Boshbekov Sharof
Tavallud topgan sana: 4 yanvar 1951 yil
Tug’ilgan joy:Samarqand
Tarjimai hol
Iste’dodli dramaturg Sharof Boshbekov filmlarining ssenariysini yozish barobarida rejissyor sifatida ham ijod qildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. Sharof Boshbekov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.
Iste’dodli dramaturg Sharof Boshbekov 1951 yili Samarqandda dunyoga kelgan. Sharof Boshbekov adabiyotning qutlug‘ dargohiga 80-yillarning boshlarida qadam qo‘ygan. Dastlab hikoya janrida o‘z iste’dodini sinab ko‘rgan.
Sharof Boshbekovning «G» varianti» (1981), «G‘urur» (1982) «Jumboq» (1986) kabi hikoyalari yuzaga kelgan. Shundan so‘ng uning rang-barang mavzudagi sahna asarlari yaratildi.
Sharof Boshbekov «Tushov uzgan tulporlar» (1983) hamda «Eshik qoqqan kim?» (1987) kabi komediya, «Temir xotin» (1989), «Qasosli dunyo» qisqa metrajli film stsenariysini yozdi. Shuningdek, «Eski shahar gavroshlari» (1998) kabi jiddiy komediya yaratdi. So‘nggi vaqtda uning «Taqdir eshigi» dramasi maydonga keldi. Ayniqsa «Temir xotin» pesasi adibga katta shuxrat keltirdi. Unda fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, ruhiyatida sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlar hajviy yo‘sinda umumlashtirib berilgan. Adibning shu asari asosida kinofilm ham yaratildi (1990). Shuningdek, u «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlarning stsenariylarini yozishda ham ishtirok etdi.
U «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarining stsenariysini yozish barobarida rejissyor sifatida ham ijod qildi. «Charxpalak» nomli 60 lavhali videofilmni ham yaratdi.
Shuningdek, «Tentak farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlarini yozdi. Uning «Temir xotin» asari 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining M.Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq deb topildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. U «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.