Shavkat Miromonovich Mirziyoyev


Post Views:
12 225

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

mirzieyov
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996–2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001–2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995–2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M. Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M. Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Sh.M. Mirziyoyev Hukumat boshlig‘i sifatida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratdi.

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Sh.M. Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lgan mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqyeini mustahkamlash, milliy ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016 yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Sh.M. Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Sh.M. Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Manba

https://shosh.uz/uz/o-zbekiston-respublikasi-prezidentligiga-nomzod-shavkat-miromonovich-mirziyoyevning-tarjimai-holi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x