moddalarning suyuq holatdan Shishasimon holatga oʻtishi qaytar jarayondir. Kimyoviy birikmalarning turli sinflariga mansub moddalar Shishasimon holatda boʻlishi mumkin. Shishasimon holat dagi jismlar shishalar yoki shishasimon moddalar deb ataladi. Qator anorganik moddalar Shishasimon holatda olingan (q. Shisha). Sh. h. dagi polimerlar: poliakrilatlar, polikarbonatlar, polistirol, metil akrilat bilan vinil xlorid asosida olingan sopolimerlar organik shishalarga mansub. Shishasimon holat tuzilishida uzoq tartibning yoʻkligi bilan kristall holatdan farq qiladi. Shishasimon holat dagi moddalar tuzilishida faqat yaqin tartib (alohida tartibli guruhlar) mavjud. Tartibsiz panjaradan iboratligi sababli shishasimon moddalar hajmi boʻyicha bir jinsli, izotrop, yaʼni ularning xossalari barcha yoʻnalishlarda oʻlchanganda bir xil boʻladi. Shishasimon holat — metastabil (muvozanatda boʻlmagan) holat, chunki u kristall holatdagiga nisbatan koʻproq ichki energiya zaxirasiga ega (kristallarda bu energiyaning bir qismi tartibli kristall panjara qurilishiga sarflanadi). Shishasimon holatda modda moʻrt, aksari hollarda shaffof boʻladi. Koʻpgina shishalar — dielektriklar, baʼzilari esa yarimoʻtkazgich xossalarini namoyon qiladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые