Sharof Rashidov hayotidan lavhalar

Sharof Rashidovning asl tanlagan kasbi jurnalist boʻlgan. U kishi 1939 yili Samarqand universitetini bitirib, viloyat gazetasiga ishga kelganlar.

Koʻp oʻtmay, urush boshlangach, frontga chaqirilgan. Zarur harbiy tayyorgarlikdan soʻng, Moskva yaqinida, Kalinin frontida jang qilgan.

Janglarning birida ogʻir jarohatlanib, uzoq vaqt gospitalda davolangan. Harbiy komissiya u kishini bundan buyon janglarda qatnashishga ruxsat etmay, uyga qaytarib yuborgan.

Demak, jarohat jiddiy boʻlgan ekan.

Urushdan oʻz yurtiga, Jizzax shahri yaqinidagi kolxozga qaytgach, uyida davolanishni davom ettirgan. Nihoyat, hassaga tayanib, hamma qatori dalaga chiqib, ishlay boshlaganlar. Nogiron jangchi brigada hisobchisi etib tayinlangan.

Urush vaqtidagi ahvol front ortida ham nihoyatda ogʻir kechgan.

Ketmon chopgan yigitlarning aksariyati frontda, paxta tashvishi ayollar va keksalar zimmasiga tushgan. Hamma ish ketmon bilan bajarilar, traktor degan narsa yoʻq, bori ham front ehtiyoji uchun olingan. Uning ustiga oziq-ovqat taqchil, kolxoz mehnatchilarga ish haqiga hech nima berolmas, odamlar kichkina tomorqasidan kun koʻrar edi.

Paxta – urush uchun eng zarur xomashyo ekanini hamma tushunardi.

Paxtadan porox tayyorlanishini hamma bilardi.

Sharof aka el qatori erta tongda dalaga chiqar, hassasini bir chetga qoʻyib, hisob-kitobini qilardi. Jarohati boshqa biror jismoniy ish qilishga imkon bermasdi. Uning ustiga dori-darmon yoʻq, jarohatni oʻraydigan bint ham anqoning urugʻi edi. Hamma nogironlar qatori Sharof aka gospitalda ishlatgan eski bintni har gal yuvdirib, qayta-qayta ishlatardi.

U kishi dalaga harbiy libos – gimnasterka va galife shimda chiqar ekanlar. Bir kuni Sharof aka ishlab turgan dalaga mashina kelib toʻxtaydi. Undan bir amaldor tushib, u bilan koʻrishadi, jarohatini koʻzdan kechiradi.

– Uka, urushga ketguncha, qayerda ishlagansiz? – deb soʻraydi.

– Viloyat gazetasida, – deb javob qiladi Sharof aka.

– Iya, shundaymi? Gazetachimisiz? Ertaga ertalab Samarqandga borib, toʻgʻri mening oldimga keling. Gazetani chiqarasiz.

Bu odam viloyat rahbari Nosir Mahmudov edi.

Ertasiga Sharof aka aytilgan joyga yetib borganlar. Qoʻllarida kichkina tuguncha – bor kiyimlari, dori-darmonlar, u kishi uchun uyda ataylab yopilgan bir nechta non bor edi.

Sharof aka viloyat rahbariga uchrashgan. Rahbar darhol bir odamni chaqirib, kerakli topshiriqlarni bergan. Bu odam eng muhim narsa – Sharof akaga yotadigan joy topib berishi va kundalik taomini hal qilishi kerak edi.

Oʻsha paytda Samarqandda birorta mehmonxona haqida gap boʻlishi mumkin emasdi. Nafaqat shifoxonalar va mehmonxonalar, hatto, maktablar, idoralar – gospitallarga aylantirilgan boʻlib, ularda urushda majruh boʻlgan, ogʻir yaradorlar yotardi. Hamma uy-joylar zichlashtirilib, yurtimizga gʻarbdan, dushman bosib olgan joylardan evakuatsiya qilingan odamlar joylashtirilgan edi. Baʼzan, bir xonada ikki oila, uy sohibi bola-chaqasi bilan va koʻchib kelgan oila bola-chaqasi bilan yashardi. Koʻchib kelganlarni joylashtirish bir muammo boʻlsa, ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash, ishga joylashtirish yana ham ogʻirroq muammo boʻlgan edi.

Sobiq va ayni paytda yangi muharrirning masalasi harqalay hal qilindi.

Ilgari Sharof aka ishlagan tahririyat ham ogʻir sharoitda boʻlgan. Butun jamoa atigi bitta kichkina xonaga joylashgan.

Gazeta esa chiqmay, toʻxtab qolgan ekan.

Xonani yana siqishtirib, bitta krovat joylashtirilgan. Bu joy – ham tahririyat, ham Sharof akaning ish joyi va yotoqxonasiga aylangan.

Ishxonada erkaklar qolmapti. Hammasi urushga safarbar etilgan.

Gazeta faoliyati uchun mavjud boshqa kamchiliklarni aytmasa ham boʻladi. Urush davrini boshidan kechirganlar buni yaxshi tushunadilar.

Viloyat rahbari Sharof akaning oziq-ovqat taʼminoti masalasini ham hal qilibdi. Har haftada ungi 2 kilogramm un va 200 gramm yogʻ ajratiladigan boʻlibdi.

Nihoyat, tashkiliy ishlar shu bilan yakunlangan.

Endi navbat gazeta chiqarishni yoʻlga qoʻyish edi.

Gazeta chiqarish nima ekanini matbuotchilar yaxshi biladi. Urush vaqtida esa, frontdan nogiron boʻlib qaytgan Sharof aka uchun nihoyat darajada qiyin boʻlganini taʼkidlash kerak.

Nihoyat, gazeta chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Odamlar bilan til topib ishlash, tashkilotchilik, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish, fidoyilik, kasb mahorati, sabr-toqat kabi sifatlari Sharof akaga bu vazifani aʼlo darajada bajarishiga yordam bergan.

U kishi urush tugaguncha, mamlakat oʻzini biroz tiklab olgunga qadar shu ahvolda yashab, ishlagan.

Urush tugashi bilan Sharof aka (1947 yil) respublikaning otaxon gazetasi – “Qizil Oʻzbekiston”ga bosh muharrir etib tayinlangan.

1949 yili respublika Yozuvchilar uyushmasiga rahbar etib saylandi.

1951 yili esa Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumiga rais boʻldi!

1959 yildan umrining oxirigacha respublikamizga rahbarlik qildi.

Sharof Rashidov boshchilik qilgan vaqtda Oʻzbekiston iqtisodiyoti beqiyos darajada oʻsdi, madaniy-maʼrifiy sohalarda katta tadbirlar amalga oshirildi. Respublika xalqaro miqyosda katta mavqega erishdi. Yirik xalqaro yigʻinlarning Oʻzbekistonda, Toshkentda oʻtkazilishi oddiy holga aylandi.

1965 yilgi Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi harbiy toʻqnashuv dunyoni jiddiy tashvishga solgan edi. Toʻqnashuv ikkala mamlakat rahbarlarining Toshkent shahrida uchrashuvini tashkil etish va ular oʻrtasida sulh haqidagi bitim imzolanishi bilan yakunlandi.

“Toshkent ruhi” nomi bilan tarixga kirgan bu uchrashuvni tashkil etishda Sharof Rashidov katta jonbozlik koʻrsatgan edi.

U kishining xalqaro sohadagi faoliyati alohida mavzu.

Sharof aka oʻz hamkasblari – jurnalistlarni juda eʼzozlar, ularning ishi nihoyatda masʼuliyatli ekanini doim taʼkidlar edi. Men (chorak asr davomida Oʻzbekiston televideniyesi “Axborot” dasturining rahbari sifatida) respublikamizda boʻlgan deyarli barcha muhim tadbirlarda ishtirok etganman va ularni yoritish yuzasidan Sharof Rashidov bilan muntazam muloqotda boʻlganman.

Har gal tadbir boshlanishi arafasida Sharof aka jurnalistlar bilan uchrashar, samimiy kayfiyatda “Har qachongidek, “Axborotchilar bizdan oldin kelishipti, ofarin!” derdilar. Telejurnalistlar bilan koʻrishib, “Qalay, tayyormisizlar? Bizga qanday xizmat bor?” deb soʻrar edilar. Mazkur voqeani matbuot yoki televideniye orqali yoritilishi u kishiga maʼqul kelgan boʻlsa, darhol jurnalistni yonlariga chaqirib, minnatdorchilik bildirar edilar.

Bu yil Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanishi Sharof akaning ruhini shod etish bilan birga, uning safdoshlari va shogirdlarining koʻnglini koʻtaradi, xalqimizning adolatga, kelajakka boʻlgan ishonchini yana ham mustahkamlaydi.

 

Anvar TOJIYEV,

faxriy jurnalist

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sharof-rashidov-hayotidan-lavhalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x