Post Views:
194
Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘li, ilohiyot va tariqat ilmining yirik namoyondalaridan biri, ulug‘ valiulloh Shayx Xovandi Tohur (XIV asr) nomi bilan ataladi.
Dahada shaharning uchta darvozasi (Qo‘ymas, Qo‘qon va Qashqar) bo‘lib, ular Yangi o‘rda qurilgan vaqtda o‘rnatilgan. Shahar tashqarisidagi yerlar (Oqqo‘rg‘on, Yalang‘och, Qorasuv, Bo‘z, SHo‘rtepa va boshqa mavzelar)da dehqonchilik va bog‘dorchilik qilingan. Daha 70 masjid, 5 madrasa, 70 mahalla, 31 mavze va Chorsu bozorining bir qismini o‘z ichiga olgan.
Dahaning asosiy tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qismi Shayxontohur kompleksi. Eng qadimiy ko‘chasi hozirgi A.Navoiy nomidagi shoxko‘cha.
DAHANING MAHALLA VA MAVZELARI
Qashqar tahminan hozirgi jasorat monumenti atrofi. 1830 yilda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon davrida o‘z vatani Qashqardan quvilib, Qo‘qon xonligidan panoh topgan musulmonlar joylashgan mahalla. Turk yangi shahar, Ila, Tojik mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Bir chekkasi yangishaharga tutash bo‘lgan. Shahar tashqarisidagi yerlari Oqqo‘rg‘on, Bo‘z, Yalang‘och mavzelarida bo‘lgan. Qashqar mahallada Hamza maktab ochib bir muddat ishlagan. Chernyayev boshliq rus qo‘shinlari dastlab 1864 4-oktyabr kuni yilda Toshkentga shu tomondan hujum qilgan, lekin ko‘p talofat berib, chekingan. 1865 yilda Toshkent rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, egasiz qolgan xonadonlarga rus qo‘shinlari joylashib olgan. Shuningdek, 1867 yilning kuzida Turkiston o‘lkasining bosib olish manzaralari albomini tayyorlash uchun taklif etilgan va keyinchalik o‘zi ham shu qatliomning faol ishtirokchisiga aylangan rus rassomi Vereshchagin shu yerda yashagan. Mahalla tahminan “Turkiston” konsert zali va «Anhor» kafesi yaqinida bo‘lgan.
Kaltatoy mahallasi. Shimoldan Beshog‘ayni, sharqdan Hovuzlik, g‘arbdan Mog‘ol ko‘cha, janubdan Jar ko‘cha mahallalari bilan chegaralangan. Shayxontohur dahasining qadimiy mahallalaridan edi. Rivoyatlarga ko‘ra avliyo Buzruk ota shu mahallada yashagan, uning dumi kalta yo‘rg‘asi bo‘lganidan mahalla Kaltatoy nomini olgan. Aslida Kaltatoy o‘zbek urug‘laridan biri. Kaltatoylar o‘zbeklar tarkibidagi “turk” deb ataluvchi etnik guruhning bo‘linmalaridan biri bo‘lgan. Kaltatoylar yana bir qancha urug‘lar (muazzamini, maxontori, mirzo, kaltatoy)ga bo‘lingan. Kal¬tatoylar ko‘p sonli urug‘ bo‘lganligi uchun O‘rta Osiyoning barcha hududlariga tarqalib ketishgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida kaltatoylar batamom o‘troqlashib, o‘z urug‘lari nomini unutgan. Respublikamizning Jizzax, Qashqadaryo kabi viloyatlarida Kaltatoy nomli qishloqlar ham saqlanib qolgan.
Qiyot – G‘arbdan Qoryog‘di, (Qar’yatdeh) mahallasi, Shimoldan Shayxontohur ko‘chasi, Sharqdan Anhor kanali bilan chegaralangan. Dala hovlilari Mirobod, Qorasuv, Oltintepa, Oqqo‘rg‘on, Bo‘z va Childuxtaron mavzelarida bo‘lgan. Aholisi asosan o‘zbeklarning qiyot urug‘iga mansub bo‘lgan. Ular VIII-X asrlarda Dashti qipchoqda yashab, chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. 92 tomirli o‘zbek qavmlari qatorida tilga olingan urug‘lardan biri O‘g‘uzlar davlati yemirilgach Qiyot qabilasi tarqab ketgan. Dashti qipchoq cho‘llarida qolgan qismi keyinchalik o‘zbek, qozoq va qoraqalpoq xalqlari tarkibiy qismlaridan birini tashkil qilgan. Qiyotlar asosan XX asr boshlaridan o‘troqlashib, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Toshkentning Qo‘qon darvozasini qo‘riqlash qiyotliklarga topshirilgan. Rossiya imperiyasi ko‘shinlari 1865 yil 14-16 iyun kunlari Toshkentga bostirib kirganida qiyot himoyachilari Abdurahmon yasovul boshchiligida dushman askarlariga qattiq qarshilik ko‘rsatganlar. «Paxtakor» stadioni qyrilishi munosabati bilan mahalla buzilib ketgan. Ayrim atamashunoslar: — Bo‘zsuv soyining tik va baland qirg‘og‘i, yoki, tog‘dan oqqan sel manosidagi qiyon so‘zining ko‘pligi bo‘lishi kerak degan fikrni bildiradilar. Yana boshqa ma’lumotlarga qaraganda Xorazmning Qiyot qishlog‘idan ko‘chib kelgan bir oila shu yerga ko‘chib kelib yashayboshlagan. Shu- shu bu joy Qiyot nomini olgan.
Qoryog‘di — Shayxontohur dahasidagi mahalla. Qiyot, Zanjirlik mahallasiga chegaradosh. A.Navoiy (Shayxontohur) ko‘chasiga tutash bo‘lgan. X-XI asrlarda shahar (Binkat) tashqarisida vujudga kelgan yangi qishloq bo‘lgan. XIV asrda shahar kengaygach, qoryog‘di uning tarkibiga kirgan. Bu mahallada mashhur tarixchi Muhammad Solih tug‘ilgan va yashagan. Uning tug‘ilgan joyi — «Tarixi jadidi Toshkand» asarida «qorabog‘di» deb yozilgan. Aslida Qariyadeh, ya’ni «qishloq» deb atalib, so‘ngra xalq tilida Qoryog‘di bo‘lib ketgan. Atamashunos S.Qorayevning fikricha – mahalla xotin-qizlarning Qoryog‘di bayrami sharafiga qo‘yilgan. Birinchi marta qor yoqqan kuni kechqurun xotin-qizlar mahallani aylanib chiqib pul, shirinlik yig‘ishar, keyin bir yerga to‘planishib o‘yin-kulgi qilishargan. Qoryog‘di degan aza marosimi ham bor. Kishi o‘lgandan keyin birinchi marta qor yoqqanda qor yog‘di marosimi o‘tkazilgan.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/shayxontohur-dahasi-qashqar-qiyot-qoryog-di-mahallalari/