Shirin va achchiq yolgʻon

Rahimjon Mehribonlik uyining rahbari Dilorom Rasulovaning qabulidan xursand boʻlib chiqdi. Qarang, shuncha bolaning taqdiri uning qoʻliga topshirildi. Xayolida kiygan oppoq xalati shohona libosday tuyuldi. Endi bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kerak. Xayoliga Toshkent tibbiyot oliygohini bitirishda rahbari aytgan gaplari keldi: “Har bir bola bir dunyo, uning taqdiri sizga bogʻliq…”

Rahimjon tibbiy koʻrik boʻlimida bolalarni obdan kuzatib, ularning sogʻligʻini tekshirar ekan, koʻziga kelganda sirli narsaga duch kelganday boʻlardi. Koʻz degani bu chiqib turgan miya, ichki dunyo unda aks etadi. Nega bolalarning koʻzlari bunchalar maʼyus. Nima yetishmayapti ularga? Hamma narsa bor boʻlsa. Yegani oldida… Yotadigan joyi, oʻyin maydonchalari, choʻmilish havzalari, kiyim boshlardan… muammo yoʻq… Nega boʻlmasa ularning koʻzi…

Qabuliga kirgan bir qizaloq ayniqsa unga yoqdi. Biram aqlli, biram aqlli… Quvvai hofizasiga qarang! Hozirdan murabbiylardan eshitgan fikrlarni miyasiga joylabdi. Ertaga, albatta, undan ajoyib gʻalabalar kutsa boʻladi…

– Juda tezxotir ekansan, – erkalagisi keldi Rahimjon. – Sening soʻzlarni adashtirmay aytayotganing menga yoqyapti. Agar shunday ketaversang, kelajaging yaxshi boʻladi.

Rahimjon oʻziga mehr bilan qarab turgan koʻzlarning birdaniga maʼyuslanib qolganini sezdi-yu, kapalagi uchib ketdi. Uning nigohida aks etgan allaqanday ogʻriqqa oʻxshagan savoli gangitib qoʻydi.

– Amaki, meni ota-onam qachon olib ketarkan, uyimni rosa sogʻindim…

Rahimjon bu savol oldida lol qoldi. Bolaning jovdirab turgan koʻzlariga qarab aldash…

– Olib ketadi, ona qizim, albatta, olib ketadi…

U birinchi marta yolgʻon gapirishga majbur boʻlganidan xijolatda edi.

– Tarbiyachi opam ham shunday deydi, lekin meni olib ketmayapti-ku?!

Rahimjon bu holatning yuzaga kelishiga oʻzi sababchiday tuygʻulari oʻtmaslashib qoldi. Bolani aldab boʻlmasligini endi tushunganday boʻldi. Qilgʻiliqni birovlar qiladi, azobini boshqalar tortadi. Turli sabablarning oqibati tufayli mana shu Mehribonlik uyiga tushib qolgan norasidalarning hozirgi tuygʻularini “oʻsha”lar tasavvur qilolganida bunday boʻlmasdi. Bevafo ona devorning tagiga tashlab ketgan bolalarni oʻrab-chirmab olib, parvarishlab, mana shunday savollarga duchor oʻzi singari odamlar adolat oldida mustar boʻlib oʻtirmasdi…

Rahimjonning bu yerga ishga kelishdan ilgari oldiga qoʻygan maqsadlari katta edi. Irodasini, kuchini xalqining bolalari sogʻligʻini mustahkamlashga sarflab, evaziga rahmat olish edi. Endi boʻlsa, bitta bola oldida tuygʻulari yer bilan yakson boʻlib oʻtiribdi. Bolalarning koʻzida aks etgan mahzun tuygʻular unga taʼsir qilmasmikan? Oʻzicha bu yerda mehnat qilayotgan kishilarga oson emasligini tushunganday boʻldi.

…Xotini Oyzoda uni birinchi ish kuni bilan tabrikladi. Oʻzi yaxshi koʻradigan choyni damlab, oldiga qoʻyganida boyagi hislardan qutulolmagan edi. Yuragining chap tomonini oʻqtin-oʻqtin ushlab qoʻyar, rangi siniqqanini oynadan koʻrib turardi. Shu payt qizi Lola shitob bilan kirib keldi. Uning soʻzlari poyma-poy edi. U dadasi oʻtirgan stulning ostiga yashirindi. Keyin koʻngli toʻlmadi, shekilli, u joydan chiqdi.

– Dada, dugonam Manzura bilan yashinmachoq oʻynayapmiz, mening bu yerga kirganimni aytmang, maylimi…

Lola deraza pardasining orqasiga oʻtdi. Boyagi iztirobni unutganday boʻldi. Rahimjon voqealarning “rivoj”ini kuta boshladi.

Hayal oʻtmay, dugonasi Manzura ham boyagi qizi holatida kirib keldi. U Lolaning shu yerga kirgan-kirmaganini soʻradi.

– Yoʻq, bu yerga kirgani yoʻq, – qizining aytganini qildi. Lekin Manzura hamma xonalarni koʻrib chiqqan, dugonasi shu yerda ekaniga shubha qilmasdi.

U dugonasini parda ortidan topganidan keyin boʻldi qiyqiriq, boʻldi qiyqirik.

– Topdim, topdim, endi yashirinish mening navbatim…

Ikki dugona qoʻl ushlashib chiqib ketdi. Rahimjon ularning chaqnagan koʻzlarini koʻrib boyagi yolgʻon bilan hozirgi yolgʻon oʻrtasida osmon bilan yercha farq borligini sezdi.

Eh, Mehribonlik uyidagi yolgʻon…

 

Pardaboy TOJIBOYEV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/shirin-va-achchiq-yolgon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x