Sheʼriyatga baxshida umr

Abdulla Oripov oʻzbek sheʼriyatiga benihoya katta hissa qoʻshdi. Shoir oʻz soʻzi, ovozi, ruhi bilan zamonaviy sheʼriyatimizni yangiladi, desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Uning sheʼrlarida chuqur falsafiylik, isyonkor ruh, el-yurtga muhabbat, diniy-axloqiy teranlik, milliy gʻurur chinordek boʻy koʻrsatib turadi. Istibdod qilichi qayralib turgan zamonda u baralla “Oʻzbekiston – vatanim manim” dedi. Shu bois oʻzbek xalqining ulugʻ farzandi Islom Karimov bir soʻzida shoirni eʼzozlab, “Abdulla Oripovdek shoir yuz yilda bir marta tugʻiladi” degandi.

Abdulla Oripovdan adabiyot ixlosmandlariga, oʻzbek xalqiga ellikka yaqin sheʼriy toʻplam, ikkita drama, bir qancha jahon shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar qoldi.

Shoir ustoz sifatida koʻplab ijodkorlarga oq yoʻl tiladi, unga ergashib bir necha shoirlar oʻzbek sheʼriyatini goʻzal asarlar bilan boyitdi. Shoirga bagʻishlab tengdoshlari, shogirdlari koʻplab sheʼrlar, bagʻishlovlar yozdi. Ana shunday sheʼrlarni eslaganda, albatta, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning satrlari yodga tushadi:

 

Shunday. Turli larzalardan tirilmoqda tomirlar,

Moziyga-yu, ruh ichiga kirmoqda bir pok nurlar.

Ota Turon dashtlarida bosh koʻtarar gʻururlar,

Bitta sinmas gʻurur Sensan. Tillo ogʻam sen mening,

Qodiriyning oʻrnin bosgan Abdullo ogʻam sen mening.

 


 

 

Sheʼriyatda kutilmagan yangi nafas paydo boʻldi. Tomchini kuzatgan boʻlsangiz, toʻlishganidan keyin tomadi. Abdullajonning sheʼrlari ham ana shunday. Oldin soʻzma-soʻz, satrma-satr yuragi qonida qaynab pishadi.

Abdulla Qahhor

 

Sheʼr oʻqigan yosh yigit – Abdulla Oripov haqiqiy shoir! U oʻzbek xalqining iftixoriga aylanadi.

Rasul Hamzatov

 

Oʻzbeklarga xos donishmandlik, bagʻrikenglik, xokisorlik va andisha Abdulla Oripov poeziyasiga singib ketgan.

Yevgeniy Yevtushenko

 

Abdulla Oripov – shoir! Shoir boʻlganida ham anov-manovlardan emas. Xudo butun qilib berganlardan. Zoʻr!

Mirtemir

 

Eskirmas, toʻzimas soʻz sohiblaridan biri Abdulla Oripovdir. Uning ilk sheʼrlari xalq qalbida qanday aks-sado bergan boʻlsa, eng yangi satrlari ham shunday sehrli qudrat bilan jaranglab turibdi.

Erkin Vohidov

 

Davlat madhiyasini yaratish kamdan-kam ijodkorga nasib etadigan baxtdir. Abdulla Oripov har bir oʻzbekistonlik qalbidan joy olgani shubhasiz.

Loyiq Sherali

 

Abdulla Oripovning sheʼriyatimiz osmonida paydo boʻlishini chaqmoqqa oʻxshatadilar. Toʻgʻri! Ammo chaqmoq oʻchadi, qudratli nur sochgan isteʼdod esa – umrboqiy! Abdulla Oripov sheʼriyatini momoqaldiroqqa oʻxshatadilar. Rost. Ammo momaqaldiroq guldirosi tinadi, qalblarni maftun etgan sheʼriyatining sadosi esa abadiy!

Izzat Sulton

 

Abdulla Oripov sheʼriyatida men fikrning salmoqdorligini, obrazlarning ohorli, quymaligini, oʻquvchini zeriktiruvchi tor maʼnoli qizilsoʻzlikdan xolilikni koʻrdim.

Yosh shoir soʻzning ifoda kuchini bexato sezadi, hayotni oʻz boʻlishicha, uni oʻziga xos yangi nazar bilan koʻradi. Oʻzbek sheʼriyatini yangi katta isteʼdod bilan qutlasa boʻladi.

Qaysin Quliyev

1970 yil

 

Abdulla Oripov – Vatan kuychisi. U Vatanni borligʻicha, butun goʻzalligi bilan birga koʻradi. U Vatanning oʻtmishiga nazar tashlab, tolei oʻng kelmagan yurtini, jabrdiyda xalqini, bugungi kuniga nazar tashlab, yashnayotgan shahar va qishloqlarni, buyuk ishlarni amalga oshirayotgan xalqini koʻradi.

Matyoqub Qoʻshjonov

 

Sheʼr va umr hikmati elu yurt tashvishlari, orzu va maqsadlari bilan yaxlit va mushtarak holda yaratilsagina – u kelar avlodlarga ham tatigulik koʻlam, zalvor va maʼno kasb etadi. Bunday sheʼrlar eskirmaydi, vaqt ham ularga oʻz hukmini oʻtkazolmaydi. Istiqlol davri inshootlari qatorida sheʼriyati qoʻrgʻonday yarqirab turgan, yangi tariximizning ilk qahramon shoiri ustoz Abdulla Oripovning serfayz, barakali ijodi bunga misol boʻla oladi.

Sirojiddin Sayyid

 

Abdulla Oripov oʻzbekning eng katta shoirlaridan biridir. Abdulla Oripov – zamonaviy oʻzbek sheʼriyatiga yurak, ruh va maʼno olib kirgan ulugʻ zot.

Usmon Azim

 

Buyuk degan atamani koʻpam ishlatgim kelmaydi. Ammo Abdulla akani “buyuk isteʼdod” deb bemalol atashga hech narsa monelik qilmaydi. Isteʼdod sifatida har qanday sifatlashlarga dosh beradigan asarlar yozdiki, bu oʻzbek adabiyotining XX asrdagi yorqin namunasi boʻlib qoldi.

Nazar Eshonqul

 

Gʻiyosiddin Oʻnarov tayyorladi.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/sheriyatga-baxshida-umr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x