Chingiz Aytmatovning toʻrt farzandi bor edi: birinchi nikohidan ikki oʻgʻli – Sanjar va Askar, ikkinchi nikohidan esa qizi Shirin va oʻgʻli Eldar. Buyuk va zabardast yozuvchi avlodlari bugun qanday yashayapti? Bu haqda mohir klassikning kichik oʻgʻli Eldar Aytmatov bilan suhbat qurdik.
– Katta akalarimiz bilan doim suhbatlashardik, – deydi Eldar. – Ular biznikiga mehmonga kelishardi, hatto otam xorijda ishlaganida ham. Eng kattamiz Sanjar Moskvada yashaydi, uni kamdan-kam koʻramiz, ammo telefon orqali gaplashib turamiz. Uning oʻz biznesi bor. Oʻrtancha akam Askar Qirgʻizistonning tashqi ishlar vaziri boʻlgan, mazkur lavozimdan ketgach, “Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi” jamoat fondini boshqardi. Bishkekda yashaydi, shu boisdan tez-tez koʻrishib turamiz. Tugʻishgan opam Shirin bilan juda yaqinmiz. U Jogorku keneshda deputat boʻlgandi, hozir siyosatni tark etgan, ikki qizini tarbiya qilmoqda. Uning ham oʻrtacha oʻz biznesi bor, hozir oilasi va oʻz ishlari bilan band. Men rassom va dizaynerman, 2000 yili otam tashkil etgan “Chingiz Aytmatov xalqaro fondi”ni boshqaraman.
Aytmatovning olti qiz nabirasi bor – akalarim va opamning qizlari va ikki oʻgʻil nabirasi – mening oʻgʻillarim. Yana ikkita evarasi bor – Sanjarning qizi farzandlari. Haqiqatan ham, otam hayotligida faqatgina katta nabiralariga birmuncha vaqt mehr berishga ulgurgan, mening hamda Shirinning farzandlari uning oʻlimidan soʻnggina dunyoga kelishgan. Aytmasam boʻlmaydi, meni hali Cholpon ismli oʻgay opam bor – u onamning birinchi nikohidan boʻlgan qizi. Ota-onam oila qurishganida, u balogʻat yoshida boʻlgan. Otam uni ham juda yaxshi koʻrardi. Ayni vaqtda u Londonda yashayapti, oʻgʻli ulgʻayayapti. Chindan ham Aytmatovlar katta oiladan iborat.
* * *
Men uchun Chingiz Aytmatov birinchi navbatda OTAM edi. Yillar oʻtgan boʻlsa-da, shubhasiz, u oʻziga xos inson boʻlganini fahmlay boshladim, barcha unga va bizga doim diqqat-eʼtibor qaratardi. Bolalik chogʻlarimda shunday voqea boʻlgandi: mashinada borardik, yonimizda hukumatdan qandaydir kishi bor. U burilib mendan “Bilasanmi, mamlakatimizda eng katta inson kim?” deya soʻradi. Men shu ondayoq oʻsha vaqtda Qirgʻizistonni boshqargan Oliy sovet raisining familiyasini aytdim. Oʻsha inson kulib yuborib dedi: “Eng muhim inson – bu sening otang”. Men juda hayron boʻldim. Biz uyga yetib kelganimizda, otam meni maqtab, toʻgʻri javob qaytarganimni taʼkidladi.
Meni barcha vaqt dongdor familiyamiz taʼqib qilar va bu bilan hisoblashishimga toʻgʻri kelardi. Noxush pallalar ham boʻlgan. Boshlangʻich maktabda oʻqib yurganimda, ortimdan otamning xizmat mashinasi kelardi. Biz shahar atrofida yashardik va uygacha bemalol, mustaqil yetib borolmasdim. Shu sababli, sinfdoshlarim meni boy deb atashardi, bu sovet davri uchun koʻngilni ogʻritadigan laqab edi. Bizga, shubhasiz, havas qilishardi. Biroq menga barchasiga faqatgina otam sababli erishganimni aytishmasdi. Ehtimol, opam parlamentda deputat boʻlganida shunga oʻxshash soʻzlarni eshitishiga toʻgʻri kelgandir yoki akamlarga, axir Askar vazir, Sanjar esa Qirgʻizistonning Moskva va Yevropadagi maxsus vakili boʻldi. Ammo Shirin otamning oʻlimidan soʻng deputat boʻldi, oʻylashimcha, gapirish gʻalati, bularning barchasi otamning xizmatlari edi.
Menga hech qachon siyosatchi boʻlishni jiddiy ravishda taklif etishmagan, aftidan bu yoʻlni tanlamagan boʻlardim. Otam doim bu shugʻullanishga arziydigan ish emas, deb aytardi. Uning oʻzi sovet ittifoqi qulaganidan soʻng qirgʻiz xalqi undan prezidentlik lavozimini egallashni iltimos qilganida buni rad etgandi. Shunda qanchalar gʻazablangandim-a! Menga otam rozi boʻlishi kerakdek tuyulgan, Aytmatov oʻz xalqi uchun koʻp yaxshi ishlarni qilishga qodir, deb hisoblaganman. Hozir u toʻgʻri ish qilganini tushunayapman. Agar prezident boʻlganida, hayotni ancha erta tark etardi, negaki juda muloyim va taʼsirchan inson boʻlgan, barchasini yuragiga yaqin olardi.
Shubhasiz, hayotimizda otam siymosi hal qiluvchi oʻrin tutganini tushunaman. Hozirga qadar oddiy odamlar Aytmatov oilasiga katta hurmat-izzat bilan munosabatda boʻlishlarini his qilaman, otam ular uchun xalqimizning timsoli edi.
Aytmatov qanday ota boʻlgan? Juda mehribon va gʻamxoʻr. U doimo juda band boʻlgan, shunga qaramay bizlar va opamga koʻp vaqtini ajratardi. Ijod qilib oʻtirganida, yoniga sekingina kirib oʻtirardim va rasm chizardim. Otam shunchaki divanda yotgani va tanballik qilganini eslolmayman. Biz hatto hech qachon istirohat qilishga oilaviy yoʻl olmaganmiz. Qachonki uni chet elning allaqayeriga joʻnatishsa, otam bizni oʻziga hamroh qilib olardi hamda bu taʼtilimiz boʻlardi. U bizga “Manas”ni yoki oʻzi oʻylab topgan ertaklarni oʻqir yoxud hikoya qilib berardi. Goho oʻqish vaqtida uyquga ketib qolardi (shunchalik holdan toyib), biz esa opam bilan uni uygʻotib, iltimos qilardik: “Yana. Yana. Yana”. Ota-onam xat-savodimiz uchun juda qaygʻurishgan. Men ingliz tili yoʻnalishidagi maktabda, keyinroq esa Moskvaga koʻchib kelganimizda markaziy musiqa maktabida oʻqiganman. Skripka, fortepiano chalardim. Ammo baribir rassom boʻldim.
* * *
Biznikida har doim koʻplab qiziqarli insonlar mehmon boʻlardi. Ularning koʻpchiligini eslolmayman, negaki bunga ahamiyat bermaganman. Otam Lyuksemburgda elchi boʻlganida, Mstislav Rostropovich mehmon boʻlgandi, u bu vaqtda allaqachon Gʻarbda yashardi. Men skripka chalardim, opam esa – fortepiano. Mehmonlar oldida chiqish qilishimiz ota-onamga juda yoqardi. Bir kuni Rostropovich men uchun oʻziga xos mashgʻulot oʻtkazdi: avvaliga u violonchelda, soʻngra men skripkada chaldim, shunda u menga nimadir maslahat berdi, xatoimni tuzatdi.
1986 yili otam oʻtkazgan Issiqkoʻl forumida Qirgʻizistonga butun dunyodan shoirlar, yozuvchilar, faylasuflar va mutafakkirlar kelishdi: amerikalik nasrnavis Jeyms Bolduin, dramaturg Artur Miller, turk yozuvchisi Yashar Kemal, britaniyalik mashhur aktyor Piter Ustinov, Nobel mukofoti laureati, fransuz Klod Simon…
Afsonaviy Gabriel Garsia Markes, italiyalik ssenariynavis Tonino Guerra va Mikelanjelo Antonioni mehmon boʻlardi. Men faqatgina ularning atrofida yugurib yurganim, ular stol atrofida oʻtirishganida esa oʻynab oʻtirganimni xotirlayman. Hattoki bularning barchasi tasvirga tushirilgan allaqanday oilaviy video ham bor. Hozir buni koʻrish oʻzimga qiziq tuyuladi.
Maktab oʻquvchisi boʻlgan davrlarimda otam meni oʻzi bilan bir necha bor Berlin kinofestivaliga olib borgandi. U yerda ham koʻplab yulduzlar boʻlgan. Bu odamlarning kim boʻlganini tagʻin anglab yetolmadim. Gollivud aktyori Morgan Friman va italyan rejissyori Bernardo Bertoluchchi biz bilan bir mashinada kinoteatrlarni koʻrib chiqishardi. Oʻshanda men tarjimon rolini bajarardim, otam esa bu odamlar bilan xotirjam suhbatlashardi. Otamga yordamlashayotganim yoqardi. Keyinroq esa, ulgʻayganimda, otamga nafaqat tarjimon boʻldim, balki haydovchi, kotib va har joyda hamroh boʻlib yurardim.
Otam doimo odatiy sharikli ruchkada yozardi. Unga tez-tez allaqanday qimmatbaho nusxalarini hadya etishsa-da, hatto ularning ikkitasi tillodan edi, ammo ulardan tamoman foydalanmasdi. Koʻpincha otamga xat-xabar yozib turishida kompyuterda javob maktublarini terib koʻmaklashardim. Umrining soʻnggi kunlariga qadar uning oldida boʻldim – bu eng ulkan baxt edi. Chamasi bu borada akalarim va opamga nisbatan koʻproq omadim chopgan.
* * *
Umrim davomida oilamiz juda boy boʻlganini koʻp eshitganman. Bir kuni gazetada otam Qirgʻizistonga oʻzining shaxsiy “Boing”ida uchib kelgani haqida yozilgan xabarni oʻqib qoldim. Soʻrayman undan: “Nahotki bizda samolyot bor?” U esa javob oʻrniga kuladi. Haqiqatda ham otam chegaraga tutash viloyatlardagi qirgʻizlar va mahalliy oʻzbeklar oʻrtasidagi qonli yovgarchiliklarga barham berish va ularni tinchlantirish uchun harbiy samolyotda Moskvadan Oʻshga shoshilinch ravishda uchgan. Odamlar siyosatchilarga boʻysunmay qolishsa, u tez-tez tinchlik oʻrnatuvchi shaxs boʻlib, olomon oldida chiqish qilardi. Ular Aytmatovni juda hurmat qilishardi.
Otam umuman uddaburon inson boʻlmagan – mualliflik huquqlarini shunchaki topshirib yuborardi. Baʼzi nashriyotlar bilan bugunga qadar otamning ijodidan noqonuniy foydalanishni toʻxtatishlarini soʻrab kurashib kelaman. Masalan, yaqinda Shri-Lankada “Jamila” qissasi boʻyicha serial olishayotganini bilib qoldim. U yerga bu haqda yozgandim, bari behuda.
Otam pullarini taʼlim olishimizga sarf etgan. Barchamiz Moskvada oʻqidik, keyin xorijda – AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda, bularning bari sobiq ittifoq davrida yuz bergandi. Masalan, opam besh yoki olti tilni biladi. Barchamizning maʼlumotimiz aʼlo darajada. Uning oʻzi esa hayotda juda oʻrtamiyona umrguzaronlik qilgan, hech qanday kolleksiya toʻplamagan, qimmmatbaho buyumlarni xarid qilmagan, uyda ham sal boʻlmasa, zohidona hayot kechirgan, uni moddiy manfaatdorlik qiziqtirmagan.
* * *
Chingiz Aytmatovning oʻgʻli boʻlish nimani anglatadi? Bu – katta masʼuliyat. Otam xotirasi va uning barcha oʻquvchilari oldida burchim shundan iboratki, uning kitoblarini keyinchalik ham nashr ettirishim, merosini saqlashim zarur. MDH davlatlari maktablari dasturiga uning ijod namunalari kirishini juda istardim. Hatto oʻzimizda, Qirgʻizistondagi maktablarda ham uning ijodini uncha koʻp oʻrganishmaydi, faqat qisqa tarjimai hol, qisqa hikoyalar oʻrin olgan.
Hozir biznikiga – uy-muzeyimizga Qirgʻiziston, Qozogʻistondan otamning oʻquvchilari sevimli yozuvchisi qanday yashagani, qayerda ijod qilganini koʻrish maqsadida kelib turishadi. Ammo bir paytning oʻzida maktab oʻquvchilari ham kelib soʻrashadi: “Kim u Aytmatov? Hofizmi? Shoirmi?” Evoh, yangi avlod uni deyarli bilmaydi. Hozir biz joriy yilda otam tavalludining 90 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrayapmiz. Uning asarlarini nashr etishni xohlaymiz: baʼzilari hali nashr etilmagan, ertaklari toʻplam holida dunyo yuzini koʻradi. Ayni dam shu ishlar bilan shugʻullanayapman. Qachon oʻzimni yomon his qilsam, otamning kabinetiga kiramanu uning borligini his etaman va u bilan xayolan suhbat quraman…
Oksana AKULOVA,
Olma-Ota
Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi
https://saviya.uz/hayot/suhbat/shaxsiy-boing-ida-uchgan-yozuvchi/