Oʻsmirlik kezlarimda yapon adabiyotini, xususan, Akutagavani oʻqib, kattiq taʼsirlangandim. Ana shu taassurot tufayli bir talay erkin mashqlar qilgan edim. (Ulardan baʼzilari 1988 yili “Yoshlik” jurnalining 8-sonida chop etilgan). Bugun yana oʻsha daftarlar qoʻlimga tushib qoldi. Oʻqib koʻrib, yaxlit asar boʻlmasa-da, sheʼr unsurlari – parchalaridek tuyuldi. Balki oʻzimniki oʻzimga oy koʻrinayotgandir, balki bu hissiyot faqat mening shaxsiy tuygʻularimdir. Har holda, bu mashqlarni Sizga havola etarkanman, istiholam bor: ishqilib, gʻashingizga tegmasa boʻldi…
Muallif
* * *
Sirdaryoga uzun muzkoʻprik soldi
Xudoyim.
Men visoldan umid uzganman.
* * *
Uylarning
Birinchi qavati oynalarida
Hayot aks etardi.
* * *
Tok zangiga ilingan
Yoʻngʻichqa shirasidan qasmoq boylagan
Oʻroqqa
Toʻlin oy toʻr tashladi.
* * *
Safarxaltamga
Navoiyni solib qoʻy!
Men uzoqqa ketyapman.
* * *
Bobur hovuchlab suv ichgan
Buloqlar
Moʻlt-moʻlt qaynaydi.
* * *
Ogʻoch shoxidagi yagona yaproq
Koʻklam qadar osilib turdi
Medalga oʻxshab.
* * *
Sukunatni uchirib yubordi
Musicha.
Men qabrni silab,
Assalomu alaykum, dedim.
* * *
Qabristonda achchiq izgʻirin yeldi.
Men qabr ustiga oʻzimni yopdim.
* * *
Mozor boshiga chiqib,
Dahmani
Qorlardan kaftim bilan tozaladim.
* * *
Koʻchada
Senga xat yozayotgandim
Qoʻllarin uzatib
Tilanchi keldi.
* * *
Men uzoq qarab qoldim unga:
Judayam odamga oʻxshar edi u.
* * *
Dovon tepasida
Oy ochilgan,
Yulduzlar yirik.
Pastga tushgim kelmaydi sira.
* * *
U
Ogʻzidan chiqqan hovuri bilan
Yashirmoqchi boʻldi koʻzini.
* * *
Paykal qoʻriqchisiga
Chopon kiygizib qoʻyishibdi.
Doʻppisiz kulguli koʻrindi.
* * *
Shamoldek keldiyu
Shamoldek ketdi.
Hilpirab qoldi yurak.
* * *
Bolaligimda qush tilini bilardim.
Endi hayvonlar tilini ham bilaman.
* * *
Uvildiriq kabi
Baliq boʻlasanmi
Yo yem –
Xudo biladi.
* * *
Navroʻz
Har kimning holiga yarasha
Shodlik ulashar.
* * *
Xijolatli tabassum bilan uzrxoh
Apil-tapil,
Ikkilanib,
Yoʻlimni kesib oʻtdi
Ayol.
* * *
Ovozi bor uning,
Andishasi bor,
Farosati – taʼbi nazmi bor.
Qoʻshiq aytolmadi.
* * *
Bilib turib suvga
Suvrat solarkan,
Kelajakni oʻylab entikar.
* * *
Turmush yoʻllarida shalagʻi chiqqan
Sinfdosh doʻstim
Toʻxtamasdan oʻtib ketdi yonimdan.
* * *
Bozorda –
Shaytonning toʻyxonasida
Raqs tushib, isiriq tutatib yurar
Farishta.
* * *
Doʻrmon –
Adabiy oʻrmon.
Bulbulni izlab yuribman.
* * *
Qodiriyni koʻrgan,
Choʻlponni koʻrgan,
Usmonlarni koʻrgan joʻka daraxti turar
Hech narsa koʻrmagandek.
* * *
U shunchalar gʻarib ediki,
Haddan tashqari bahaybat koʻrinardi
Ordeni.
* * *
Men keldim, dedi u.
Xayoli oʻzida emasdi.
* * *
Hamma baravar gapiryapti.
Qarsak chaladigan odam yoʻq.
* * *
Yonimdan
Bir qiz oʻtdi shoshib.
Men oʻzimdan uyalib ketdim.
* * *
Kimda alaming bor?
Kimda oʻching bor?
Muncha uvillaysan,
Qoʻqon shamoli?
* * *
Toshkentgacha
Uchoqda
Xudo bilan birga uchdim.
* * *
Atirgul gʻunchasi
Qirmiz qabosini qayirdi asta.
Sening nafasing keldi.
* * *
Puch kurmakni ortmoqlab,
Kuchanib boryapti chumoli.
Havo dim.
* * *
Olma ogʻochi poʻstlogʻi ichra
Bir biriga qarab uzoq
Tek qoldi bir juft chumoli.
* * *
Yuragi kichrayib,
Gʻashi kattalashib borardi:
Hamma narsa tegaveradi.
* * *
“Poq” etib tushdiyu
Poʻstlogʻidan ajrab
Ilgarilab ketdi yongʻoq.
* * *
Shudringga
Oʻzini soldi
Xonqizi.
* * *
Pagʻa-pagʻa yogʻdi qor.
Tomlar koʻpirib ketdi
Etigimni yashirib qoʻydi onam.
* * *
Koʻzingda
Oʻzimning
Aksimni koʻrdim.
* * *
Koʻzoynak
Kapalakdek qoʻndi
Burnimga.
* * *
Hamma narsa bor dedi u.
Hamma
Narsa.
* * *
Sandalning oʻti oʻchgan.
Turgim kelmas oʻrnimdan.
Koʻksimda mushuk yotibdi.
* * *
Bogʻi chaman boʻlgani sari
Toʻzgʻib boryapti
Oʻzi.
* * *
Bodroq paxtazorga
Oppoq quyonchalar qaydan keldi?
Tutib boʻlarmikan ularni?
* * *
Qiz seskanib qoʻlini tortdi.
Barmogʻimda qoldi
Uzugi.
* * *
Soʻfi azon chaqirdi.
Mezanadan shoshilib tushib,
Hovlisiga yugurib ketdi.
* * *
Yulduzlar koʻp uchdi bu kecha.
Uyqum oʻchdi.
Yigʻlagim keldi.
* * *
Yashirib sheʼr yozardim.
Bilardim
Shoirlik uyat ishligin.
* * *
Senga maqtangim kelyapti.
Sevib qoldimmikan.
* * *
Dengiz albatta toʻladi dedi
Qiyiq chol.
Oʻpkam toʻlib ketdi.
* * *
Shoirman deb
Irillardi u.
* * *
Navoiyning koʻzlariga
Qiyomatda
Qanday qaraymiz?
* * *
“Manfaat” deganda
“Man”ga berardi
Urgʻu
* * *
Uning ismini aytdi-yu
Dimogʻini yopdi
Yengi bilan.
* * *
Qiya eshik ustiga
In solibdi
Musicha.
* * *
Borligingni bilsam,
Tugʻilmas edim.
* * *
Kuylagin
Ovozing yoʻqolmay turib,
Meni sev…
* * *
Boʻsagʻada yotib,
Eshikni mushtlab,
Jonini Jabborga berdi.
* * *
Meni buncha qiynoqqa solib,
Qanday sirni olmoqchisan?
Nimani bilmoqchisan, falak!
Iqbol MIRZO,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/sher-parchalari/