Sharqu Gʻarb olimlari bahra topgan dengiz

Abul Muʼin an-Nasafiy nafaqat kalom ilmining allomasi, balki oʻz davrining faqihi va usuliyotchi olimi sifatida ham shuhrat qozongan siymo edi. Shu boisdan ham “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli asarda boshqa bir nasaflik olim Najmiddin Umar an-Nasafiy u haqda: “Sharqu Gʻarbning olimu ulamolari Abul Muʼin an-Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, ul taratgʻon ziyo nurlarini koʻzlariga toʻtiyo qilib surtgʻonlar”, deya yuksak baho bergandi. Yozma manbalarda u imom fozil, sayfu-l-haq (haqiqat qilichi), jomiʼ al-usul, al-imom az-zohid, al-faqih al-hanafiy, al-olim al-boriʼ (bilimdon olim) kabi yuksak nomlar bilan tilga olinadi.

Abul Muʼin an-Nasafiy ilmu urfonda yetuk, ziyoli bir oilada ulgʻaygan, ajdodlaridan koʻplari, ayniqsa, fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyatlari bilan el-yurt orasida tanilgan edilar. Katta bobosi, oʻz davrining taniqli olimi Makhul Abul Fazl an-Nasafiy Nasafiylar sulolasining sardori-boshlovchisi hisoblanib, uning oilasidagilar fiqh ilmining hanafiya mazhabi asoschisi imom Abu Hanifa taʼlimotlariga tayanib amal qilganlar.

Baʼzi manbalarda Abul Muʼin an-Nasafiy bir qancha muddat Samarqandda yashagani va soʻngra uzoq yillar Buxoroda muqim istiqomat qilgani haqida ham xabarlar keltirilgan.

Arab olimi Xayriddin az-Zirikliy “Al-Aʼlom” va Umar Rizo Kahhola “Muʼjam al-muallifiyn” nomli asarlarida Abul Muʼin an-Nasafiy hijriy 418 (milodiy 1027) yilda Nasafda tugʻilganini zikr etishgan. Uning vafoti haqida esa aksar manbalarda 508/1114 sana beriladi. Shunga koʻra, Abul Muʼin an-Nasafiy uzoq umr koʻrib, 87 yoshida vafot etgan. Qabri Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida joylashgan.

Uning ilmiy-maʼnaviy merosi haqida yozgan olimlar an-Nasafiyning oʻnga yaqin asar yaratganini koʻrsatganlar. Ushbu asarlar haqida quyidagi maʼlumotlarni keltirish mumkin:

  1. Abul Muʼin an-Nasafiy oʻzining kalom ilmiga bagʻishlangan bosh asari “Tabsirat al-adilla”da zikr qilishicha, uning “Qasiyd al-qavoid fi ilm al-aqoid” nomli asari boʻlgan. Bu asarning bir qoʻlyozma nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasida saqlanadi.
  2. “Tabsirat al-adilla”da yozilishicha, yana bir asari “Al-Ifsod li hadʼ al-ilhod”da botiniy toifaga mansub kishilarning xato qarashlariga raddiyalar keltirilgan.
  3. Muallif qalamiga mansub “Iyzoh al-manhajjati fi kavn al-aqli hujjatan” nomli asar ham boʻlgan. Bu haqda “Tabsirat al-adilla” va “At-Tamhiyd li qavoid at-tavhiyd” asarlarida aytilgan. Shuningdek, mazkur asar haqida boshqa manbalarda, xususan, al-Bagʻdodiyning “Iyzoh al-maknun” va “Hadiyat al-orifiyn” kabi asarlarida ham zikr etilgan, lekin muallifning ushbu asari bizgacha yetib kelmagan.
  4. “Manohij al-aimmati fi-l-furuʼ” nomli asar esa al-Kafaviyning “Katoib aʼlom al-axyor”, Abdulhay al-Laknaviyning “Al-Favoid al-bahiyya fi tarojum al-hanafiyya”, al-Bagʻdodiyning “Iyzoh al-maknun”, “Hadiyat al-orifiyn”, Xayriddin az-Zirikliyning “Al-Aʼlom” va Umar Rizo Kahholaning “Muʼjam al-muallifiyn” nomli asarlarida zikr qilingan. Istanbuldagi “Lolaliy” kutubxonasida mazkur asarning bir qoʻlyozma nusxasi saqlanadi, biroq u “Manohij al-iqtido bi-l-aimmat al-muhtadiyn” nomi bilan qayd etilgan.
  5. Yuqorida zikr qilingan asarlarda va boshqa baʼzi bir tadqiqotlarda koʻrsatilishicha, Abul Muʼin an-Nasafiy “Sharh al-Jomiʼ al-kabir li-sh-Shayboniy fi furuʼ al-hanafiyya” nomli sharh ham bitgan.

Yana shuni aytish kerakki, olim Xayriddin az-Zirikliy va boshqa qator mualliflar “Kitob al-olim va-l-mutaallim” (“Ustoz va shogird kitobi”) nomli asarni xato ravishda Abul Muʼin an-Nasafiyga mansub etib koʻrsatgan, vaholanki bu asar IX asrda yashab oʻtgan olim Abu Muqotil as-Samarqandiy qalamiga mansubdir.

Shuningdek, baʼzi mualliflar “Kitob al-uʼmda fi usul ad-diyn” nomli asarni ham Abul Muʼin an-Nasafiyniki deb notoʻgʻri koʻrsatganlar. Aslida bu asar Abdulloh an-Nasafiy ismli nasaflik boshqa bir olim tomonidan yozilgan. U Abul Muʼin an-Nasafiydan ikki asr keyin yashagan boʻlib, 1320 yilda vafot etgan.

Qayd etish joiz, “Tabsirat al-adilla” asari allomaning eng yirik kitobi hisoblanadi. Shu boisdan ham, Abul Muʼin an-Nasafiy “Sohib at-Tabsira” nomi bilan ham shuhrat qozongan. Bu asarda kalom ilmining turli masalalari atroflicha chuqur sharhlanib, ulardagi muammoli-munozarali fikrlar ushbu ilmning buyuk allomasi Abu Mansur al-Moturidiy taʼlimotiga asoslangan holda isloh qilinadi.

An-Nasafiy yashagan XI asr ikkinchi yarmi va XII asr boshlarida kalom ilmi oʻzining yuksak choʻqqisiga koʻtarilgan edi. Shu boisdan ham “At-Tabsira”da kalom ilmida mustaqil maktab yaratgan imom al-Moturidiy va imom al-Ashʼariyning bu ilm sohasidagi nazariyalari bilan bir qatorda boshqa koʻplab mutakallimlarning fikr-mulohazalari, ularning xilma-xil qarashlari atroflicha tahlil qilinib, ilmiy jihatdan tegishli bahosini olgan.

Ayniqsa, asarda an-Nasafiy yashagan davrda ham qisman mavjud boʻlgan muʼtazila oqimining vakillari bilan keskin bahsu munozaralar, ularning xato qarashlariga dalillar bilan isbotlangan raddiyalar keltiriladi. Shuningdek, asarda oʻsha paytda islom dinida keng tarqalgan turli-tuman firqalar va toifalar hamda gʻayriislomiy guruhlarga ham keskin javoblar beriladi. Eng muhimi, muallif kalom ilmi sohasidagi bu yirik asarida moturudiya, ashʼariya va muʼtaziliya oqimlari oʻrtasidagi asosiy farqlarni dalillarga tayangan holda alohida ajratib koʻrsatadi.

Hajm jihatidan gʻoyatda katta (ikki jilddan tashkil topgan, ming sahifadan ortiq) bu manbaning qimmatli tomonlaridan yana biri shundaki, unda oʻsha davrda Movarounnahrda faoliyat koʻrsatgan qator olimlar haqida muhim maʼlumotlar oʻz aksini topgan. Jumladan, an-Nasafiyning ustozi imom Abu Mansur al-Moturidiy haqidagi maʼlumotlardan shuni qayd qilish kerakki, alloma 944 yilda vafot etganda uning shogirdlaridan biri, oʻsha paytda Samarqandda bosh qozi lavozimini egallab turgan Shayx Abu-l-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy imom al-Moturidiy qabri ustiga “Bu qabr oʻz aql-zakovati va tafakkuri bilan koʻplab ilmlarning yuksak choʻqqisini zabt etgan, ularning dunyo boʻylab tarqalishida butun kuch-quvvati va salohiyatini ayamay sarflagan, dinu diyonat sohasidagi asarlari unga mislsiz shonu shavkat keltirgan, umri boʻyi insonlarga ilmning lazzatli mevasini ulashgan allomaning qabridir” degan bitikni yozishlarini amr qilgan ekan. Bundan tashqari, asarda oʻsha davrdagi taniqli olimlardan Abu Nasr al-Iyodiy, Abu-l-Hasan Ali ibn Saad ar-Rustagʻfoniy, Abu Muhammad Abdulkarim ibn Muso al-Pazdaviy kabi allomalar haqida ham qimmatli maʼlumotlar keltirilgan.

Shuningdek, allomaning “Bahr al-kalom” asari alohida ahamiyatlidir. “Bahr al-kalom”ning oltinchi bobidagi birinchi fasl toʻrt banddan iborat boʻlib, ulardan birinchisi “Al-Imomat” (Imomlikka oid) deb atalgan. Mana shu bandda keltirilgan Paygʻambar (s. a. v.)ning ikki hadisi katta ilmiy ahamiyatga ega.

Birinchisi: “Iqtadu bi-l-laziyna min baʼdiy Abu Bakr va Umar” (bu hadislarni Imom at-Termiziy, ibn Moja, Ahmad ibn Hanbal va boshqa bir qancha muhaddislar oʻz asarlarida rivoyat qilganlar), yaʼni “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga iqtido qilinglar”, degan boʻlishiga qaramay, xalifalik ustida ikki kun bahs boʻlgan.

Ikkinchi hadis: Paygʻambarimizning “Mendan keyin xalifalik oʻttiz yil, undan keyin amirlik, podshohlik va hokazolar boʻladi”, degan fikrlari naqadar rostligi, dalillanganini alohida qayd qilish zarur. Chindan ham bu muddat (yaʼni, oʻttiz yil) choryorlar paytida tugagan. Hozirgi vaqtda “xalifalik”ni orzu qilib yurgan baʼzi kimsalar uchun ham Paygʻambarimizning bu hadislari asosli javobdir. Bu kitob shayx Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan islomiy aqidaning bosh manbalaridan sanaladi. Ayniqsa, islom dinida turli-tuman oqimlar va taʼlimotlar yaratilayotgan hozirgi paytda mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati beqiyosdir.

Asarni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish va oʻzbek tiliga tarjima qilish olimlarimiz oldida turgan vazifalardan biri. Uning qimmatli qoʻlyozmalaridan biri Dubaydagi Jumʼa al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida, ikkinchisi Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasining qoʻlyozmalar boʻlimida, uchinchisi Bagʻdoddagi “Maktabat al-avqofda”da, toʻrtinchisi Qohiradagi mashhur “Dorul-kutub”ning qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanadi. Ushbu qoʻlyozmaning hijriy 950 yilda oddiy xat bilan koʻchirilgan boshqa bir nusxasi Iskandariyaning (Misr) “Maktabat al-baladiyya” nomli kutubxonasida saqlanmoqda.

“Kitob at-tamhiyd li qavoʼid at-tavhiyd” (“Tavhid (yakkaxudolik) qoidalari sharhi boʻyicha qoʻllanma kitob”) nomli asar ham eʼtiborga molik. 1986 yilda Qohirada arab tadqiqotchisi Habibulloh Hasan al-Ahmad tomonidan nashr etilgan bu asar ikki kata qismdan iborat boʻlib, oʻz navbatida, bu qismlar koʻplab bob va fasl (boʻlim)lardan tashkil topgan.

Masalan, birinchi qismning dastlabki boblarida imom Abul Muʼin an-Nasafiy yashagan davr, uning hayoti va faoliyatiga doir maʼlumotlar keltiriladi. Bularda oʻsha davrdagi siyosiy, ijtimoiy, ayniqsa, ilmiy-madaniy hayot aks ettiriladi. Soʻng ustozlari va oʻndan ortiq shogirdlari haqida batafsil maʼlumotlar keltirilgan.

Muallif kitob muqaddimasida bu asarini oʻsha davr hokimlaridan birining ahl as-sunna va-l-jamoaning aqidasi haqida bir kitob bitish xususidagi iltimosiga koʻra yozganini bayon qiladi. Shundan keyin, asarning mazmuni va maʼnosi tahlil etilib, jumladan, muallif bilish (maʼrifa) nazariyasining yoʻl-yoʻriqlarini bayon qilib, ularni uch xil toifaga ajratadi:

– sezgi aʼzolari (beshta);

– haqiqiy, ishonchli axborotlar;

– aql-idrok.

Asarda hidoyat yoʻlidan adashgan baʼzi islomiy firqa va guruhlar (masalan, jabariya, xavorijlar, muʼtaziliya)ga berilgan asosli raddiyalar ham oʻz ifodasini topgan.

Chunonchi, bu bebaho asarlarda har qanday davr va jamiyatda uchraydigan hidoyat yoʻlidan adashgan turli firqa va guruhlarga qarshi, shuningdek, dinda muhim oʻrin egallaydigan aqidaviy masalalarni talqin qilishda muqaddas manbalar – Qurʼoni karim va paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.)ning muborak hadislariga tayangan holda ish tutish lozimligi singari ilgʻor gʻoyalar ilgari surilgan.

Binobarin, bundan qariyb oʻn asr muqaddam yashagan buyuk vatandoshimiz Abul Muʼin an-Nasafiy qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros nafaqat oʻz zamoni uchun, balki hozirgi davrda ham amaliy ahamiyatga ega taʼlimot sifatida har tomonlama chuqur oʻrganishga loyiq.

Shu yoʻlda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida aytgan fikrlari, xususan, Abul Muʼin an-Nasafiy abadiy qoʻnim topgan manzilni obodonlashtirib, bu yerni katta ziyoratgohga aylantirish hamda bu dargohda katta kutubxona tashkil qilish haqidagi koʻrsatma voha ahlini, barcha yurtdoshlarimizni nihoyatda quvontirdi. Oʻylaymizki, bir vaqtlar allomaning Sharqu Gʻarb bahra topgan dengiz sifatida eʼtirof etilgan ilmi yana qayta oʻz hikmatini, foydasini namoyon qilajak.

 

Ubaydulla UVATOV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari doktori, professor

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sharqu-garb-olimlari-bahra-topgan-dengiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x