SHAHID (arab. — guvoh) — 1) islomda din yoʻlida halok boʻlgan shaxs. Hadislarda aytilishicha, oʻz obroʻsi yo mol-mulki yoki joni yoxud dini, shuningdek, ahlu oilasining himoyasi yoʻlida qurbon boʻlganlar ham Shahid dir. Boshqa bir hadisda vabodan, ichki xastalik bilan, gʻarq boʻlib, tom bosib oʻlganlarni Shahid hukmida oʻlganlar deyiladi. Shahidlar dafn etilishidan oldin yuvilmaydi. Oʻzini oʻzi portlatish, oʻziga oʻzi oʻt qoʻyish, oʻzini oʻzi boshqa usullarda oʻldirish Shahid hukmida boʻlmaydi. Qurʼonda «oʻzlaringizni bir(-biringizni) oʻldirmang!» (Niso surasi, 29-oyat) deb, oʻzini oʻzi oʻldirish shariatda yoʻq ekanligi bildirilgan;
2) Vatan urushi uchun yoki haqqoniyat yoʻlida qurbon boʻlgan, jonini fido qilgan odam.