Sheʼr – shoirning anglangan va anglanmagan tasavvurlaridan tarkib topgan tuygʻulardan yaraladi. Unda “borliq bilan yoʻqlik” chegarasi doim bir-biriga taʼsir oʻtkazib, biri-ikkinchisini marom bilan harakatlanishiga ragʻbat bagʻishlab turadi. Shu ikki sifat oʻrtasida muvozanat bilan fikr yuritayotgan ijodkor-shoir yirik va oʻziga xos tuygʻular yigʻindisini muayyan tartibga, yaxlitlik, butunlikka jamlay oladi. Sheʼr – mangu dard haqidagi soʻz. Shubhasiz, Erkin Vohidov ijodiyoti ana shunday teran mushohadalar toʻplamidan iboratdir. Fikr va tuygʻu nisbati ziddiyatda, harakatda, tadrijiyatda ekan, shoir poetik olami ham tobora tiniqlashib, kengayib, oʻziga xos va mos yoʻl tanlab boradi. Biz mana, oltmish yildirki, atoqli shoirimiz ijodidan bahra olishda davom etmoqdamiz.
Erkin Vohidovning serqirra va rang-barang ijodiy merosiga nigoh tashlasak, oʻtgan davr “aldamchi” gʻoyalariga kuchli tanqidiy marrada fikr yuritganini his qilamiz. Buning yorqin namunasi sifatida “Oʻzbegim” qasidasi ham misol boʻla oladi:
Ilmu sheʼrda gohu sulton
Lek taqdiriga qul,
Oʻz elida chekdi gʻurbat,
Zoru nolon oʻzbegim.
Maʼlumki, ijodkorning doimiy harakatdagi tafakkurida kurtak ochgan badiiy fikrning oʻziga xos halqasini tashkil qiluvchi muayyan obrazda estetik nigoh, lirik harorat mujassam. Shu bois ham unga real hayot bilan aynanlik maqomini berish mumkin emas.
“Illo badiiy haqiqat hayot haqiqati boʻlmay, ong va tuygʻu – ruhoniy nazar ifodasining uygʻunligidan hosil boʻluvchi goʻzallik sifatida matnga tayanib, ijodkor mikroolamiga kechinmadoshlik orqali poetik idrok etiladi”, deb yozadi taniqli adabiyotshunos olim Islom Yoqubov. Darhaqiqat, ijod olamining oʻziga xosligi poetik idrok mohiyatidan oziqlanadi. Toʻgʻrirogʻi, ijtimoiy-ruhiy, milliy va umuminsoniy jihatlar qamrovi sharoit taqozosi, ijodkorning ayni shu jihatlarga qay darajada yondashuvi bilan ham belgilanadi. Binobarin, sheʼriy tabdilda shakl, mazmun va uslub uygʻunligini taʼminlovchi asosiy omil dunyoqarashning nechogʻli yuksakligi va tafakkurning miqyoslariga borib ulanadi. Ayni paytda, poetik tushuncha tadriji ham ichki, ham tashqi mohiyatini butunlashtiradigan estetik mohiyatning oʻziga xos qirralari bilan raqobatga kirishadi. Har bir sheʼr voqeligi ijodkor kechinmalaridan vujudga keladi. Bu esa umummillat kayfiyatini ifoda qilayotgandek taassurot uygʻotadi:
U baxsh etgan otashda yondim,
Oʻzi boʻldi menga rahnamo,
Unga, faqat unga ishondim,
Yurak meni aldamas aslo!
Aql va yurak amri ziddiyatini qarama-qarshi qoʻygan ushbu satrlarda shoir real hayot manzaralariga nazar tashlaydi. Bunda shoir hodisotni poetik kashf etish bilan cheklanib qolmaydi, balki ijodiy yondashuv hamda estetik baholash mezonlarini birlashtiradi. Bu munosabat tuygʻu shiddati uygʻunligini taʼminlash barobarida tasvir toʻlaqonliligini ham tasdiqlaydi.
Akademik B. Nazarov taʼkidlashicha: “Erkin Vohidov sheʼriyatining nainki mazmun, gʻoya va shakl teranligi, balki ohang, uslub, poetik oqim jihatidan ham nihoyatda rang-barang ekanini aytmasdan oʻtish mumkin emas. Nazarimda, hozirgacha biz Erkin Vohidov asarlarining, sheʼrlarining, asosan, matnidagina koʻrinib turgan mahoratni yoritishga, ochishga koʻproq eʼtibor berib keldik. E. Vohidovning qator, hatto, aksar sheʼrlari shunday xususiyatga, oʻziga xoslikka egaki, ularda ayrim asosiy fikr, gʻoya va maqsad asarning matnida, uning yuzida koʻrinib turgandan koʻra, koʻproq zamiriga, qatlamlariga yashiringan, gohida esa, hatto chirmab tashlangan boʻladi”. Darhaqiqat, 60 yillar avlodining poetik tafakkurida ancha yuksalish, sanʼatni inson qalbini tarjima qilish holati deb tushungan, millat erki va ozodligi mavzusi ularning oʻziga xos soʻqmoqlarini belgilashga zamin hozirlagan davr edi. Shu sababli E. Vohidov falsafiy-intellektual olami badiiy mahorat jihatidan ham rang-barang va “yirik tuygʻular”ni kuylay olganida qabarib koʻrinadi.
Sheʼr – ijodkorning ichki kechinmalarini, olamni qabul qilish va uni ifodalashdagi ayricha usulini belgilab beradi. Chunki ijodkor ana shu kichkina qalbi orqali, katta umumlashmalar yasay oladi. Xoh u Vatan haqida bitilgan boʻlsin, xoh u muhabbat, “qalbi buyurganini” qalamga oladi. Erkin Vohidovning samimiy, dilbar va jozibali satrlarida millatning pinhon iztiroblari, uning maʼnaviy-ruhiy manzarasi yakqol koʻzga tashlanib turadi. Chunki shoir kitobxonning, nainki kitobxon, balki shu yurtda yashovchi oddiy insonlarning qalb nidolarini sheʼrga aylantiradi. Bu oʻz navbatida millat qoʻshigʻiga, uning madhiyasiga aylanib ketadi. “Sen tomonga otilgan oʻq menga tegsin” satrlarining oʻziyoq fikrlarimizni tasdiqlab turibdi.
Sheʼr – ogʻriqlardan yaraladi. Toʻrt misra sheʼrga olam maʼno singdira olgan ijodkor chinakam salohiyat egasidir. Uning uchun shoir chinakam tuygʻularnigina, qalbning millat uchun eng zarur soʻzlarinigina sheʼrga aylantira olsagina maqsad hosil boʻlgʻusi. Erkin Vohidov “Toʻrt satr” sheʼrida ham shu kabi mazmun-mohiyatni koʻrsata oladi. “Kamtarlik haqida” deb nomlanuvchi sheʼrda ham chiroyli tashbeh qoʻllay olgan. Unda choynakning piyolaga egilishi – kamtarlik ramzidir.
Tuygʻu va kechinma munosabatlari mohiyati aslida oʻquvchini ham shaxsiyat, ham jamiyat tutumi ziddiyatlarini anglash va qayta baholashga oʻrgatadi. Ifodaning rang-barangligi estetik didni, qalb goʻzalligini tarbiyalashga xizmat qiladi. Ayni shu oraliqda sheʼr yordamga keladi. Sheʼr oʻzlikni anglashning eng maqbul yoʻli. Chunki unda insonning ruhoniy dunyosi yuksaladi, komillikka intiladi.
Umuman, Erkin Vohidov lirikasida hissiy idrok hamisha talqinni boshqaradi. Unda tuygʻular silsilasi sezimlar quvvat-hofizasini kengaytiradi. Aslida ham haqiqiy sheʼr tuygʻular silsilasidan oʻsib chiqadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov lirikasi bunga yakqol misoldir.
Zamira BALTAYEVA
“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sheriyatda-tuygular-silsilasi/