Tarjimai hol
Shoir, tarjimon, falsafa, estetika va etika muammolariga bag’ishlangan qator maqolalar muallifi Abdulla Sherning to’plamlarini o’qir ekansiz shoirning oddiy, ammo beg’ubor tuyg’ulari, yoshlik orzulari samimiy ifodalanganligini, poetik fikrlari tobora quyuqlasha boshlaganligini, sezish mumkin. Abdulla Sherning o’z oldiga qo’ygan ijodiy vazifalaridan biri ham chuqur zamonaviy fikrchanlik, ayni zamonda zamondoshlarga xos hissiy boylik, she’riyatimizning an’anaviy musiqiy ravonligini yo’qotmasliqdir.
Shoir hayotning rangin lahzalarini tiyraklik bilan kuzatadi, o’ziga xos badiiy topilmalar vositasida muhim falsafiy fikrlarni o’rtaga qo’yadi. Undagi lirik qahramon goh o’z dardi, tashvishi, goho quvonchi bilan ham sizga yaqin bo’lib qoladi, siz uni suyib qolasiz, dardlashgingiz keladi.
Abdulla Sher 1943 yil 5 avgustda Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug’ildi. O’rta maktabni tugatgach, avval boshlang’ich maktab o’qituvchisi, so’ng tuman gazetasida adabiy xodim bo’lib ishladi.
1965-1970 yillarda hozirgi O’zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulьtetida o’qidi.
1969-1978 yillarda «Guliston» jurnalida adabiy xodim, bo’lim mudiri, mas’ul kotib, «O’zbekiston fizkulьturachisi» gazetasida muharrir o’rinbosari bo’lib ishladi.
1979-1981 yillarda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida ta’lim olib qaytgach, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, «Yoshlik» jurnalida mas’ul kotib, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi birinchi kotibining ijodiy ishlar bo’yicha muovini, uyushmaning Toshkent viloyat bo’limi mas’ul kotibi vazifalarida ishladi.
Abdulla Sherning dastlabki she’ri 1959 yili Chinoz tumani gazetasida bosilgan. Shundan buyon u «Ko’klam tabassumi» (1973), «Alyor» (1977), «Atirgul soyasi» (1979), «Roz» (1980), «Kuz hiloli» (1983), «Alьsh shipovnik» (1987), «Qadimgi kuy» (1987), «Nuqtadan so’ng» (1989), «Toqat» (1997) kabi o’ndan ortiq she’riy to’plamlarini nashr ettirdi.
Abdulla Sherning dastlabki «Ko’klam tabassumi» to’plamiga kirgan she’rlarida shoirning oddiy, ammo beg’ubor tuyg’ulari, yoshlik orzulari samimiy ifodalanganligini sezish qiyin emas. «Atirgul soyasi» to’plamida esa shoirning poetik fikrlari tobora quyuqlasha boshlagan. Asqad Muxtor qayd etganidek, Abdulla Sherning o’z oldiga qo’ygan ijodiy vazifalaridan biri ham chuqur zamonaviy fikrchanlik, ayni zamonda zamondoshlarga xos hissiy boylik, she’riyatimizning an’anaviy musiqiy ravonligini yo’qotmasliqdir.Shoirning «Nuqtadan so’ng» to’plamiga kirgan doston va she’rlari xuddi shu jihatdan e’tiborni tortadi. Endi shoir hayotning rangin lahzalarini tiyraklik bilan kuzatadi, o’ziga xos badiiy topilmalar vositasida muhim falsafiy fikrlarni o’rtaga qo’yadi. Undagi lirik qahramon goh o’z dardi, tashvishi, goho quvonchi bilan ham sizga yaqin bo’lib qoladi, siz uni suyib qolasiz, dardlashgingiz keladi.Shoir she’rlari o’zbek kitobxonigagina emas, balki qozoq, qirg’iz, ozarboyjon, turk, rus, bulg’or, qalmiq, qrimtatar kabi xalqlar kitobxoniga ham yaqin, chunki ular shoir she’rlarini o’z tillarida o’qishga muyassar bo’lishgan.
Abdulla Sher tarjima bilan ham muvaffaqiyatli shug’ullanib keladi. U Bayronning «Don Juan» she’riy romanini ingliz tilidan, H.Haynening «Olmoniya» dostoni va «Qo’shiqlar kitobi»ni olmon tilidan, Pushkin, Nekrasov, Anna Axmatova asarlarini rus tilidan o’zbekchaga o’girgan.
Abdulla Sher 1989 yildan buyon O’zbekiston Milliy (Toshkent Davlat) universiteti falsafa fakulteti etika va estetika kafedrasida muallimlik qiladi. U falsafa, estetika va etika muammolariga bag’ishlangan qator maqolalarning ham muallifidir.