Sheʼriy tarjima soʻz sanʼatining oʻziga xos turi boʻlib, uning predmeti ohangdor soʻz yoxud musiqiy soʻzdir. Ayni paytda, sheʼriy tarjimada faqat musiqiy (ohangdor) alohida soʻzlar emas, balki ohangdor soʻzlardan tashkil topgan muayyan sheʼriy asar tarjima qilinadi. Sheʼriy asar deganda, biz, timsollar, ramzlar, tashbehlar singari badiiy vositalar ishtirokida muayyan shoirona uslubda yaratilgan ohang va marom fonidagi ruhiy-emotsional manzarani tushunamiz. Sheʼriy tarjimada bir tilda bunyodga keltirilgan ana shu manzara ikkinchi tilda qayta yaratilishi lozim. Shu bois sheʼriy tarjima, nasriy tarjimadan farqli oʻlaroq, shoir-tarjimonning asari – boshqa bir muallifning ijod mahsuli hisoblanadi va u tom maʼnodagi ijodiy mehnat boʻlib, isteʼdod hamda sanʼatkorona mahorat bilan amalga oshiriladi. U, eng avvalo, koʻngil ishi. Tarjimon esa, XIV asrda yashab oʻtgan, Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostonini forsiydan oʻzbekchaga oʻgirgan buyuk oʻzbek shoir-tarjimoni Qutb Xorazmiy aytganidek, “tarjima qilinayotgan asarning oshigʻi, u oʻz muhabbatini oʻzga borliqda koʻradigan, uning sogʻinchi oldida boshqa barcha sogʻinchlarni unutib yuboradigan ijodkor inson”.
Har bir sheʼriy tarjima bir millat bilan ikkinchi millat orasidagi koʻprik vazifasini oʻtashidan tashqari, tarjima qilingan tilda soʻzlashadigan millatning bilimini, quvvai hofizasini, estetik saviyasini oshirishga xizmat qilishi lozim. Koʻpincha, ana shu tamoyillarga amal qilinadi, lekin davr taqozosi tufayli tarjimaga “ijtimoiy buyurtma” tarzida yoshdashish yoki uni hamyonni toʻldiradigan vosita, deb qarash ham mavjudligini afsus bilan taʼkidlash joiz.
Biz yuqorida shoir-tarjimonning eng asosiy vazifasi sifatida tarjimada asliyatdagi ohang va marom fonida berilgan ruhiy-emotsional manzarani qayta yaratish, dedik. Usmon Nosir, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov kabi ustoz tarjimonlar oʻzlarining aksariyat tarjimalarida ana shu “qayta yaratishga” erishganlar. Lekin mashhur tarjimonlarimizning hammasi ham va hamma vaqt ham ana shu ijodiy ishni nisbatan mukammal darajada bajara olganlarmi? Mana, biz hozirgina tilga olgan mashhur tarjimonimiz – ustoz Mirtemir qalamiga mansub “Ruslan va Lyudmila” (Pushkin) dostonining boshlanishini olib koʻraylik:
Dengiz boʻyi, yam-yashil chinor,
Oltin zanjir chinor tagida.
Dono mushuk tun-kun beqaror
Aylanadi tevaragida.
Oʻngga yursa – qoʻshiq kuylaydi,
Soʻlga yursa – ertak soʻylaydi…
Bu satrlarga qulogʻimiz oʻrganib qolgan, nihoyatda ohangdor, maromli va yoqimli. Lekin, afsuski, mazkur parchada ruhiy-emotsional holat bor-u, ammo manzara majhul tarzda aks etgan. Chunki unda badiiy mantiq, formal mantiq bilan umuman bogʻlanmagan. Tarjimonning birinchi xatosi shundaki, asliyatdagi dub – (eman yoki bolut) chinor, deb olingan. Undan keyingi ikkinchi satrdagi (eman) chinor tagida yotgan oltin zanjirning holati tushunarsiz. U uzunasiga choʻzilib yotibdimi yoki yerda soat zanjiri kabi uyulib yotibdimi yoxud chinor tanasining eng quyi joyiga oʻralib yotibdimi – aniq manzara yoʻq. Uchinchi va toʻrtinchi satrlarga kelsak, yana savol tugʻiladi. Mushuk nimaning tevaragida aylanadi – chinornimi, zanjirnimi? Nahotki, Pushkin shunaqa majhul manzarani taqdim etgan boʻlsa?! Yana bir savol tugʻiladi. Mushuk nihoyatda barqaror hayvon, u hech qachon beqarorlik alomatini koʻrsatmaydi. Kunlab miq etmay bir sichqonni poylab oʻtirishi mumkin. Buning ustiga, tagʻin u dono boʻlsa. Uni beqaror deb sifatlash nooʻrinligi yaqqol koʻrinadi. Endi asliyatdagi satrlarga murojaat qilaylik:
U lukomorya dub zeleniʼy;
Zlataya sep na dube tom:
I dnem i nochyu kot ucheniʼy
Vsyo xodit po sepi krugom;
Idet napravo – pesn zavodit,
Nalevo – skazku govorit.
Koʻrib turibmizki, Pushkinda manzara nihoyatda aniq: dengizning yoylangan qirgʻogʻida yam-yashil eman daraxti oʻsadi. Bunday yoylangan joy odatda sekin-asta chuqurlashib boradi, yaʼni unda suv parilari, alvastilar, turli xil insu jinslarning dengizdan chiqib kelishi uchun sharoit mavjud. Emanning ustida, yaʼni uning baland shoxi bilan yerga kirgan joyi oraligʻida butoqlarini oralab oltin zanjir oʻtgan. (Oltin zanjirning holati biz yangi yilda yasatgan archamizning baland shoxlarini oralattirib, qogʻoz lenta bilan oʻrab qoʻyishimizga oʻxshash). Ana shu zanjir boʻylab dono mushuk kun-tun aylanib yuradi. Oʻngdan yursa, qoʻshiq kuylaydi, chapdan yursa, ertak aytadi. Bu oʻrinda aylananing oʻng-chapi boʻlmasligini hisobga olsak, tomonni anglatadigan soʻzlarni mushukka nisbat berish kerak, yaʼni joʻnalish kelishigining emas, chiqish kelishigining qoʻshimchalari maqsadga muvofiq: “oʻngga” emas, “oʻngdan”, “soʻlga” emas, “soʻldan”. Atoqli tarjimonimizning nuqsonlarini keltirishimdan maqsad shuki, shoir-tarjimonlarimiz juda koʻp hollarda ana shunday oʻquvchini ohang bilan aldashga harakat qiladilar, aniq koʻz oldingizga keltirishingiz mumkin boʻlgan manzara yaratishni shart, deb bilmaydilar. Buni bemalol shoirona kasallik, deb atasa boʻladi. Bu kasallikning asosiy sababi shundaki, shoir-tarjimonlarimiz koʻpincha faqat shoirlik qiladilar, asliyatga jiddiy oʻquvchi sifatida yondashmaydilar, oʻrni kelganda, matnga tadqiqotchi sifatida munosabatda boʻlmaydilar – formal mantiqni mensimaydilar. Usmon Nosir tarjimalarining “Boqchasaroy fontani” (Pushkin), “Demon” (Lermontov), Mirtemirning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi” (Nekrasov), “Shoh Ivan Vasilyevich, navjuvon yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa” (Lermontov), Asqad Muxtorning “Abul alo al-Maʼriy” (Avetik Isaakyan), Hamid Gʻulomning “Msiri” (Lermontov), Erkin Vohidov (Yesenin), Muhammad Ali (Byorns) tarjimalarining muvaffaqiyati shundaki, ularda tarjimonlar asliyat yoxud vosita tildagi badiiy matnning ichiga kirib yashaganlar – shoir boʻlib, oʻquvchi boʻlib, olim boʻlib, oshiq boʻlib yashaganlar. Yaʼni mazkur tarjimalar uchun tarjimonlar juda qattiq tayyorgarlik koʻrganlar. Oʻz tanlagan shoirlari asarlarining ruhini, uslubini, ular yashagan zamonning ruhini lugʻatini va h. k. jihatlarini oʻrganganlar. Ana shu oʻrganishlar tufayli ularning tarjimalari muvaffaqiyatli chiqqan.
Hozirgi tarjimonlarimizning aksariyati bunday uzoq davom etadigan qora mehnatni oʻzlariga ep koʻrishmaydi. Ular, iloji boricha, koʻproq tarjima qilishga, sifatga emas, songa asosiy eʼtiborni qaratadilar. Bunday holatni yosh tarjimonlarimizdagina emas, balki ancha tajribali, avvallari yaxshi-yaxshi tarjimalari bilan tanilgan tarjimonlarimiz ijodida ham koʻrish mumkin. Shu munosabat bilan rus sheʼriyatining soʻnmas yulduzlaridan Anna Axmatova qalamiga mansub bir sheʼrning ikki tarjimasini koʻrib chiqamiz. Mana uning asliyati:
Pamyat o solnse v serdse slabeet,
Jeltey trava.
Veter snejinkami rannimi veet
Yedva-yedva.
V uzkix kanalax uje ne struitsya –
Stiʼnet voda.
Zdes nikogda nichego ne sluchitsya, –
O, nikogda!
Iva na nebe pustom rasplastala
Veer skvoznoy.
Mojet biʼt, luchshe, chto ya ne stala
Vashey jenoy.
Pamyat o solnse v serdse slabeet.
Chto eto? Tma?
Mojet biʼt!.. Za noch priyti uspeet
Zima.
Oygul Suyundiqova tarjimasi:
Quyoshli xotira soʻnayotir jim,
Maysalar sargʻish.
Qish-qirovli kunlar ushlaydi qoʻlim,
Goʻyo sovuq tush.
Toʻlib-toshib oqqan suvlar qaydadir,
Muzlik bepoyon.
Moʻjizalar qaytmas, dardlarim ogʻir,
Oʻylar beomon.
Daraxtlarning boshi osmonda, shamol
Kuylaydi soʻlim.
Umr yoʻldoshingiz emasman, malol
Kelmasin, jonim…
Quyoshli xotira soʻnmoqda, nechun
Zim-ziyo olam?
O, balki!.. Kelishga ulgurar bir tun
Ayozli qish ham.[1]
Mirpoʻlat Mirzo tarjimasi:
Quyosh tafti soʻnib borar yurakda.
Dala zaʼfaron.
Ilk qorga chulgʻanib yellar esmakda,
Qorayar osmon.
Soylardagi suvlar urmaydi toʻlqin –
Muz qotgan bu chogʻ.
Qushlar chuvvos solmas, horgʻin olar tin
Yaydoq, boʻm-boʻsh bogʻ.
Tollar yupun-yalang – toʻlib angizga
Yoʻlga qarar zor.
Ehtimol, yaxshidir chindan ham – sizga
Boʻlmaganim yor.
Quyosh tafti soʻnib borar yurakda.
Bu ne? Nechuk ish?
Balki, yetib kelar shu kechada, ha,
Qahrin sochib qish.[2]
Asliyatda mana-mana qor yogʻishi kutilayotgan, tobora sovub borayotgan palla, quyosh haqidagi xotirani ham asta-sekin susaytirayotgan, zaiflashtirayotgan qish oldi manzarasi aniq ravshan ifodalangan va u lirik qahramonning ruhiy holatiga mos: kelayotgan qishning nafasi qalbda sovub borayotgan muhabbatning boʻrttirib koʻrsatilishiga xizmat qiladi, Axmatovaning soʻzlari, tashbehlari, ohangi jarangdor, keskin va urgʻuli. Shu bois sheʼrda tasvirlangan ohangdor ruhiy-emotsional manzara oʻquvchi koʻz oldida bor boʻy-basti bilan namoyon boʻladi. Xoʻsh, ana shu manzara va uni tasvirlashda qoʻllanilgan badiiy vositalar ikkala tarjimon tomonidan oʻzbek tilida qay tarzda qayta yaratilgan?
Birinchi tarjimada asliyatdagi zaiflashib borayotgan quyosh haqidagi xotira “quyoshla xotira”ga aylanadi. Undagi qofiya uchun ishlatilgan “jim” soʻzi nafaqat ortiqcha, balki zararli ham: xotiraning soʻnishi asliyatda sifatlashsiz berilgan. Satrdagi urgʻu soʻnishga qaratilgan, tarjimada esa soʻnish emas, jimlik birinchi oʻringa chiqkan, buning ustiga “soʻnish” zaiflashish maʼnosini bermaydi, birinchi soʻz xatti-harakatning tez orada tugashini anglatsa, ikkinchisi, yaʼni asliyatdagi soʻz uning davomli ekanini bildiradi. Ikkinchi satr asliyatda keskin boʻyokda berilgan, sap-sariq, zaʼfaron, tarjimada – sargʻish, Axmatovaga xos keskinlik yoʻqolgan, boʻyoq suyuqlashgan. Uchinchi, toʻrtinchi satrlar esa umuman asliyatda yoʻq. Buning ustiga, ular tushunarsiz, toʻgʻrirogʻi, maʼnisiz – na badiiy mantiqqa, na formal mantiqqa toʻgʻri keladi: qish-qirovli kunlar nima uchun qoʻlni ushlashi kerak? Qanday qilib? “Sovuq tush” iborasining mazmunga nima aloqasi bor? Ikkinchi band ham hech qanday manzarani ifodalamaydi. Nima uchun muzlik bepoyon? Asliyatda suv “stiʼnet”, “zamerzayet” yoki “myorznet” emas. Bandning ikkinchi baytida esa, asliyatni eslatadigan hech narsa yoʻq. Uchinchi band ham boshdan oyoq boshqotirmaga aylanib qolgan. “Daraxtlarning boshi osmonda” – bu nima degani, daraxtlar xursandligining belgisimi? Qanday qilib qish-qirovli kunlarda “shamol kuylaydi soʻlim?” Bandning qolgan yarmidagi ruhiy holat nafaqat bandga, balki butun sheʼriy matnga yopishmaydi. Axmatovaning izgʻirindagi tol tasviriga bagʻishlangan ajoyib tashbehi yoʻqotilgan, umuman tol xaqida gap yoʻq. Oxirgi bandda “zim-ziyo olam”, “ayozli qish” kelishi haqida soʻz boradi. Mana sizga antiqa manzara: avval qish, muz, keyin soʻlim shamol, undan keyin yana ayoz, qish…
Umuman, birinchi tarjima sheʼr sifatida ham boʻsh, havaskor shoirning mashqi darajasidagi nazmbozlik. Ikkinchi tarjima, har holda, shoirning sheʼri, lekin Axmatovaniki emas. Unda quyosh haqidagi xotira taftga aylanadi. Yellar qorga chulgʻanib esmoqda, yaʼni qor yogʻmoqda. Qor yogʻayotgan boʻlsa, demak, izgʻirin esishi kerak, yel emas – yana mantiq buzilyapti. Ikkinchi banddagi ikkinchi baytning asliyatga aloqasi yoʻq: qandaydir qushlar va bogʻ haqida gap boradi. Asliyatda uchinchi banddagi izgʻirinda yelpigʻichga oʻxshab tebranayotgan tol tarjimada “angizga toʻlgan tollar”ga aylanadi va negadir yoʻlga qaraydi. Angiz nima, ehtimol angʻizdir. Lekin angʻizning tolga qanday aloqasi bor? Shu bandning ikkinchi baytidagi maʼshuqaning gapi noʻnoq aktyorning soxta deklomatsiyasiga oʻxshaydi – kim shunday soʻzlaydi yoki oʻylaydi? Birinchi tarjimada tarjimon shoir ham, tarjimon ham emas. Ikkinchi tarjimada tarjimon – shoir, lekin u tarjimon emas. Yaʼni birinchi tarjima na sheʼr, na tarjima, ikkinchi tarjima esa – tarjimadan koʻra, yaxshigina shoir Mirpoʻlat Mirzoning oʻrtamiyona sheʼriga oʻxshab qolgan.
Soʻnggi paytlarda shunday tarjimalar paydo boʻlyaptiki, ularda tarjima qilinayotgan shoir obroʻsiga tarjimon estetik didining pastligi oqibatida jiddiy putur yetkazmoqda. Mana bu tarjimani oʻqigan oʻzbek sheʼrxoni ulugʻ rus shoiri Aleksandr Pushkin toʻgʻrisida qanday taassurotga ega boʻlishi mumkin:
Doʻstlik nima?
Tonggi boshogʻriqning yengil toʻzoni,
Dilda qolgan tugun erkin suhbatdan.
Isnodga homiylik qilish har oni,
Bekorchilik, urish lof yoʻq shuhratdan.[3]
Bu na sheʼr, na tarjima, vaznga solingan rebus-boshqotirmadan boshqa narsa emas. Tarjima maʼlum maʼnoda, muzeyga oʻxshaydi, faqat boshqa millat vakillari tomosha qiladigan muzey. Unday muzeylarga odatda qahramonning millatiga sharaf keltiradigan bayrogʻi qoʻyiladi, burun artadigan roʻmolchasi emas. Bu – tarjimaning asosiy tamoyillaridan biri.
Ushbu tanqidiy mulohazalardan oʻzbek adabiyotida sheʼriy tarjimaning saviyasi juda past ekan, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Chunki men yuqorida aytib oʻtgan nisbatan mukammal tarjimalar va komil tarjimonlardan tashqari hozirgi kunda isteʼdod hamda halol mehnat bilan yaratilgan tarjimalar anchagina. Chunonchi, Usmon Azim va Xosiyat Rustamovaning Ye. Yevtushenkodan, Mirpoʻlat Mirzo va Ikrom Otamurodning Oʻljas Sulaymonovdan, Sirojiddin Sayyidning Andrey Voznesenskiydan, Rustam Musurmonning Aleksandr Faynbergdan, Muhammadali Qoʻshmoqovning chex, Tohir Qahhorning turk sheʼriyatidan qilgan tarjimalarini misol tariqasida keltirish mumkin. Lekin, ochigʻini aytsak, bugungi kunda nashriyotlar, jurnallar va gazetalar tahririyatlarida mutaxassis muharrir-tarjimonlar yetishmasligi tufayli “vazn-turogʻu, qofiyasini kelishtirsam boʻldi-da”, deb tarjima sanʼatini gʻisht qoʻyuvchi mardikorning ishidan farq qilmaydigan kasb sifatida tushunadigan, istagan maqomga yoʻrgʻalab beradigan “tarjimon”larning urugʻi koʻpayib ketdi. Shu sabab, men tanqidga koʻproq oʻrin berdim.
Abdulla SHER
[1] “Jahon adabiyoti” jurnali, 2013 № 3.
[2] “XX asr rus sheʼriyati”, Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, Toshkent, 2010.
[3] Aleksandr Sergeevich Pushkin. Esimdadir ajib dam hali. Toshkent – “Oʻzbekiston”, 2012. 111-bet. E.Ochilov tarjimasi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sheriy-tarjima-yuksak-sanat/