SOGʻINCH
Rimma Ahmedovaga
Bu qanday un? Bu qanday ovoz?
Potirlaydi dilda jon qushi.
Bu – Qiyomat qoyim soʻngida
Tomchilagan yomgʻir tovushi…
Yoki maysa shiviridir u,
Yo koʻz yoshning taʼmi, ehtimol.
Bibi Maryam qoshida turib,
Kechgan kabi dunyodan halol…
Ovozingiz sokin bir dengiz
Toʻlqinining tebranishlari…
Yo ilohiy sas bu – yurakda
Yigʻlayotgan jannat qushlari…
Sogʻinaman, har bir yogʻduda
Muhabbatdan qolgan tanish his…
Siz qalbimning tubi-tubida,
Juda yaqin,
Judayam olis…
* * *
Kelmogʻing-chun – ming yoʻl bor edi,
Kirmogʻing-chun – ming bitta eshik.
Sen… qaytmading bittasidan ham!
Qoldim tilsim qasr kabi berk.
…Endi bir kun tor kelib qolsa,
Bu dunyoning boʻyi va eni,
Olislarda qolib ketgan sir –
Oʻsha sevgim qiynasin seni.
* * *
SIZNI JONDAN SEVGAN EDI U,
Sevgan edi haddan tashqari.
Boqmadingiz biror marta ham,
Qolib ketdi baxtlardan nari.
Qolib ketdi Tangri qoʻlida,
Va hech kimga bermadi qaytib.
Zulmatlarning olis yoʻlida
Oʻtdi oydin qoʻshiqlar aytib…
Yolgʻizlikning maʼyus qaʼrida
Atalgandi u Sizga axir.
Oʻsha Turna Ayol bagʻrida
Ochilardi dunyo kutgan sir!
Bermadingiz unga bir imkon,
Yo bir nazar, yo sokin surur.
Gʻoratlarning komida bejon,
Mangulikka soʻndi oʻsha nur…
Ammo tagʻin tushlaringizda
Izlayapsiz ne uchun, yo-hu!
…Chaqirasiz endi bir umr,
Qayrilib ham qaramaydi U…
* * *
Sen – chashma,
Eng yuksak osmon toqida,
Xudoyim yashirgan jannatiy chashma.
Sen – chashma,
Oy – mavjing soyasi, senga
Talpinar dunyoda jamiyki tashna.
Sen – chashma,
Tangrining huzuridagi,
Malakalar tilangan ilohiy buloq.
Sen – chashma,
Bir umr ruhimda oqqan,
Muntazir qoʻllarim yetmagan biroq.
Sen – chashma,
Berilgan faqat uyquda,
Bir lahza tajalling komiga choʻmib,
Olgin deb, ozurda jismu jonimni,
Uxlab oʻtayapman koʻzlarim yumib!
Sen – chashma,
Yulduzlar ortidan yelib,
Nur kabi koʻksimda yonguvchi chashma.
Sening koʻzlaringdan dunyoga kelib,
Mening lablarimga tomguvchi chashma!
Sen – chashma…
OSMON FARZANDLARI
Sh. Rahmon, M. Yusuf, Ch. Avaz, N. Shukur, A. Oʻktam va bu dunyodan erta ketgan shoir akalarimga…
Ular kesib oʻtgan Vaqt chizigʻidan,
Bajarib boʻlgan Oʻz vazifasini…
Ruhlar yashaguvchi oliy qoyadan
Endi jim kuzatib turishar bizni…
Dunyo – ulkan qoʻrgʻon.
Hech kim koʻrolmas
Bu yuksak devorlar ortini minbaʼd.
Va lekin kimgadir
Bu toʻsiq osha
Borib-kelmoqlikka berilgan ruxsat…
Shunday odamlar bor,
Yasharlar tanho,
Jim yutib ichiga faryodlarini.
Odmi kuylaklarin ostida, ammo,
Yashirib ilohiy qanotlarini…
Maxfiy bir elchiga
Oʻxshab ketishar,
Asl holatini etishmas oshkor.
Olovlar ichidan yurib oʻtishar,
Faqat ular uchun ochiq eshik bor!
Uyqusi oʻngiga mengzaydi baʼzan,
Tushiga mengzaydi koʻrgan hayoti.
Gohida mahrumlar,
Goho marhumlar
Oʻrtasida topgan sir-sinoati.
Baʼzida oʻzi ham
Bilmay qiynalar,
Qaysi oʻng-u, qaysi tush ekanini.
Yorugʻ lahzalarda,
Biroq his qilar
Oʻzining bir ulkan qush ekanini!
Ular kelar
Buyuk tonglar oldidan,
Zulmatlar qaʼrini yorib kelar U!
Yuraklar soʻnganda
Mangu orzudan,
Dilda qolmaganda bir tutam yogʻdu!
Bir yorugʻ nafasni
Tashlab oʻtishar –
Ruhingda jaranglab ketar bir qilich!
Oʻzak-oʻzagidan
Sugʻrilib kelar
Nafs toʻrlarida mudrab yetgan ich!..
Uni oʻldirolmas
Xiyonat, zulm,
Mayda odamlarning xor xusumati.
Ular yashab oʻtmas
Oʻz hayotini,
Ularga berilgan dunyo qismati.
Ularni bilmaysiz,
Goho ilmaysiz
Nazarga,
Gʻaribdan gʻaribdir holi.
Ammo yuragining bahosiga teng,
Tarozuda turgan dunyo aʼmoli.
Ular – pok,
Xotira lavhida qolgan –
Olis samolarga bogʻlab niyatni,
Najot dengizining qoshiga bir kun,
Olib borar betin insoniyatni.
Oʻtkinchi umrning
Yukin ortqilab
Oʻtsa boʻlar edi Hayot izidan.
Biroq koʻnmay, xorlik, mute, qullikka
Ular kesib oʻtar vaqt chizigʻidan!..
Ular – Buyuk Ruhning
Oliy qushlari,
Zamin boʻgʻriqqanda zulmatda qolib,
Ular kelar, gʻoyib
Manzillaridan
Bir goʻzal, bir xushboʻy havolar olib.
Osmon –
Buyuk sirlar makoni Osmon,
ey rangin, ey yorugʻ nurlar ummoni.
Sen-ibtido, azal,
Senda boshlanib,
senda tugar oxir vaqt imkoni.
Sening zuryodlaring
Jasur va oʻktam,
Oʻtkir nigohida oʻtli qudrat bor.
Sen uni sevasan,
Behad sevasan,
Achchiq mehr bilan, ey ulugʻ sharor!..
Cheksiz havolarni
Koʻksiga qamab,
Uchirma qilarsan nurlar bagʻridan.
Soʻng uni sevging-la
Qattiq sinaysan,
Qattiq qizgʻonasan zamin qaʼridan!
Sen uni bermaysan
Zaminga, ammo
Qaytarib olasan keyin birma-bir.
Sen uni oʻzingda saqlaysan, tanho
Senda mangu qolar shu muqaddas sir!
Isyonkor yurakning
Zarbalaridan
Otilib ketasan samoga toshday,
Va dengiz mavjining
Jilvalariday
Soʻng hadya etasan eng sirli tushlar!
Ey osmon, ey zulmat,
Ey nur va bashar
soʻngsiz kurashlarning soʻnggi janggohi.
Tunlar tushlarimni
Parchalab tashlar,
Muqaddas Ruhlarning keskir nigohi!
Xayriyat, dilim-qon,
Qoʻllarim emas,
Yurakka urilgan Ruhning xanjari.
U yana jimgina
Koʻnmoqqa qoʻymas,
u yana uchmoqda magʻrur, jangari.
Shovullab ochilar
Osmon darchasi,
Shovullab koʻzimga uriladi nur.
Yuragim, umrimning
Mahzun parchasi –
Oʻgʻlim mening, yotma, tur, oʻrningdan tur.
Ruhingni chogʻla shu
Oʻtli kurashga,
Seni chorlayotir Osmon Qushlari.
Har tun tushlaringda
Bezovta qilgan
Roʻyomas, yuraging talpinishlari!
Ammo hali yoshsan,
magʻrursan, sodda,
bir tiniq ruh bilan koʻkka qaraysan.
Dunyo vahshiylari
Hali koʻp oldda,
Bir goʻzal qalb bilan qanday qaraysan?
Samovot ufqidan
Tushgan ruhlarning
Umid shaʼmlarini koʻtarib kelgan –
Osmon hayotini
Yashab oʻtmoqlik –
Asl baxtdir inson vujudi bilan!..
Sen – sharor tojidan
Kelgan bir shuʼla.
Ogoh boʻlmasin deb biror munajjim,
Sen hali kuchga toʻl,
Sen hali oʻs, deb
Qanotim ostiga yashiraman jim.
Ogʻir, juda ogʻir
Osmonning yuki,
koʻtarib Zulmatning koʻlkalarini,
Oʻziga bildirmay
silab qoʻyaman,
Tunlari oʻgʻlimning yelkalarini!..
* * *
Oʻzicha sargʻaydi kuzak bogʻlari,
Shamollar hislarga soladi titroq.
Nedandir umidvor daraxt shoxlari,
Koʻnglimday toʻkilar har bitta yaproq.
Osmon yogʻiladi oy gardishidan,
Tundan oqib kirar bir goʻzal soya.
Entikkan gullarmi ketar hushidan,
Sening lablaringdan kutib himoya.
Kechikkan qushlarday ufq ortidan
Intiqib uchadi koʻnglimiz “oh” i!
Xazondek oʻtarmiz umr yodidan,
Mahzun bu sevgining yoʻqdir panohi…
Bir-birin pinjiga kirib toshlar ham,
Sumbula suviga soladi titroq.
Yolgʻizssan – koʻnglingda bir muqaddas gʻam,
Yolgʻizman – qoʻlingga yetmayman biroq.
Qaraysan – koʻzingda bir ilinj soya,
Qarayman – koʻzlarim hasratlar chohi.
Bu gʻarib sevgiga yoʻqdir nihoya,
Bu mahzun sevgining yoʻqdir gunohi…
Zebo MIRZO
“Yoshlik”, 2014 yil 5-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/shamollar-hislarga-soladi-titroq/