Sheʼr zahmati

Badiiy adabiyot insonning butun borligʻini, ruhiyati va qalbini toʻlaligicha aks ettiradi. Sheʼriyat yurakning eng ichkin dardi, iztirob yoki quvonchini tuygʻular ranggida bergani uchun ham oʻquvchi qalbiga tez yetib boradi. Sheʼriyatning qalbga tez yetib boruvchi kuchi badiiylik bilan oʻlchanadi. Har qanday soʻz, dilga oʻt solavermagani kabi, har qanday soʻzlar tizmasi ham sheʼr boʻlavermaydi.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov adabiyotning azaliy qoidasiga qatʼiy amal qiladi, yaʼni, har bir soʻz, har bir misra ustida soatlab, kunlab fikr yuritadi, sheʼrni qayta-qayta ishlaydi. Abdulla Oripov, endigina, ijod olamiga kirib kelayotgan kezlarida, ustoz shoir Maqsud Shayxzoda yoniga chorlab: “Abdulla Orif oʻgʻli, ijodingiz durust. Shu oʻrinda, bir gap doim yodingizda tursin, sheʼr yozganda asosiy eʼtiborni soʻnggi misraga qarating. Butun sheʼr davomida bermoqchi boʻlgan fikr yoki kayfiyat oxirgi misrada muxtasar aks etsin, sheʼrning oxirgi misrasi goʻyoki unga qadalgan oltin mix kabi boʻlsin”, degan ekan.

Masalan, Abdulla Oripovning “Chala imorat” nomli sheʼrini olaylik. Bu sheʼrning yozilish tarixini oʻrganishda shoirning kechmish kunlari, voqelikning sheʼr holatiga koʻchish sabab-oqibatlarini oʻrganish biografik metodga tayanadi. Aynan bu metod ijodkor ruhiyatidagi chegarasiz impressionizm “ichki men”ning ochilishiga, adabiyotshunos Uzoq Joʻraqulov taʼkidlagandek: “ijodkor biografiyasidan faqat axborot sifatida foydalanmay, balki bunda ijodkor biografiyasi bir butun tizim oʻlaroq ijod mohiyatini ochishga xizmat qiladi”.

Bu borada Abdulla Oripov shunday deydi: “Ruh ritmi sheʼrda mujassam boʻlishi lozim. Sheʼrlarning hammasini yiqqanda hayot mozaikasi paydo boʻladi”.

“Hayot mozaikasi” – hayot yoʻli, shoir ijodida toʻliq aks etadi.

Oʻz yurtingda, oʻz boshpanangga ega boʻlish uchun “oʻzgalar muruvvatini” kutib yashashdan ogʻirroq ish boʻlmasa kerak. Bu holat tasvirini Abdulla Oripovning “Uy” sheʼrida uchratamiz:

 

Ijroqoʻm uy bermish,

Koʻzlaringda yosh…

Shunchalar koʻpmidi dilingda darding?

Yetar, taʼzim bilan egaverma bosh,

Yetar, yuragimni ezib yubording.

 

Shoirning lirik qahramonga berayotgan daldasida, oʻsha davrning ogʻriqli nuqtalariga bir uy bahonasida nazar tashlayotganiga guvoh boʻlasiz. Bunda, maʼlum maʼnoda, shoirning biografiyasi ham aks etgan deyish mumkin. Talabalik yillarida ijarada yashagan shoir, uylanib, farzandlik boʻlgunga qadar ijara uylarda sargardon boʻlgani, shunday taʼsirli misralar yaralishiga sabab boʻlgan boʻlsa, ajabmas. Uning taʼkid tarzidagi savollari keyingi misralarda lirik qahramonga dalda beradi. Ammo, bu dalda bilan shoir kifoyalanmay, bu umid ijodkor qalbida bir necha qaysar savollar paydo qiladi. Aslida, shu Vatanning farzandi boʻlsangu shu yurt, shu borliq hammasi oʻz mulking boʻlsa-yu, sen uni birovlar qoʻlidan yillab kutib olsang.

 

Ijroqoʻm uy bermish,

Bagʻoyat savob,

Lekin koʻrmay seni mute shaklida.

Haqiqatning tagin izlasang shu tob

Mutlaq senikidir uylar, aslida.

 

Ushbu sheʼr faqat shoirgagina tegishli dard emas, balki shoir ham oʻsha uy kutgan millionlarning bittasi boʻlganini koʻrsatishi uchun ahamiyatlidir. Sheʼrda oʻsha kechinmalar va holatlar tasviri aks etganini taʼkidlamoqchimiz.

2002 yilning avgust oyida shoir “Chala imorat” nomli sheʼr yozadi.

Sheʼr necha yillar davomida bitmay, qarovsiz, kimsasiz holda yotgan, hududi oʻrayu toshlardan iborat, kalamushlaru qushlarga makon boʻlib qolgan chala imorat haqida yozilgan. Ushbu sheʼr uy qurilishi tarixi bilan bogʻliq. Uy qurilishi uchun oʻn yil vaqt ketgan, hali bitmay turib, yemirilib borayotgan chala imoratni butun qilguncha necha yozu qishlarni oʻtganidan “soʻz ochadigan” bu sheʼr shoirning biografisi bilan uzviy bogʻliqdir. Uy qurilguncha shoirning qanchadan-qancha asab tolalari yemirilgani, qurilishni necha martalab toʻxtatib qoʻyilganiyu uyning tayyor boʻlishiga na moddiy, na maʼnaviy tomondan imkon va ishonch boʻlmaganiga oʻzimiz guvohmiz. Sheʼrni chuqur oʻrganish jarayonida, uning xomaki va tayyor nusxalari bilan tanishib chiqdik. Sheʼr uch variantdan iborat. Mavjud boʻlgan satrlar keyingi variantda uchramasligi, har bir satr, jumla necha marotaba qayta ishlanganligini misollar yordamida koʻrsatishga harakat qilamiz. Sheʼrning xomaki qoʻlyozmasida:

 

Ogʻzin ochib yotar chala imorat,

Atrofi oʻrayu goʻngdan iborat, – degan misralar bor.

 

Keyingi ishlangan variantda ikkinchi satrdagi “goʻngdan” soʻzi oʻrniga “toshdan” soʻzi qoʻllanilgan, negaki, sheʼrda mujassam boʻlgan har bir soʻz oʻz badiiyligini yoʻqotmasligi lozimdir.

 

Tunda yoʻlovchilar chetlab oʻtgaylar,

Insu jinsdan yoqa tutgaylar.

 

Ushbu satrlar ham qayta ishlanib, “yoʻlovchilar” oʻrnini “qoʻshnilar”, “insu jinsdan” soʻzi esa “kalima qaytarib” tarzida oʻzgartiriladi. Ammo shoirning ushbu tahriri sheʼr eʼlon qilingan kitobda yoʻq. Avvalgi holat oʻz holida qolgan. Chala imoratning xarobaligini tasvirlashda shoir, uni reallikdan uzoqlashtirmaslikka harakat qiladi va yuqoridagi satrlar oʻrnini quyidagi satrlar bilan boyitadi:

 

Har yon chakalakzor, burgan va yantoq,

Ostona oʻyilgan, uzilgan ravoq.

Xotirami, deysan, u qattol jangdan,

Yo yodgor asrlar qoldirgan changdan?

 

Birinchi variantda sheʼrning navbatdagi misrasi shu shaklda boʻlsa:

 

Qora tuynuklardan uvillar shamol,

Gʻijirlar omonat, tom ham bemajol.

 

Yuqoridagi satrlar ikkinchi variantga kelib, birmuncha oʻzgartiriladi. Yaʼni:

 

Qora tuynuklardan uvillar shamol,

Qamish tom gʻijirlar mahzun, bemajol.

Koʻrinib turibdiki, bu yerda shoir “mahzun” soʻzi oʻrniga, “oʻksik” soʻzini qoʻllamoqchi boʻladi, lekin bu fikridan qaytgan holda, “mahzun” soʻzini oʻz oʻrnida qoldiradi. Keyingi satrlarni tahrir qilish jarayonida, shoir qofiyalarni ham qayta ishlaganini koʻrishimiz mumkin.

Ilk variantda:

 

Bahor, yoz oʻtadi chala imorat,

Ahvol oʻsha-oʻsha holdan iborat, – kabi tasvirlangan boʻlsa, keyingi variantda:

 

Bahor yoz oʻtadi hamon u chala,

Qushlar uy qurmishdir gala va gala, – tarzida oʻzgartiriladi. Bundan qoniqmagan shoir: “Qushlar uy qurmishdir gala va gala” satrini “Kalamushlar toʻp-toʻp, qushlar ham gala” satriga almashtiradi. Sheʼrning ravon oʻqilishi uchun har bir satrdagi soʻzlar ketma-ketligi nafaqat mohirona tuzilishi, balki mazmunni boyitishi bilan ham badiiy mukammallik kasb etadi.

Dastlabki variantda sheʼrning navbatdagi satrlari bunday yozilgan:

 

Tashlandiq bu uyning sohibi kimdir,

Yo falak, bu savol javobin bildir?

Boyqush yarim tunda beradi sado,

Savolga bir javob aytgandek goʻyo.

 

Sheʼrning ishlangan variantlarida satrlardagi ayrim soʻzlar tahrir qilinib, oʻzgartirilganining guvohi boʻlamiz. “Yo falak, bu savol javobin bildir” misrasini shoir: “Yo falak! Bu holning sababin bildir” deya tahrir qiladi. Bundan anglash mumkinki, bu holat faqatgina savolga javob emas, balki ushbu holatning paydo boʻlishiga sababchi omillarga chuqurroq eʼtibor berishga undaydi. Keyingi satrdagi: “Boyqush” soʻzi oʻrnini “Bir qush” egallaydi, bunda noaniqlik darkor boʻlib, “Boyqush” aniq bir obrazni tasvirlab berib, oʻquvchi tasavvurini chegaralab qoʻyishi mumkin edi. Shoir keyingi satrdagi “savol” soʻziga egalik qoʻshimchasi – imni qoʻshib, “aytgandek” soʻzi oʻrniga “qilgandek” soʻzini qoʻllaydi:

Sheʼr soʻnggida shoir qush tilidan muammoning yechimini beradi, sheʼr:

 

Shart emas savolning nechun, negasi,

Yo shoir, yo marhum buning egasi? – deb nihoyalansa, ishlangan variantida:

 

Ne kerak gapingning nega, negasi,

Yo shoir, yo marhum buning egasi? – tarzida yakunlanadi. Bunda nafaqat satrdagi soʻzlar, balki munosabatni ham birmuncha oʻzgarganini koʻramiz. Shu maqsadda tugallangan sheʼrni toʻlaligicha keltiramiz:

 

Ogʻzin ochib yotar chala imorat,

Atrofi oʻrayu toshdan iborat.

Har yon chakalakzor, burgan va yantoq,

Ostona oʻyilgan, uzilgan ravoq.

Bahor, yoz oʻtadi, hanuz u chala,

Kalamushlar gʻuj-gʻuj, qushlar ham gala.

Tashlandiq bu uyning sohibi kimdir?

Yo falak! Bu holning sababin bildir?

Bir qush yarim tunda beradi sado,

Savolimga javob qilganday goʻyo:

– Ne kerak, gapingning nega, negasi,

Yo shoir, yo marhum buning egasi?!

 

Bu sheʼrning yozilish jarayoni haqida toʻxtalar ekanmiz, Abdulla Oripovning ijodiy laborotoriyasiga nazar tashlash bahonasida, shoirning soʻz ustida ishlash prinsiplari, uning soʻzga boʻlgan talab va maʼsuliyatini his qilamiz. Zero, haqiqiy shoir soʻzning, kalomning qadriga yetadi. Hazrat Alisher Navoiy ham soʻz taʼrifida koʻp va xoʻb toʻxtalib, uni “goʻhari sharif” deb ulugʻlaydi, haqiqiy, badiiy yetuk, ohorli sheʼrning yaratilishi, ijodkordan qanchalar zahmat, ulkan mehnat talab qiladi.

 

Ruxsora ORIPOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2012–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sher-zahmati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x