Post Views:
816
Shayx Zayniddin bobo 1164 yilda Bag‘dod shahrida tug‘ilgan. Shayx Zayniddinning otalari — Shayx Shahobiddin Abu Xafs Umar Suxravardiydir. U kishi atoqli olim va jamoat arbobi bo‘lib, «suxravardiyya» tasavvuf tariqatini yaratganlar. «Avoruf ul-maorif» nomli mashhur kitobning muallifi. Bu kitob arab, fors, ingliz, nemis va boshqa tillarda ko‘p martalab nashr etilgan. Suxravardiy kitobining hatto bundan yigirma yil ilgari Berlinda nashr etilishi bejiz emas: bu kitobda ilm-fanga qanday munosabatda bo‘lish kerak, odamning xulq-atvori, odob-ahloqi, jamiyatda o‘zini qanday tutishi kerakligi, poklanish usullari, komil inson bo‘lish uchun maorifu ma’rifat, ma’naviyat-madaniyat imkoniyatlaridan foydalanish lozimligi tushuntirib beriladi. Shu bilan birga, u kishi ijtimoiy-davlat arbobi ham edi. XIII asr boshlarida Xorazm, Saljo‘qiya, Iroq va Eron o‘rtasidagi davlatlararo janjallarni diniy arbob va elchi sifatida bosdirgan shaxs ham mana shu Shayx Shahobiddin Abu Xafs Umar Suxravardiy bo‘lgan.
Mana shunday davlat va din arbobi, buyuk mutasavvif olim Suxravardiyning o‘g‘li Toshkentda ko‘p savobli ishlar qilgan jamiyat arbobi Shayx Zayniddin Bobo ko‘hi Orifon maqbarasi yuz yillar o‘tibdiki, atoqli allomai-fuzalolar uchun ham, arbobu fuqarolar uchun ham aziz ziyoratgohga aylangan. Chunonchi, Sohibqiron Amir Temur bobomiz XIV asr oxiri va XV asrning boshlarida Shayx Zayniddin bobo ko‘hi Orifon Toshkandiy maqbarasini uch marta ziyorat qildilar va maqbarani qaytadan ta’mir ettirdilar. Mashhur davlat va din arbobi Xoja Ahror Valiy ham Samarqanddan kelib, ushbu maqbarani bir necha marta ziyorat qilganlar. Navoiy bobomiz ham o‘z kitoblarida Suxravardiylar sulolasini hurmat bilan tilga olganlar. Shuni ham aytish joizki, mashhur mutafakkir va shoir Shayx Sa’diy «Bo‘ston» kitobida Suxravardiyni o‘z ustozim, deb e’tirof etgan.
Rivoyat qilinishicha, Shayx Zayniddin bobo yoshligida o‘z otasi Shayx Shaxobiddinning ko‘rsatmasiga ko‘ra Bag‘doddan Toshkentga kelib, Ko‘kcha mavzesidagi eski qabriston yonida mavjud bo‘lgan «chillaxona»ga joylashadi va shu yerda yashay boshlaydi. Ul zot o‘z zamonasining bilimdon kishilaridan bo‘lib, suxravardiya tariqatining solihlaridan edi. Binobarin, Toshkent ahiga tasavvuf ilmidan va’zlar o‘qib marifatdan saboq beradi.
Zamonlar o‘tishi bilan asta-sekin chortoq nurab xarobaga aylanadi. Naql qilinishicha, Shayx Zayniddin bobo marqalarini sohibqiron Amir Temur bir necha marta ziyorat qilgan. XIV asr oxirida Amir Temurning farmoniga ko‘ra, eski chortoq ustiga hozirgi muxtasham va salobatli maqbara barpo etilgan. O‘shandan buyon mazkur maqbara bir necha marta ta’mirlangan Shayx Zayniddin bobo chillaxonada yashay boshlagach, asta-sekin uning atrofiga odamlar ko‘chib kelib maskan quradilar. Bir necha yillar o‘tgach, Shayx Zayniddin boboning zurriyodidan tarqagan avlod hamda ko‘chib kelgan ixlosmandlar jamoasining nufuzi orta borib, qabriston yonida bir qishloq (XIII-asr) vujudga keladi. Mazkur qishloqning nomini Shayx Zayniddin bobog‘a nisbat berib, «Quyi orifon» (oqimlar kishlog‘i) — deb atay boshlaydilar. (Keyinchalik «Oqilon» (oqillar) — deb atalib ketgan bo‘lsa kerak).
Shayx Zayniddin bobo tabarruk 95 yoshga yetib, 1259 yili vafot etadi. Ul zotning jasadlarini mana shu yerga dafn etadilar.
Keyingi vaqtlarda, maqbara ancha futurdan ketib ta’mirga extiyojmand bo‘lib qolgan edi. Istiqlolimiz sharofati bilan maqbara qaytadan ta’mirlandi.
Shayx Zayniddin bobo maqbarasi Toshkentdagi maqbaralar orasida eng ajoyib, salobatli va muxtasham maqbaralardan biridir. Mazkur maqbara XIV-XV asrlarga mansub bo‘lgan me’morchilik uslubiga xos yodgorlikdir. Maqbara XI-asrda tashkil topgan qabristonning eng qiya tepalik ustiga qurilgan. Maqbaraning – orqa tomonida XIII asrda vujudga kelgan qishloq bo‘lib Kuyy Orifon deb ataganlar.
Maqbara, chiroyli gumbazli bo‘lib, uning atrofida turli binolar (tobutxona, chillaxona, chortoq va boshqa) bo‘lgan. Old tomoni janubi-sharqqa qaratilgan. Maqbaraning markazida Shayx Zayniddin bobo sag‘anasi, burchaklarida esa boshqa shaxslarning qabrlari bor. Maqbaraning janubi-g‘arbiy peshtoqidagi yozuvga ko‘ra, hijriy 1339 yilda (milodiy 1920-21 yillar) ta’mir qilinib, maqbaraning eski g‘ishtlari yangi g‘ishtlar (26x12x6 sm) bilan almashtirilgan. Gumba’zi kvadrat (24x24x5 sm) g‘ishtdan terilgan.
Maqbara ichida «chillaxona» bor. Mazkur chillaxonaning gumba’zida lagan shaklida bir necha tuynuklar ishlangan. Ayrim falakiyot olimlarining fikricha, mazkur chillaxona o‘z vaqtida rasadxona xizmatini o‘tagan bo‘lishi mumkin — degan taxminlar ham bor, Mazkur chillaxonaning janubi-sharqiy qismida pishiq g‘ishtdan ishlangan zina ham bor. Bu pillapoya chillaxonadan boshlangan yer osti yo‘liga tushib borgan. Yer osti yo‘lining og‘ziga buyi bir yarim metr, eni tahminan bir metr kenglikda o‘ymakor eshik qurilgan bo‘lib, eshik zanjiri ustidan qulf solingandir.
Rivoyatlarga ko‘ra mazkur yer osti yo‘li g‘or chillaxonadan boshlanib, Hazrat Imom Abubakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbaralarigacha davom etar ekan. Naql qilinishicha, Shayx Zayniddin bobo marhum Hazrat Imom Abubakr Muhammad Qaffol Shoshiy (903-976)ga ixlosmand muxlis ekanlar. Binobarin, Shayx Zayniddin bobo ul zotning marqadlarini tavof qilish maqsadida, ushbu yer osti yo‘li bilan borib kelarkanlar.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/shayx-zayniddin-bobo/