Sharondozning toʻbichoq soʻzi

Gohida shahardan olis ovul va qishloqlarda koʻzga ilinadigan, eʼtiborimizni tortadigan biror jihat yoʻqdek koʻrinadi. Aslida, ana shunday manzillarda yashovchi yurtdoshlarimizning lugʻat boyligi kishini hayratlantirdi.

Bekorga ulugʻlarimiz: “Eli boyning tili boy”, deb aytishmaydi. Rostdan ham, elning til boyligi avvalo uning hayot tarzi, turmush sharoiti, qolaversa, chechanlarining ifoda tarzi bilan bogʻliq. Bu safargi lugʻatimizni Dehqonobod shevasiga xos soʻzlardan tuzdik.

 

Bovurlamoq – bagʻriga olmoq, qoʻriqlamoq.

Boʻchalamoq – uy hayvonlari tugʻish uchun oʻziga qulay joy tanlab ketishi.

Boʻrboy – mahsi, etik qoʻnji.

Gang – kana, suruvchi hashorat.

Gum – chuqur.

Misol: Ay, bola, gum joyga choʻmilma choʻkib ketasan.

Dagar – nasl olish uchun boqilgan qoʻchqor.

Doʻrray – qoʻltigʻidan tarvuzi tushmagan, tetik oʻspirin.

Misol: Bu maqtagan shoirlaring hali doʻrray bola-ku!

Jumur – mol (qoʻy) qornidan tayyorlangan, moy solinadigan idish.

Misol: Ovuldagilar bolalar birgalikda jumurlarni gʻorga qoʻyib keldik.

Zot – sovrin, solim, nasl.

Iylamoq – oshlamoq, ishlov bermoq.

Misol: Poʻstak tayyorlash osonmi, terini iylaguncha ona suting ogʻzingdan keladi.

Irganak – oʻtovning eshigi.

Misol: Senga Elyorning irganagida nima bor?

Iq – 1) taʼb 2) pana joy.

Misol: 1. Har kimni Gʻiyosiddinning iqi suymaydi.

  1. Yomgʻir yogʻadigandek, bugʻdoyni iqroq joyga olinglar.

Karmak – oʻrik, olxoʻri ildizidan tayyorlanadigan qizartiruvchi, oshlovchi modda.

Kallak – kichik qop.

Keraga – oʻtovning asosi, suyagi.

Kiyak – qoʻchqor va takalarning beliga bogʻlanadigan maxsus teri boʻlagi.

Kirmav – chilvirni ilgakli bogʻlash.

Koʻnargi – achitqi, oqliq.

Misol: Oysuluv sutga koʻnargi solganmisan, ertalab qatiqsiz qolmaylik!

Lukibi – yogʻochdan yasalgan idish.

Mingak – kichkina ari.

Moʻgʻja – gulning gʻunchasi. Misol: Naʼmatakning moʻgʻjasi chiroyli.

Moʻndi – siniq koʻza.

Misol: Kulol moʻndida suv ichadi.

Napramach – gilam sandiq, toʻrt boʻrchakli boʻgʻcha.

Pushton – ot egarining

tagidan tortiladigan ayil.

Silt – qiyom, quyqa.

Olchanglamoq – qiliqsib yurgan, oʻzini katta olgan.

Ongsarmoq – fahmlamoq, eshitmoq.

Orlon – itning erkagi.

Oruvlab – tarbiyalab, tozalab olish.

Orqovul – kun botish, qibla.

Misol: Bizning ovulga qish orqovuldan keladi.

Oqquva – oq yuzli, oq badan.

Misol: Qoʻzigul kampir ham bir zamonlar oqquvadan kelgan qiz boʻlgan.

Saza – shavq.

Sirri – qoʻli ishga bormaydigan, noshud odam.

Misol: Begali deganlaring ham bir sirri-da.

Son tegsa – amal tegsa.

Soʻm – toza, asl, yumshoq.

Taytuv – goʻl, ahmoq.

Tomoqsov – ochkoʻz.

Toʻbichoq – yugurak toy.

Misol: Qish kelyapti, toʻbichoqni arqonga oʻrgatish kerak.

Toʻqolak – eri oʻlgan yosh kelin.

Misol: Urush yillar koʻp ayollar qatori momomiz ham toʻqol qolgan.

Urt – ogʻiz, loʻnj.

Misol: Erboʻl, bu hoʻkizga yaxshi qaramasang semirmaydi, urti katta ekan.

Ushoq mol, ushoq jonliq – qoʻy-qoʻzi, echki-uloq.

Chibjing – sirkasi suv koʻtarmaydigan odam.

Misol: Uni hech gapirmang, juda chibjing ekan.

Chorana – uy hayvonlarining yoʻldoshi.

Chumchuqtor – chumchuqning ichagidan yasalgan tor.

Choʻliq – choʻponning yordamchisi.

Sharondoz – gapga chechan.

Misol: Men Qodir baxshidek sharondozni koʻrmadim.

Shungʻirt – kal odam.

Oʻmganlamoq – oʻzini tashlab emaklamoq.

Misol: U zamonlar ogʻir edi-da, el endi-endi oʻmganini koʻtardi.

Oʻrday – togʻday, baland.

Qontarmoq – yugani tortib egar qoshiga bogʻlangan, yemish yeyishi taqiqlangan ot.

Misol: Koʻrdingizmi, Ziyodulla tarlonini qontarib qoʻyibdi.

Qimron – moyaning sutidan tayyorlangan ichimlik.

Misol: Shu safar mehmonlar rosa qimron ichishdi.

Qosogʻa – tosh qoya oʻrtasidan oʻtadigan soʻqmoq.

Misol: Boyqoʻrgʻondan oʻtgandan soʻng qosogʻa boshlanadi.

Quyruq – dumba.

Misol: Toʻy haydagandan soʻng, quyrugʻi katta qoʻchqor olib keladi-da, joʻra!

Qulun – bir yoshga toʻlmagan toychoq.

Qur – davra, qator.

Quralpa – tengdosh.

Qurdosh – davradosh.

Gʻujir – or-nomus.

Misol: Gʻujiri bor odam bunday oʻtirmaydi.

Gʻoʻlcha – kichik koʻza, suv idish.

Misol: Buning gʻoʻlchasida suv bormikan?

 

Nurilla Choriyev tuzdi.

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/sharondozning-tobichoq-sozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x