Shakl emas, mazmun muhimroq

Maʼlumki, adabiyotda hikoya janri oʻziga xosligi bilan alohida oʻrin tutadi. Xoʻsh, bu oʻziga xoslikni biz nimalarda koʻramiz? Avvalo aytish mumkinki, hikoya roman, qissa yoki dostondan kichkina. “Urush va tinchlik”, “Tinch Don” yoki “Iblislar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo” romanlari qarshisida A. Chexov, R. Tagor, A. Qahhorning hikoyalari gʻoyatda kichkina, moʻjaz. Roman, qissa, dostonlarni oʻqib chiqish uchun koʻp vaqt va hafsala zarur. V. Shekspir asarlarini sahnada tomosha qilish uchun chipta olish, teatrga borish, kamida ikki-uch soat oʻsha yerda boʻlishga toʻgʻri keladi. “Uyqu istagi” (A. Chexov), “Anor” (A. Qahhor) hikoyasini mutolaa qilish uchun esa uzogʻi bilan oʻn-oʻn besh daqiqa kifoya. Eʼtibor bilan oʻqigan kishi ulardan yuz sahifalik qissa, uch yuz betlik roman bilan tanishganidan koʻra koʻproq mutaassir boʻladi. Vaholanki, ushbu hikoyalarda qahramon hayotidagi bitta voqea qalamga olinadi. Hikoyaning qissa, romandan farqli jihati unda qahramon hayotidagi birgina voqea gavdalantirilishi bilan belgilanadi. Shu voqeaning boshlanishi, rivojlanib, avj nuqtaga koʻtarilishi kishini qiziqtirib qoʻyadi va voqeaning yakuni, albatta, oʻylantiradi. Oʻquvchining diqqati, eʼtibori maʼlum muddat shu birgina voqea va undagi qahramonning holati, taqdiri bilan band boʻladi. Xususan, A. Qahhorning “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat”, “Mayiz yemagan xotin”, Gʻ. Gʻulomning “Mening oʻgʻrigina bolam” hikoyalari shunday salmoqqa ega. Oʻzbek adabiyotida ham, boshqa xalqlar adabiyotida ham ishtiyoq bilan oʻqiladigan va kishini hamisha oʻyga toldiradigan hikoyalar koʻp. Ular kishilarning maʼnaviyati, ruhiyatiga, dunyoqarashining teranlashishiga, olam va odam toʻgʻrisidagi tasavvurining boyishiga jild-jild romanlar, yuz-ikki yuz sahifali qissalar, ikki-uch soat tomosha qilinadigan spektakl, filmlardan kam taʼsir koʻrsatmagan.

Albatta, hajm shaklga daxldor. Ilm-fan, texnikada hajm mazmunni belgilamaydi. Masalan, xalqning “Boy boyga boqar, suv soyga oqar” degan ixchamgina maqoli mazmuni sharhlansa, bir necha kitob boʻladi. Hikoya ham qancha ixcham, siqiq boʻlsa, shunchalik eʼtiborni tortadi. Ixcham hikoyalar tezda oʻqib chiqiladi. Ular bilan koʻpchilik tanishadi. Hikoya hajmi ixchamligi ana shunday afzallikka ega. Muallif esa yozganini koʻpchilik oʻqishini, uni oʻylantirgan masala boshqalarni ham qiziqtirishini istaydi. Voqealar tafsiloti bayoni choʻzilib ketgan hikoyadan koʻra hajmi ixcham hikoyalarni oʻqish maroqli. Shayx Saʼdiyning “Guliston” idagi hikoyatlar benihoya ixcham va teran mazmunga egaligi uchun hamisha ishtiyoq bilan oʻqiladi. Ular eng zamonaviy modern asarlardan, mashhur tarixiy shaxslar toʻgʻrisidagi dilogiya, trilogiya, tetralogiyalardan koʻra koʻproq maʼnoni anglatadi. Qaysi narsa koʻp ekan, u – qadrsiz. Hikoyaning ham hajmi katta boʻlsa, uning oʻquvchi qalbiga taʼsir kuchi past boʻladi. A. Qahhorning “Oʻgʻri”, “Bemor” i yoki A. Chexovning “Chinovnikning oʻlimi”, “Gʻilof bandasi” hajman ixcham. Bu moʻjaz hikoyalarni bir marta oʻqish kifoya. Ular xuddi xotiraga muhrlanganday, yillar oʻtsa-da, esdan chiqmaydi. Ushbu hikoyalardagi tafsilotlar kutilmaganda oʻz-oʻzidan xayolga kelaveradi. Bunga sabab, ayni hikoyalar matniga turmushning bir parchasi loʻnda va aniq joylashtirilganida. Ulardan hayot nafasi ufurib, jonli odamlar koʻrinadi. A. Chexovning insonga achinish hissiga toʻla, mayin ohangli kinoyaga yoʻgʻrilgan hikoyalari hajmiga koʻra ham, maʼno qamrovi jihatidan ham soʻz sanʼatidagi noyob hodisalar sirasiga kiradi. Adibning voqelikni ifodalash uslubi esa hikoya janri uchun oʻziga xos mumtoz mezon boʻla oladi. Ammo bu Mopassan, I. Buninning yoki yapon hikoyanavislarining voqelikni aks ettirish uslubini kamsitish emas. Lekin hamma narsaning ixchami durust boʻlganiday, hikoyaning ham qisqa hajmlisi, teran mazmunlisi va loʻnda ifoda uslubida bitilgani yaxshi. Hikoyami, qissami ekanligi aniq bilinib turmaydigan, choʻzilib ketgan asarlarning taʼsir kuchi past boʻladi. Ular A. Chexov yoki A. Qahhorning moʻjaz hikoyalariga taʼsirchanlik bobida boʻylasha olmaydi. Albatta, hikoyaning hajmi sonet, ruboiy, tuyuqniki singari qatʼiy belgilanmagan. Shunday boʻlsa-da, qahramon hayotidagi bitta voqea tasvirlanadigan hikoya achchiq ichak kabi choʻzilmagani, har jihatdan aniq, ixcham va loʻnda boʻlgani durust. A. Chexov, A. Qahhorning hikoyalari hamisha qadrlanadi. Ularning uslubi eskirmaydi. Hajman ixcham, mazmunan teran, uslubi yorqin mumtoz hikoyalar sanʼatdagi realizm yoʻnalishi bevosita hayotga asoslanishi va shu bois benihoya taʼsirchanligi, uning imkoniyatlari gʻoyat kengligidan dalolat beradi.

A. Chexov, R. Tagor, Mopassan, A. Qahhor hikoyalarida hayotning hamma koʻradigan jihati tasvirlanadi. Yaʼni unda kechgan turli voqealar va ulardagi ishtirokchilar holati, xatti-harakati gavdalantiriladi. A. Qahhorning “Oʻgʻri”, “Bemor” hikoyalarida qahramonlar xarakterida hech qanday oʻzgarish yuz bermaydi. Bu tur hikoyalar voqeaband asarlar sirasiga kiritiladi. Ayni hikoyalarda qahramonlar xarakteridagi oʻzgarish emas, bitta hayotiy voqelik ichidagi oʻsish, tadrijiylik koʻrsatiladi. Hayotni bu tariqa badiiy aks ettirgan asarlar, jumladan, hikoyalar insoniyatga juda koʻp narsa berdi: ular avvalo ijtimoiy voqelik toʻgʻrisida mushohada yuritishga, har bir kishining quvonchi, gʻami jamiyatga bevosita bogʻliqligini anglashga oʻrgatdi; ayni asarlar taʼsirida kishilar hayotda faol boʻlish zarurligini va bunga har bir odam – erkak ham, ayol ham, yosh ham, keksa ham toʻla haqli ekanini tushunib yetdi. Insonni ijtimoiy voqelik bilan uzviy aloqada tasvirlagan, ijtimoiy-tarixiy sharoitning inson taqdiri va feʼl-atvoriga taʼsirini teran badiiy tadqiq etgan asarlar, janridan qatʼi nazar, kishilarda oʻzini boshqalardan kam boʻlmagan teng huquqli inson ekanligini idrok etish, oʻz haq-huquqi uchun kurash hissini uygʻotdi. Hayotni realistik aks ettirgan asarlar inson taqdiri, orzu-intilishlari ijtimoiy asosga ega ekanligini koʻrsatdi. A. Chexov, A. Qahhor kabi adiblar ijodining ahamiyati avvalo shu bilan belgilanadi. Lekin endilikda bu adiblarning hayotni badiiy aks ettirishdagi ifoda uslubi badiiy-estetik tafakkurdagi bosib oʻtilgan bosqich boʻlib qoldi. Gʻazal, ruboiy, tuyuq ham shunday shakl hisoblanadi. Hayot hodisalari, inson dunyosi esa koʻp qirrali. Ularga turli tomondan qaralsa, turlicha koʻrinadi. “Anor”, “Dahshat”, “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Mayiz yemagan xotin” (A. Qahhor), “Mening oʻgʻrigina bolam” (Gʻ. Gʻulom) kabi hikoyachiligimizning mumtoz namunalarida qalamga olingan voqelikni, qahramonlar obrazini boshqacha gavdalantirish ham mumkin. Ayni bir syujetni oʻziga xos talqin etish ijodkorning dunyoqarashiga, mahoratiga va albatta, yashayotgan zamonning badiiy-estetik tamoyillariga bogʻliqdir. A. Qodiriy romanchiligimizning emas, hikoyachiligimizning ham tamal toshini qoʻygan. Uning “Uloqda” asari oʻzbek hikoyachiligining dastlabki namunasidir. “Oʻtkan kunlar” muallifi boshlab bergan hayotni realistik tasvirlash yoʻlini A. Qahhor yuksak choʻqqiga koʻtardi. Keyingi avlod adiblari “Anor”, “Bemor” muallifi anʼanalarini rivojlantirdi. Oʻzbek yozuvchilarining barchasi – O. Yoqubovdan tortib N. Eshonqulgacha “Oʻtkan kunlar”, “Bemor”ni oʻqigan. Ularning adabiyotga qiziqishi, soʻz sanʼati toʻgʻrisidagi ilk tasavvuri shu asarlar asosida shakllangan. Ularni Lotin Amerikasi adabiyoti vakillari, yapon adiblarining asarlari keyinchalik yangilik sifatida maftun etgan. Kafka, Kamyu, Prust, Joys, Folkner kabi yozuvchilarning inson obrazini gavdalantirish uslubi badiiy-estetik tafakkurdagi yangi bosqichdir. Badiiy-estetik tafakkur esa hech qachon bir joyda toʻxtab, qotib qolmaydi. U ham boshqa hodisalar singari muttasil oʻzgaradi. Shunday ekan, “Uloqda”, “Oʻgʻri”, “Bemor”ning badiiy darajasi hozirgi modern hikoyalardan past deyish nojoiz. Chunki har bir davrning oʻziga xos adabiyoti – badiiy-estetik didi boʻladi. Bugun insoniyat axborot “boʻron”i ichida yashayapti. Avval adabiyot odamlarga axborot yetkazar edi. Endi uning bu vazifasini TV, radio, internet tarmogʻi, matbuot tortib oldi. Kino ham undan oʻz ulushini olish uchun yopishdi. Shu bois adabiyot uchun voqealarni naql qilish oʻrinsiz boʻlib qoldi. Navoiyning qahramoni Bahrom chetdan kelgan musofirlarning hikoyatlarini tinglab ovungan boʻlsa, hozir TV kanallari, internet sahifalari, matbuot kishini zeriktirmaydi. Shuning uchun barcha janrlarda insonning botinini, hissiy olamini koʻrsatishga kirishildi. Avval adabiyotda voqealar tasviri ustuvorlik qilgan boʻlsa, endi asosiy eʼtibor sezgi, tuygʻular tasviriga qaratildi. Sezgi, tuygʻular tahlilidan iborat asarlar hayotdagi koʻzga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan har bir hodisa insonga fikrlashi uchun turtki, mushohada yuritishi uchun asos boʻla olishini bildiradi. Odam esa yeb-ichish emas, balki fikrlash, mushohada yuritish orqali Yaratuvchisining cheksiz qudrati, unga berilgan hayotning mohiyatini bilib, oʻzining kimligini anglab yetadi.

Gomerning “Iliada”, “Odisseya”si, hindlarning “Ramayana”, “Mahobhorat”i, turkiylarning “Alpomish”, “Manas” yoki “Ming bir kecha” ertaklari hozir ham zamonaviy asarlardan koʻra koʻproq qiziqish uygʻotayotgani, ular asosida filmlar yaratilayotgani, tadqiqotlar olib borilayotgani voqeaband asarlarning ahamiyati, qadri hech qachon yoʻqolmasligidan dalolat beradi. Inson ruhiyati – tuygʻu, hissiyotlari qalamga olingan hikoyalarni oʻqiganimizdan keyin koʻngilda odam tushunolmaydigan bu olam qanchalik murakkab, chigal, mung, iztirobga toʻla boʻlmasin, baribir goʻzal, degan fikr kechadi. Xususan, Nazar Eshonqulning hikoyalari shunday holatga soladi. U inson qalbidagi ogʻriqli kechinmalarni benihoya iztirob bilan yozadi. Uning asarlaridagi har bir tafsilot qahramon his qilgan kulfat toʻgʻrisida oʻylantirib, yurakni ezadi. Adibning “Shamolni tutib boʻlmaydi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Tun panjaralari” kabi hikoya, qissalaridagi har bir soʻz oddiyligi, aniqligi, ranginligi, jarangdorligi bilan tasavvurni charaqlatib yuboradi. Voqeaband boʻladimi, his-tuygʻular tasvirlanadimi, bundan qatʼiy nazar, soʻzlari jaranglab tursa, fikr aniq ifodalansa, mulohazalar bir-birini quvvatlab, kuchaytirib, zanjir halqalari kabi bogʻlansa, oʻsha asl adabiyot asaridir. Oʻshanday asarlar sanʼat nimaligini, soʻzlarning kishi ruhini yuksaklarga koʻtaruvchi abadiy kuchi qanaqaligini his ettiradi. Ruhiyat, sezgiga urgʻu berilgan asarlar qahramonning qiyofasi, holati, kechinmasini aniq tasavvur etishga, kishining yuz-koʻzi, barmoqlarining har bir harakati, imosida juda koʻp maʼno-mazmun mavjudligini bilib olishga imkon beradi. Ayni asarlarni ishtiyoq bilan mutolaa qilgan kitobxon asl adabiyot nima ekanligini anglab yetadi. Voqeaband asarlarni qiziqish bilan oʻqiydigan oʻquvchilar ham asta-sekin, albatta, insonning botini, hissiy hayoti tasvirlangan asarlarni mutolaa qilishga oʻtadi. Lekin kitobxonlikning susayib borayotgani, odamlar maʼnaviy boyliklardan bahramand boʻlishga emas, nima qilib boʻlsa-da, pul topib, mol-davlat orttirishga ruju qoʻyayotgani kishini xavotirga soladi.

Kishilarning ruhiyatiga taʼsir etib, maʼnaviyatini yuksaltirish sanʼatning asosiy maqsadidir. Shunday ekan, adabiyot odamlardan oldinda yurishi, pastga tushishi emas, yuksaklikka intilishi tabiiy. Undan hamma oʻzining didi, saviyasi darajasida bahra oladi. Zamonaviy adabiyotda hayot voqealarini emas, uning markazida turgan insonning ziddiyatli oʻy-kechinmalarini tasvirlash ustuvor boʻlayotgani kishini quvontiradi. Chunki bu kishilarning oʻzini anglashi, hayoti haqida oʻylab koʻrishi va muayyan xulosalar chiqarishiga koʻmaklashadi. Insonning botinidagi murakkab muloqot jarayoni aks ettirilgan asarlar har bir kishiga uning hayoti boshqalar bilan, butun koinot bilan chambarchas bogʻliq ekanini anglashga koʻmaklashadi. Ertak, rivoyat, afsona, dostonlardan tortib “Ming bir kecha”, “Gulliverning sayohatlari”, “Robinzon Kruzo”ga oʻxshash voqeaband asarlar odamlarga dunyo keng ekanligi, u ajoyibu gʻaroyib voqealarga toʻlaligidan saboq beradi. Insonning ruhiyatidagi ziddiyatli jarayonlar yoritilayotgan asarlar esa har bir odam katta olam ekanidan xabardor etadi. Yuqorida eslatganimizday, voqeaband asarlarni ishtiyoq bilan oʻqiganlar turmush tajribasi va mutolaa malakasi ortishi natijasida inson ruhiyatidagi jarayonlar tadqiqiga qaratilgan asarlarga qiziqib qoladi. Bu yoʻlni har kim oʻzicha bosib oʻtadi. Odamning mutolaa malakasi, kitobxonlik darajasi oʻsishiga juda koʻp omillar taʼsir koʻrsatadi. Hamma ochiqcha tan olmasa-da, boshqalarga aytmasa-da, kimlarningdir didi, saviyasi oʻzidan balandligini sezadi va oʻshalarga ergashadi. “Birniki mingga, mingniki olamga” degan gap aslida did, saviya, dunyoqarashning oʻzgarishi haqida aytilgan. Globallashuv davrida hamma narsa juda tez oʻzgarmoqda. Avvalgi zamonlarda el ellik yilda oʻzgargan boʻlsa, hozir oʻn yilga qolmay, hamma sohada bir avlod oʻrnini yangi bir avlod egallamoqda. Boshqaruv tizimida ham, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish tarmoqlarida shu holat roʻy bermoqda. Yoshida oʻn yil farq boʻlgan kishilarning hayotga munosabati, bilimi darajasi, malakasi tamoman boshqacha. Ular sanʼatga, adabiyotga munosabati, kitobxonligiga koʻra ham bir-biridan farq qiladi. Avlodlarning didi, saviyasi juda tez oʻzgarayotganini kiyim-libos modasi, uy-jihozlari, avtomashina markalari bir yilga qolmay yangilanib borayotganidan ham bilsa boʻladi.

A. Chexov, R. Tagor asarlaridan bexabar, A. Qahhor hikoyalariga bepisand qaraydiganlar safi kengayib ketyapti. Internet asl adabiyot yoʻlida toʻsiqqa aylanmoqda. Chunki istagan odam internetda xohlagan narsasini chiqarib yotibdi. Internetning muharriri, noshiri yoʻq. Undagi asarning badiiy gʻoyasini hech kim nazorat qilmaydi. Eng yaxshi aloqa, muloqot vositasi, afsuski, badiiy did, saviyani joʻnlashtiradigan keng maydonga aylandi. Shafqatsizlik, zoʻravonlik targʻib-tashviq qilingan filmlarni koʻrib, shu xildagi kitoblardan taʼsirlanib ulgʻaygan avlod yetishib chiqdi. Tabiiyki, Shayx Saʼdiyning “Guliston”, “Boʻston”ida, Shekspir, Gyote, Dostoyevskiy asarlarida ulugʻlangan halollik, olijanoblik bu avlod uchun zarracha qimmatga ega emas. Ruhni oziqlantirib, tuygʻularni tarbiyalaydigan, qalbda ezgu hissiyotlar uygʻotadigan asarlardan bebahra odamlar esa bir-biriga unchalik achinmaydi. Hamma narsani hisob-kitob qilib yashaydigan bunday kishilar oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida hech bir narsani ayamaydi, ajdodlari ardoqlagan qadriyatlarni bepisandlik bilan toptab ketaveradi. “Hozir yuz kishidan necha nafari muntazam kitob mutolaa qiladi va qanday kitoblarni oʻqiydi?” degan savol asosida soʻrovnoma oʻtkazib, yoshlarning, umuman, jamiyatning dunyoqarashi, maʼnaviy darajasini aniqlasa boʻladi. Chunki har bir odam, sezmagan holda, kitoblardan juda koʻp xislatlarni oʻziga singdiradi. Bu muammo mavzumizga unchalik aloqador emasday tuyulsa-da, bugungi kunning eng dolzarb, eng ogʻriqli masalasidir. Kitobxonlik barcha zamonlarda inson maʼnaviyatini shakllantiradigan oʻzak omildir. Shuning uchun mamlakatimizda badiiy asarlar targʻibotiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, kitob bayramlari oʻtkazilishi anʼana tusini olmoqda.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 6-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shakl-emas-mazmun-muhimroq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x