SHAXMAT, shohmot (fors. shohmot — shoh oʻddi) — sport turi. Oʻyindan maqsad raqib shohini mot qilish. Ikki xil (oq va qora) rangdagi 64 ta teng katakli taxta (sath)da ikki xil rangdagi 16 tadan dona (bittadan shoh va farzin, 2 tadan rux, fil va ot, 8 tadan piyoda)da oʻynaladi. Shaxmatda musobaqa paytida maʼlum sondagi yurishlar qilinishi uchun vaqt (dastlabki 40 ta yurish uchun 2,5, 2 va 1,5 soat va h. k.) va oʻyin tugamasa qoʻshimcha vaqt belgilanadi. Tezkor Shaxmatda oʻyinni tugatish uchun aniq vaqt (30, 25, 15 va 5 min. dan) beriladi. Sirtqi Shaxmatda har bir yurishni amalga oshirish uchun masofa va aloqa vositasi turiga qarab, kun yoki haftalar belgilanishi mumkin.
Shaxmatning kelib chiqishi chaturanga oʻyiniga borib taqaladi. Arab xalifaligi davrida bu oʻyin «shatranj» nomi bilan ommaviylashdi. Arablar Sh. yozuvini joriy etgani uchun Shaxmat oʻyinlari matniga oid qimmatli maʼlumotlar saqlanib qolgan. Abulfath Ahmad ibn Sijziy «Shatranj kitobi»da 819-yilda Xurosonda oʻtkazilgan birinchi Shaxmat musobaqasi va unda gʻolib chiqqan oʻrtaosiyolik mashhur shatranjchi Abu Bakr as-Suliy haqida yozgan. As-Suliy koʻplab Shaxmat voqealariga qahramon boʻlib kirgan Abulfaroj Laylojga ustozlik qilgan.
Shaxmat 11-asrdan boshlab Yevropada jadal rivojlandi. 15-asrda Shaxmat qoidalariga oʻzgarishlar kiritildi. 1512-yilda Rimda Damianoning «Bu kitob shaxmat oʻynashni oʻrgatadi» toʻplami bosildi va u Yevropa tillariga tarjima qilindi. 1575-yilda Madridda Ispaniya va Italiya Sh. chilari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. 17-asrda Joakkino Greko (Italiya), 18-asrda Danikan (Fransua Andre), Filidor (Fransiya), 19-asrda Govard Staunton (Angliya), Adolf Andersen, Iogannes Sukertort (Germaniya), Pol Morfi, Lui Paulsen (AQSH), Ignas Kolish, Vilgelm Steynis (Avstriya — Vengriya), Aleksandr Petrov, Mixail Chigorin (Rossiya) kabi Shaxmat ustalari bu oʻyinning rivojiga katta hissa qoʻshishdi. 1851-yilda Londonda 1-xalqaro musobaqa uyushtirildi. Unda Andersen gʻalaba qozondi. 1886-yildan shaxsiy jahon chempionati oʻtkazilishi Shaxmatni yanada ommalashtirdi. 1924-yilda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tuzildi. 1987-yilda tuzilgan Grossmeysterlar assotsiatsiyasi (keyin Jahon shaxmat kengashi, deb nomlandi) mustaqil ravishda Shaxmat boʻyicha bir qancha musobaqa, jahon kubogi va chempionati tashkil etdi. 2000-yilda Vladimir Kramnik va Garri Kasparov oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqada Kramnik gʻalaba qozondi va jahon chempioni, deb eʼlon qilindi. FIDE Sh. dagi boʻlinishga barham berish maqsadida mutlaq jahon chempionini aniqlash uchun birlashtiruvchi musobaqa belgiladi.
Oʻzbekiston zaminida Shaxmat chuqur ildiz otganini tasdiqlovchi manbalar mavjud. 1972-yilda Dalvarzintepa (Surxondaryo) da olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida Kushon davri (1 — 2-asrlar)ga oid Shaxmat donalari, 1977-yilda Afrosiyob (Samarqand)da oʻtkazilgan tadqiqotlar chogʻida 7—8-asrlarga taalluqli 7 ta Shaxmat donasi topilgan. 9-asrda yashagan arab olimi va shatranjchisi alAdliyning yozishicha, shatranjdagi inson tafakkurini cheklagan shashxoldagi xollarning tushishiga qarab yurish (shashxol) ning bekor qilinishi va bu oʻyinning rivojlanishida Oʻrta Osiyo xalqlari muhim rol oʻynagan. Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston», Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai saʼdayn va majmai bahrayn», Alisher Navoiyning «Majolis unnafois», «Lison uttayr», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» va boshqalar tarixiy asarlarda Shaxmat (shatranj)ga oid qimmatli maʼlumotlar bor. Amir Temur davrida quchli shatranjchilar Samarqandda toʻplanishgan. Tabrizlik Ali ashShatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) Samarqandda oʻtkazilgan musobaqalarda gʻolib chiqqan. Shatranj haqida kitob yozib, unga oʻzining va 14-asrgacha Oʻrta Osiyoda yashagan koʻplab oliya (grossmeyster)larning mansubalarini kiritgan. U sohibqironning oʻzi bilan ham shatranj oʻynab turgan.
20-asrning 20-y. laridan Oʻzbekistonda Shaxmatning zamonaviy qoidalari keng targʻib etilishi bu sport turining rivojlanishiga turtki berdi. Toshkent, Samarqand, Koʻqon va boshqalar shaharlarda Shaxmat toʻgaraklari ochildi. Azmiddin Xoʻjayev, Sergey Freyman, Poʻlat Saidxonov, Zokir Xoʻjayev kabilar Shaxmatni targʻib etishda jonkuyarlik koʻrsatishdi. 1930-yildan erkaklar, 1935-yildan ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatlari oʻtkazila boshlagan (Aleksandr Grushevskiy va Larisa Pinchuk eng koʻp — 8-martadan chempion boʻlishgan). Turli davrlarda Fyodor Duz-Xotimirskiy, Salo Flor, Tigran Petrosyan, Paul Keres, Aleksandr Kotov, Mark Taymanov, Viktor Korchnoy, Anatoliy Karpov kabi taniqli grossmeysterlarning Oʻzbekistonga kelib, maʼruzalar oʻqishi, bir yoʻla oʻyin (seans)lar oʻtkazishi, musobaqalarda qatnashishi mamlakatimiz Shaxmati rivojiga samarali taʼsir etdi. 20-asrning 50-y. laridan boshlab Mamajon Muhitdinov, Ulugʻbek Elbekov, Sergey Pinchuk, Roman Kim, Alla Mkrtichan kabi Shaxmat jonkuyarlarining yangi avlodi voyaga yetdi. Respublika shaxmatshashka klubi foydalanishga topshirildi, turli toifadagi musobaqalar oʻtkazila boshlandi, gaz. jur. larda Shaxmat ruknlari, Oʻzbekiston televideniyesida Shaxmat koʻrsatuvi ochildi, Shaxmatga oid kitoblarni nashr etish yoʻlga qoʻyildi. Isaak Birbrager, Yefim Ruxlis kabi Shaxmat kompozitorlari turli tanlovlarda gʻolib chiqishdi. Georgiy Borisenkoga sirtqi Shaxmat boʻyicha xalqaro grossmeyster unvoni berildi. Georgiy Aʼzamov esa Oʻzbekistondan yetishib chiqqan 1-xalqaro grossmeyster boʻldi (1984).
20-asrning 90-y. laridan Oʻzbekiston Shaxmat ida yuksalish boshlandi. Erkaklar terma jamoasi jahon Shaxmat olimpiadasida 2-oʻrinni egalladi (1992), Osiyo chempionatida gʻalaba qozondi (1999). Ibrohim Hamroqulov oʻsmirlar oʻrtasida jahon birinchiligida gʻolib chiqdi (1998). Rustam Qosimjonov Osiyoning birinchi (1998), jahonning 17-chempioni (2004) boʻldi.
FIDE tasnifi boʻyicha jahon chempionlari V. Steynis 1886 — 1894 E. Lasker 1894 — 1921 X. R. Kapablanka 1921 1927 A. Alyoxin 1927 — 1935, 1937 — 1944 M. Eyve 1935 1937 M. Botvinnik — 1948 — 1957, 1958 — 1960, 1961 1963 V. Smislov — 1957 — 1958 M. Tal 1960 1961 T. Petrosyan — 1963 — 1969 B. Spasskiy — 1969 — 1972 R. Fisher 1972 1975 A. Karpov 1975 1985, 1993 1999 G. Kasparov — 1985 — 1993 A. Xalifman — 1999 — 2001 V. Anand — 2001 — 2002 R. Ponomaryov — 2002 — 2004 R. Qosimjonov — 2004-yildan Nufuzli musobaqalarda yuqori natijalar koʻrsatgani uchun FIDE quyidagi Shaxmat chilarimizga xalqaro grossmeyster unvonini berdi: Valeriy Loginov, Aleksandr Nenashev, Grigoriy Serper, Sergey Zagrebelniy, Saydali Yoʻldoshev, Aleksey Barsov, Mixail Saltayev, Rustam Qosimjonov, Rena Mamedova, Shuhrat Safin, Marat Jumayev, Dmitriy Qayumov, Timur Gareyev (1992 — 2004). Bir necha Shaxmat chi va murabbiylar Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvoni va orden-medallari bilan mukofotlanishdi. Mamlakatda bolalar va yoshlar oʻrtasida ham Shaxmatni rivojlantirishga katta eʼtibor berilyapti. Shaxmat «Umid nihollari», «Barkamol avlod», universiada musobaqalari dasturiga kiritilgan. Oʻzbekistonlik yosh Shaxmat chilar bolalaroʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan xalqaro musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni egallab kelishyapti. Hoz. vaqtda Toshkent va viloyatlardagi Shaxmatga ixtisoslashgan bolalaroʻsmirlar sport maktablari, Shaxmat klublari va toʻgaraklarida 268 murabbiy faoliyat koʻrsatyapti. Mamlakatimizda 7984 kishi (2320 nafari xotin-qizlar) Shaxmat bilan bevosita shugʻullanishadi, ulardan 3220 nafari Shaxmat razryad va unvonlariga ega (2003).
Ad. . Muhitdinov M., Oʻzbekistonda shaxmatchilik, T., 1961; Muhitdinov M., Shaxmat — koni hikmat, T., 1994.
Asror Moʻminov.