Dunyoda hech bir narsa oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Hattoki eng kichik zarrachaning ham yaralishida nimadir turtki yoki taʼsir koʻrsatgan boʻlsa kerak, hoynohoy. Bu fikrni sheʼriyatga muqoyasa qilsak, koʻngil tuygʻularining yaralishi qalbu shuurimizni junbishga kelarli darajada hayajonga solsa, tasavvurimizni boshqa – nomaʼlum bir olam sinoatlarining mantiqini anglashga daʼvat etsa, demak, ushbu hodisaga shoir oʻz maqsadlarini toʻliq singdira olganligi, ayni paytda, “xos ohang”ni tanlay bilganligi ayonlashadi. Shoir – soʻz tanlaydi. Soʻzning ruhi va kishi koʻngliga taʼsir etuvchi jihatlari rang-barang va serjilo boʻlgandagina haqiqiy sheʼr boʻla oladi. Negaki, sheʼr shoir anglagan, his qilgan olamning mevasi. Bu olamga kirib borish bizni nafaqat ijodkor olamiga yaqinlashtiradi, balki dunyoning sir-sinoatlarini tushunishga zamin hozirlaydi. Ruhiyatning cheksiz imkoniyatlari borligidan ogoh etadi. Muhimi, uni qanday va qay tariqa ifodalay bilishda deb oʻylayman.
XX asr intihosidagi sheʼriyatda xalqona ohang ifodasi koʻzga tashlana boshladi. Shu ifoda usulida “eksperiment”lar qilish anʼanasi oʻzgacha tus oldi. Aniqrogʻi – urf boʻldi. Ayniqsa, uslubiy “yaqin”lik sezilib qolgan holatlar uchrab turdi. Lekin bu roʻyxatda hamma shoir ham oʻziga xos uslubda ijod qila oldi deb boʻlmaydi. Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo ijodida tamomila yangicha ruh, yangicha kayfiyat borligini katta avlodga mansub munaqqidlarimiz ham eʼtirof etishdi. Bu safning boshida ming-minglab sheʼrxonlarni yigʻlatgan, koʻngil tuygʻularining nozik sirlaridan qalblarga yorugʻlik, mehr va vafo urugʻini ekib ketgan Muhammad Yusuf ekanligini alohida eʼtirof etish joiz. Jumladan, xalqona ohangda bitilgan hamda shu anʼanani tadrijiy davom ettirib, oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan Iqbol Mirzo sheʼriyati ham fikrimizning yorqin dalilidir. Biz ushbu ixcham tadqiqotimizda lirik kechinma xususida bir-ikki holatni tahlil etishni lozim koʻrdik.
Iqbol Mirzo sheʼriyatida lirik kechinma tabiati – uch tarixiy oʻlcham, kecha-bugun-ertaga tarzida namoyon boʻladi. Kechinma har bir sheʼrning mohiyatidagi aks ettirilgan maʼnoni ifodalaydi. Kechinma turlicha boʻlishi mumkin. Iqbol Mirzoning keyingi yillarda yaratgan Vatan haqidagi sheʼrlarida lirik kechinma koʻproq – tarixiy shaxslar, tarixiy obidalar, Vatanni anglash va uni tushinish, shu tufayli oʻz dunyoqarashini ifodalash, yaʼni borliqdagi voqea-hodisalarga shaxsiy munosabati ila yondashuvi orqali poetik yaxlitlik kasb etadi. Demak, kechinma tabiati oʻz davrining adabiy mahsuli sifatida yuzaga kelishi oydinlashadi. Masalan, shoirning “Ona tuproq” sheʼrida kechinma – tarix va bugun timsolida ifoda etiladi:
Avliyolar, daholarning beshigisan,
Naqshbandlar topgan jannat eshigisan.
Tiriklikning navosi ham qoʻshigʻisan –
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
Oʻzbekiston, ota makon, ona tuproq!
Ushbu sheʼrda kechinma – tarix, zamon hamda Vatan muqaddasligi-yu, Kaʼba yangligʻ sajdagohligini anglab yetishga oʻquvchini daʼvat etadi. Ayonki, har qanday sheʼr oʻquvchi qalbiga koʻchgan tuygʻular taʼsiri ong osti qatlamlarida reallashadi, shu boisdan “tushuncha” subʼyektiv “men”, obʼyektiv “men” tomon evriladi. Sheʼrning ikkinchi misrasida “Naqshbandlar topgan jannat eshigisan”, deydi Iqbol Mirzoning lirik qahramoni. Darhaqiqat, lirik kechinmaning eng birlamchi xususiyati uning samimiy ifoda etilishida koʻzga tashlanadi. Tuygʻu samimiy boʻlmasa, yaʼni chin ifoda etilmasa, sheʼr badiiyati yetarlicha talqin qilinmasligi mumkin. Aynan bu holat sheʼrning ruhida yaqqol seziladi. Binobarin, koʻngil tuygʻulari xoh u jiddiy, xoh u quvnoq mazmunda ifodalanishidan qatʼi nazar, samimiylik boʻlmasa, haqiqiy sanʼat asari, oʻquvchi qalbini hayajonga sola bilmaydi. Chin va samimiy tuygʻudangina goʻzal sheʼr yaraladi. Iqbol Mirzo ijodini shartli ravishda uch xil mazmunga boʻlib oʻrganish mumkin:
Birinchisi – muhabbat haqidagi sheʼrlar;
Ikkinchisi – ijtimoiy-siyosiy lirika;
Uchinchisi – Vatan mavzusini tarannum etgan sheʼrlar majmui.
Shoir oʻz tarjimai holida “muhabbat menga qalam tutqazgan, keyinchalik bu yurt, vatan ishqiga aylangan” degan edi. Shoirning muhabbat haqidagi sheʼrlarida ifodalangan kechinmalar kitobxonni oʻziga tezda jalb etadi, koʻngillarga yorugʻlik inadi, umidbaxsh tuygʻularni tuhfa etadi:
Yomgʻirlar sochildi, gʻuborlar ketdi,
Senga gul tutolmay bahorlar ketdi.
Yellar hovuchida uforlar ketdi,
Shamolcha himmatim bormidi mening?
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.
Shoir ushbu sheʼrida lirik qahramonning mahzun kayfiyati bilan kitobxonni tanishtiradi. Samimiy va xalqona ohang uygʻunligi zamirida poetik aniqlik va yaxlitlikka erishilgan. Lirik qahramon kechinmasi – tuygʻusi chin va samimiydir. “Oʻz jufti haloli”ga “bir gul tutolmay”, “faqat ozorlar” yetkazganiga iqror boʻladi. Bunday holga tushganidan oʻzini aybdor ekanligini tushuntirmoqchi boʻladi. Sheʼr toʻrtta banddan iborat boʻlib, poetik yechim oʻziga xos tarzda yakunlanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Iqbol Mirzoning aksariyat sheʼrlarida zamondosh inson ruhiyati, Vatan va xalqi oldidagi burchi, ahdiga vafodorligi, vijdonli, or-nomusli, oʻzidagi masʼuliyatni teran his etuvchi qaxramonlar boʻlibgina qolmay, tarix va oʻtmish hodisalarini ham chuqur anglab yetgan inson boʻlib koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Sheʼr – oniy bir lahza, kayfiyat mevasidir. Bu nafosat olamiga kirib borgan sayin, qalbimizni goʻzal tuygʻular, betakror orzular, umidvorlik hissi chulgʻay boshlaydi. Ayonki, har qanday sheʼr lirik kechinma asosida yaraladi. Shu boisdan sheʼrdagi har bir unsur – kechinma, fikr tadriji tomon yuqorilay boshlaydi. Muhimi, tuygʻuning ifodalanish darajasi bilan oʻlchanadi bu kabi hodisalar. Shoirning quyidagi “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” sheʼrida buning yorqin asosini kuzatamiz:
Vatan kengdir elning bagʻri keng uchun,
Yurtboshining mehri quyoshga teng uchun.
Bu imkon, bu zamon senu men uchun,
Bu muqaddas Vatanda azizdir inson.
Bu oʻrinda lirik kechinma sheʼrning barcha komponentlariga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Shoirning shaxsiy tuygʻusi – obʼketivlashgan kechinmaga evrilgan. Vatanning kengligiyu azizligini, har bir goʻshasining maftunkorligidan, unda yashovchi har bir insonning orzulari – begʻuborligini, qalbida ishonch va gʻurur borligidan soʻz ochadi shoirning lirik qahramoni.
Umuman, har bir sheʼr shoir anglagan haqiqatlar kechinmalari zamirida dunyoga keladi. Kechinma sof va samimiylik tomon oʻzgargani sari, shoirning badiiy mahorati ham shunchalik tiniqlasha, yuksaklasha boradi. Iqbol Mirzoning xoh muhabbat, xoh vatan, xoh doʻst, xoh hayot toʻgʻrisida yoki shunga yaqin mavzular kuylangan sheʼrlarini yaxlit olib qaraydigan boʻlsak, xalqona ohang shoir ijodida oʻziga xos, betakror, samimiy, goh oʻychan, goh shod yoʻsinda ifoda etilganligining guvohi boʻlamiz. Kechinma bagʻridagi umid, chaqiriq, daʼvat – inson oʻz oʻzini anglashi, tushunib yashashi, har bir narsaning qadriga yetishidan muayyan saboqlar bera olishi ayni haqiqatdir. Shunday ekan, har bir koʻngil oʻziga xos ohangni, tuygʻuni topib oʻqishi, qalbidagi savollarga javob axtarishida – shoir ijodiy dunyosidan bahra olib yashashi muhimligi ayonlashadi…
Yulduz NAFASOVA,
QoraqalpogʻistonDU talabasi
“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sheriyatda-lirik-kechinma/