“Sheʼrlarim magʻzi larzon, bolalar uchun arzon…”

Shoirni hali-hanuz yaqinlari, yoki ijodkorlargina emas, badiiyatga aloqasi boʻlmagan kishilar ham esdan chiqargani yoʻq. “Huv, oʻsha, shlyapa kiyib bozordayam, yoʻldayam, toʻydayam sheʼr aytib yuradigan kishimi, ammo, zoʻr shoir edi”, deb xotirlab qoʻyishadi.

Oʻtgan asrning yetmishinchi, saksoninchi yillarida hatto poytaxt adabiy davralarida vohamizdan eng koʻp tilga olingan ijodkor, shubhasiz, Saodat Toji edi. Oʻsha yillarda ayniqsa, chekka tumanlarda ijod qiladiganlarning markaziy gazeta va jurnallarda sheʼr yoki hikoyasi chop qilinsa, katta voqea hisoblanar, kitob nashr ettirish esa hammaning ham qoʻlidan kelavermasdi.

Ammo Saodat Toji bundan mustasno edi. U oʻsha davrning eng ilgʻor bolalar shoirlari bilan bab-barovar ijod maydonida ot surish imkonini topdi. Buning bari osonlik bilan amalga oshadigan yumush emasdi. U tinimsiz ijod qilar, Toshkentga borish esa unga bozorga borishdek ish boʻlib qolgandi.

***

Hozir ham gurunglarda Saodat Toji haqida gap ketsa, hajvchi Tursunboy Boymirov shunday deydi:

– Saodat aka tabiatan boladek begʻubor, sodda inson edi. Bir kuni yangi sheʼr yozib, tayyorlov idorasi raisining oldiga kirib, baland ovozda boshlabdi:

Yer unumdor, soz boʻlsin,

Koʻproq eking kartoshka.

Mashaqqati oz boʻlsin,

Qulay boʻlsin artishga.

Rais stolni chertib, shoirni sheʼr oʻqishdan toʻxtatibdi.

– Boʻldi, boʻldi, tushunarli, shuni sheʼr qilib aytish shartmidi, – deb shoshib telefon goʻshagini koʻtaribdi.

– Hoy, Tirkash, oʻzingdamisan? Hozir oldingga bir shoirni yuboryapman, ikki xalta kartoshka berib yubor. Uyida kartoshkasi qolmapti…                      

***

Ijodkorlar davrasida suhbat buyuklar haqida boʻldi.

– Tolstoyga tan berdim. Gyote ham buyuk. Navoiy – daho.

– Bulgakov, Kafkalarni aytmaysizmi?

– Stendal, Qodiriy, Qahhorlar ham chakkimas. Saodat aka, siz qaysi yozuvchi, shoirlarni buyuklar safiga qoʻshasiz?

– Men kecha maktab bolalariga sheʼr oʻqib berayotuvdim, – suhbatga qoʻshildi shoir. – Bir qush kelib boshimga qoʻndi. Kichkina, rangi bulbulning rangiga oʻxshab ketadi. Keyin yelkamga qoʻnib, qulogʻimga bir nimalarni deb, chugʻur-chugʻur qildi. Ushlab, boshini silayman, degan edim, uchib ketdi. Ana shunda men buyukligimni bildim…

***

Bir sheʼrida shoirning shunday samimiy satrlari bor:

…Sheʼrlarim magʻzi larzon,

Bolalar uchun arzon.

Marhamat, savdo qiling,

Doʻstlarga sovgʻa qiling.

Men ham bir boyib qolay,

“Damas”mi, “Tiko” olay.

Toji Saodat boʻlib,

Turmushidan shod boʻlib,

Tanilay odamlarga,

Yer yuzi, olamlarga.

Ha, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Saodat Toji nomdor shoir edi. Uning “Choʻl qoʻshigʻi”, “Eng yaxshi sovgʻa”, “Inson sevar yaxshini”, “Qushlar bayrami”, “Oltin bolta” kabi bolalarga atalgan sheʼriy kitoblari nashr etilgan. Saodat Tojining nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun bitgan oʻnlab sheʼrlari, qissalari borligini, ijod namunalarini toʻplab, “Saodatnoma” nomi bilan qaysidir nashriyotga topshirgan, deb eshitganmiz. Qaniydi, birorta mard tadbirkor yoki Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi eʼtibor qilib, shoirning kitoblarini chop ettirsa, savobning tagida qolardi. U yashagan uyning devoriga “Bu uyda sevimli bolalar shoiri Saodat Toji yashadi va ijod qildi”, degan lavhani osib qoʻysak , zoʻr ish boʻlardi-da…

Shoir-ku ming-minglab bolalar (bu bolalarning ayrimlari hozir bobo ham boʻldi) qalbida oʻziga haykal qoʻyib ketdi. Ammo… bir paytlar dilda bir tugun bilan mana bu satrlarni bitgandim:

U ketdi…

Mehrni izlab olisga,

Qushlari yoniga, gullar yoniga.

“Shoir bobo” deya eʼzozlab sevgan,

Shoʻxchan bolalarning singib bagʻriga.

Bizdan-ku nom-nishon qolmagay balki,

Bitta soʻz aytayin, kelmasin malol.

Bir kuni sheʼrparast bolalar albat,

Qamashida tiklar shoirga haykal…

 

Oʻrolboy QOBIL,

Qamashi

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sherlarim-magzi-larzon-bolalar-uchun-arzon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x