SHAHAR VODOPROVOD TARMOGʻI — shahar suv taʼminoti tizimining asosiy qismlaridan biri; muayyan shahar hududidagi suv isteʼmol qilinadigan joylarga suv yuboriladigan vodoprovod tarmogʻi. Isteʼmolchilarni suv bilan bir meʼyorda va uzluksiz taʼminlash uchun tashkil qilinadi. Buning uchun Shahar vodoprovod tarmogʻi mavzelar boʻyicha berk konturhalqalar shaklida quriladi. Shahar vodoprovod tarmogʻi magistral liniyalar va taqsimlash tarmoqlariga boʻlinadi. Koʻchalarga yotqiziladigan magistral vodoprovod tarmogʻi liniyalariga isteʼmolchilar (binolar, inshootlar va boshqalar)ga oʻtkaziladigan taqsimlash tarmoqlari ulanadi. Quvurlar vodoprovod tarmogidagi zarur bosim kuchiga, yer tuprogʻining qattiqyumshoqligiga, quvur yotqizish usuli va iqtisodiy omillarga qarab tanlanadi. Yer ostiga yotqiziladigan quvurlar choʻyan, poʻlat, asbestsement, plastmassa va boshqalardan tayyorlanadi. Quvur yotqizish chuqurligi tuproqning muzlash darajasiga, suvning trasiga va tarmoqning ish rejimiga bogʻliq. Mas, Toshkent shahri uchun bu chuqurlik 2,5 m ni tashkil etadi. Shahar vodoprovod tarmogʻi zulfin va ventillar, suv olish qurilmalari — oʻt oʻchirish gidrantlari bilan jihozlanadi. Gidrant va zulfinlar maxsus quduqlarga oʻrnatilib, metall qopqoqlar bilan yopiladi. Shahar vodoprovod tarmogʻida (aholi yashaydigan joylarda) suv bosimi 6 at dan oshmasligi lozim. Alohida koʻp qavatli binolarga yetarli bosimda suv berish uchun nasos styasi oʻrnatiladi, avariya vaqtida vodoprovod tarmogʻining shikastlangan qismidagi suv toʻxtatiladi; bunda tarmoqning boshqa liniyalariga keladigan suv toʻxtatilmaydi. Oʻt oʻchirish uchun moʻljallangan vodoprovod tarmoqlari halqa shaklida quriladi.
Shahar vodoprovod tarmogʻini, ayniqsa, halqasimon tarmoq va bir necha nasos styalaridan suv oluvchi tarmoqni hisoblash juda qiyin va murakkab boʻlgani uchun kompyuterlardan foydalaniladi.