ShERALIXON

ShERALIXON, Sheralixon Hojibek oʻgʻli (taxm. 1797—1845) Qoʻqon xoni (1842—45). 1842 yil Buxoro amiri Nasrullo Qoʻqonni bosib olib Ibrohim Xayolni noib etib tayinlab ketadi. Uning zulmidan norozi boʻlgan qoʻqonliklar qoʻzgʻolon koʻtaradilar va xon avlodlaridan boʻlmish Sheralini Qoʻqon xoni deb eʼlon qiladilar. Sheralixon qoʻzgʻolonga rahbarlik qiladi. Qoʻzgʻolonchilar Qoʻqonga kiradilar va Buxoro qoʻshinini tormor keltiradilar. Ibrohim Xayol Buxoroga qochgan. Sh. Buxoro amiri Qoʻqonga yangi yurish uyushtirishi mumkinligini bilib, qabila va harbiy boshliqlar, aminlar, oqsoqollar va obroʻli, nufuzli arboblar kengashini chaqirib, unda shoshilinch ravishda miltiq, qilich, toʻsiqlar tayyorlashga qaror qilingan. Qoʻqon atrofida toʻsiq va qoʻrgʻonlar barpo qilishga kirishilgan, lekin qurilish nihoyasiga yetmay, Buxoro qoʻshini Qoʻqonga yaqinlashib shaharni qamal qiladi. Buxoro qoʻshinlari tevarakatrofdagi qishloqlarni vayron qiladi, lekin shaharni egallay olmaydi. Qoʻqon mudofaasida ayollar ham faol ishtirok etadilar. Nasrullo 40 kunlik qamaldan soʻng Buxoroga qaytib ketgan.

Sheralixon oʻgʻli Abdurahmonbekni amiri lashkar qilib tayinlab, uni Toshkentni zabt etish uchun yuboradi. Qoʻshinlar Sirdaryodan oʻtib, Quramaga kelganda Xoʻjand hokimi Xudoyorboy ahvolni aniqlab, amir Nasrulloga xoinlik qiladi va Sheralixonning oliy hokimiyatini tan oladi. Qoʻqon xoni unga Xoʻjand viloyati hokimligini tortiq qiladi. Qoʻqon va Toshkent qoʻshinlari oʻrtasidagi jangdan soʻng Toshkent va Dashti Qipchoq zabt etilib, qaytadan Qoʻqon xonligi tarkibiga kiritilgan.

Sheralixon davrida xonning soliq siyosatiga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib turgan. Sheralixonning mustaqil ravishda hokimiyatni boshqarishga intilishi qipchoqlar rahnamosi Musulmonkulning qarshiligiga uchraydi. Musulmonqul isyon koʻtarib, Isfara hokimi Sotiboldibekni xat bilan sobiq Qoʻqon xoni Olimxonning oʻgʻli Murodbekning oldiga yuboradi va uni Qoʻqon xonligining taxtini egallashga taklif etadi. Oʻshda qoʻzgʻolon boshlanganidan xabar topgan Shahrixonning hokimi, Musulmonqulning rejasini bilmagan holda, tezda qoʻshin toʻplab, Oʻsh qoʻzgʻolonini bostiradi. Ammo Musulmonqul oʻz rejasini bajarish uchun Oʻshga qoʻshin bilan borib, qoʻzgʻolonda ishtirok etganlarni beshafqat jazolab va qonga botirib, 5—10 ming kishini asirga oladi. Qoʻzgʻolon rahbari Mulla Yusuf ham qoʻlga olinib Oʻshda dorga osiladi.

Bu vaqtda esa Murodbek Qoʻqonga kelib, Sheralixon huzuriga kiradi. Sheralixon vaziyatni anglagan holda unga taxtni topshiradi. Musulmonqulning sodiq odamlari tunda Sheralixonni qatl etishadi.

Ad. Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Nabiyev R. N., Iz istorii Kokandskogo xanstva, T., 1973.

Haydarbek Bobobekov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x