Post Views:
872
Bugun zamonaviy shaharlar ko‘p qavatli binolari, serharakat ko‘chalari, o‘ziga chorlayotgan do‘konlari, bozorlari va istirohat maskanlari bilan insonning hayot tarziga, ruhiyati va badiiy-estetik didiga ta’sir etuvchi omilga aylangan.
Shuning uchun ham shahar madaniyati alohida fenomen sifatida tadqiq etiladi. Mazkur fenomenning shakllanishida arxitektura, shaharsozlik va badiiy-estetik vositalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan «shahar dizayni» muhim o‘rin tutadi.
Tayanch iboralar: dizayn, arxitektura, shahar muhiti, loyihalashtirish, plakat, stend, panno, san’at asarlari, badiiy estetik obraz.
San’atshunoslikda «shahar atrofi dizayni», «shahar muhiti dizayni», «shaharni badiiy bezatish» va «shahar dizayni» tushunchalari ishlatiladi. Ular mohiyatan aynan tushunchalardir, shuning uchun «shahar dizayni» deganda biz shahar ichini, inshootlari va maydonchalarini, aholidan oladigan istirohat maskanlarini, kishilar nigohini, diqqatini tortadigan madaniy, maishiy muassasalar atrofini badiiy-estetik bezatish san’atini, loyihalashtirishni nazarda tutamiz. Uning asosiy retsipiyenti shahar kishisidir.
«Shahar dizayni» tushunchasi o‘tgan asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan va u kishilar, ayniqsa iste’molchilar to‘planadigan joylarni, vitrinalarni informatsiya tarqatish funksiyasini bajaradigan tumbalar reklamalar, ko‘rsatkich va afishalarni nazarda tutgan. Dizaynshunos V.L. Glazichevning fikriga ko‘ra, yuqoridagi oddiy bezaklar o‘rniga 50- yillarga kelib bil-bord, aylanma vitrinalar, savdo-sotiq o‘choqlariga ulanib ketgan kioskalar, ko‘p qavatli uylar oldida xalq amaliy san’ati namunalari bilan bezatilgan maydonchalar paydo bo‘ladi [1]. Natijada kishilarning badiiy-estetik didini shakllantirishga, inshootlar, ko‘p qavatli uylar, istirohat maskanlarini dizayn qonunlariga muvofiq badiiy bezatishga ehtiyoj tug‘iladi. Shahar kishisining serharakatligi, seytnot, psixologik ta’sirlarning ortib borayotgani, butun badiiy-estetik izlanishlarda va san’at asarlari yaratishda bo‘lgani kabi shahar dizayni oldiga ham qator talablar qo‘yadi.
Birinchi talab shunda ediki, shahar dizayni mavjud inshootlar kompleksini, kishilarning ko‘zi tushadigan joylarni badiiy-estetik go‘zal, betakror va o‘ziga xos mohiyatli qilishi lozim. Qad ko‘tarayotgan inshootlar sonining oshishi bilan ularning tashqi ko‘rinishiga, badiiy-estetik jixatlariga talab ham ko‘paydi, ya’ni o‘tgan davrda an’anaga aylangan temir-beton inshootlarni qurishga badiiy-estetik ko‘rinish, bezash lozim bo‘ladi. Masalan, 60- 70 yillarda Toshkentda (ayniqsa Chilonzor tumanida) “xruщyevka” nomini olgan temir- beton uylarda deyarli hech qanday badiiy- estetik mohiyat ko‘zga tashlanmaydi. Zerikarli, qo‘ng‘ir rangli beton-uylar ham shaharsozlikda dizayn belgilari shakllanmaganidan dalolat beradi. Mustaqillik yillarida zerikarli ko‘rinishdagi temir-beton inshootlarning birinchi qavatini zamonaviy shisha, mramor, plastika, alyubond va rang-barang vitrinalar bilan bezatish an’anaga aylandi. Bugun ushbu binolar dizaynida asekko (devorga rasm chizish uslubi) freska, vitraj, bakkar (xrustal bilan bezatish uslubi), rang-tasvir, grafika, glintika (toshga o‘yish san’ati), gobelen, izrazets, inkrustatsiya bilan birga o‘zbek xalq amaliy san’ati – naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi, ganch o‘ymakorligi va boshqalardan foydalanilayotganini ko‘ramiz.
Ikkinchi talab serharakat shahar kishisining vaqtini tejash hamda unda ma’lum bir voqyealar, hodisalar haqida ta’surot uyg‘otish, fikr shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan [2]. O‘sha davrda hukmron bo‘lgan kommunistik mafkura ko‘chalar, maydonlar va binolarga turli shiorlar, plakatlar ilishni an’anaga aylantirgan. Ularda asosiy e’tibor shriftga, ya’ni shior mazmuniga mos keluvchi shriftdan foydalanishga qaratilgan. Shiorlar ko‘pincha qizil alvonga uzoqdan ko‘zga tashlanuvchi kesma shriftlar bilan yozilgan. 70-yillarga kelib katta ko‘chalarda, korxonalar maydonchalar, istirohat maskanlari va ma’muriy idoralar oldida katta plakatlar, temir konstruksiyalar yoki oq mramor bilan qoplangan stendlar, mozaika pannolar o‘rnatish keng tarqaladi. Mazkur stend va pannolarni hozirgacha Toshkent shahrida uchratish mumkin.
Shuni qayd etishimiz kerakki, mazkur plakat, stend va pannolar asosan ideologik vazifani bajargan, ularda shaharning badiiy-estetik obrazini yaratish, san’at asarlarini dizayn talablariga muvofiq loyihalashtirish, bezatish nazarda tutilmagan.
Uchinchi talab shahar – inson konsepsiyasi yuzaga kelgani bilan bog‘liqdir. O‘sha davrda o‘tkazilgan maxsus tadqiqotlar ko‘rsatadiki, shahar shunchaki makon, kishilar ishlaydigan va istiqomat qiladigan muhitgina emas, u insonning dunyoqarashi, badiiy-estetik didi va hayotiy idealini shakllantiradigan ijtimoiy-tarbiyaviy omildir. Shahar muhiti, undagi tarixiy-madaniy an’analar, turmush tarzi, arxitektura, ko‘chalar va istirohat maskanlari insonda ma’lum etnostereotiplarni shakllantiradi. Mazkur tadqiqotlarda shaharni loyihalashtirishga dizayn san’ati nuqtan nazaridan yondashish lozim, degan fikr ilgari suriladi. To‘g‘ri, ularda hali «shahar dizayni» degan ibora ishlatilmaydi, ammo tadqiqotchilar shahar muhitini badiiy-estetik g‘oyalar va asarlar bilan bezatish konsepsiyasini ilgari suradilar. Masalan, S.B. Bazazyansning fikriga ko‘ra, shahar muhiti, ko‘chalar, inshoot va maydonlar musavvirga rang-barang san’at turlaridan foydalanishga imkon beradi, shuning uchun «har bir ijodkor shahar muhitini badiiy-estetik ta’sir ob’yekti, shahar kishisini esa retsipiyent» sifatida qabul qilishi mumkin.
Shu bilan birga shahar muhitini etnomadaniy belgilarsiz tasavvur etish ham yuqoridagi izlanishlarda ko‘zga tashlanadi. Shaharni badiiy-estetik bezatishda o‘ziga xoslik, betakrorlik, etnomadaniy an’analarga muvofiqlikni izlash emas, balki nasl- nasabsiz, milliy belgisiz «sotsialistik shaxs» va «sotsialistik san’at» yaratishga intilish ustun turadi.
Shubhasiz, yuqoridagi uchta fundamental ahamiyatga ega talab shahar dizayni haqida tasavvurlar uyg‘otdi, shahar-inson aloqalarini badiiy-estetik mohiyat bilan boyitishga yetakladi. Toshkentda Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutining ochilishi O‘zbekistonda dizayn san’atini alohida ilm-fan, ijodiy faoliyat sifatida o‘rganish imkonini berdi.
Respublikamizda dizayn haqidagi qarashlar endi shakllanmoqda, «shahar dizayni» tushunchasi ham endi qo‘llanilmoqda. Bu borada olib borayotgan ilmiy izlanishlarimiz bizni quyidagi fikrlarni bildirishga undaydi.
Shahar dizayni shaharsozlik, arxitektura, shahar infrastrukturasi va landshaftining tarkibiy kismi sifatida qaralishi, quriladigan har bir inshoot, shakllantiriladigan infrastruktura esa badiiy-estetik mohiyatga betakror, rang-barang, qiziqarli ko‘rinishiga ega bo‘lishi lozim. Buning, uchun shaharsozlar, arxitektorlar dizaynerlar bilan ijodiy hamkorlik o‘rnatishi darkor.
Shahar dizayni rang-barang sohalar bilan bog‘liq ijodiy faoliyat turidir. U arxitektura, yo‘l transporti, savdo-sotiq, madaniy- maishiy xizmatlar uyushtirish, kommunikatsiya, mebelshunoslik, ijtimoiy boshqarish va tabiiy ravishda, san’atning barcha janrlarini, turlarini bilishni talab etadi. Shuning uchun «Shahar dizayni» kursini ishlab chiqish va mutaxassislar tayyorlash jarayoniga joriy etish maqsadga muvofiqdir.
Shahar dizayni atrof-muhitga shahar dizayn inson triadasi sifatida yondashishga undaydi [3]. Mazkur konsepsiya markazida shahar va inson manfaatlarini o‘zining ijodiy faoliyatida uyg‘unlashtiruvchi mutaxassis – dizayner turadi. Aynan ushbu mutaxassis insonda ijtimoiy muhitdan, undagi badiiy-estetik va etnomadaniy qadriyatlardan to‘la qoniqish hissini uyg‘otadi, o‘z shahrini sevib, uni yanada go‘zal qilib, yaratib yashashga undaydi.
Shahar dizaynida zamonaviy, g‘arbona va an’anaviy, sharqona san’at janrlarini, turlarini uyg‘unlashtirish imkoni kattadir. Ushbu janrlarni, turlarni sintezlashtirish mutaxassisni erkin, keng izlanishlarga undaydi va uning asarlarini ommalashtiradi, hayotiy qiladi. Demak, shahar dizayni badiiy-estetik ijodni ijtimoiy hayotga, amaliyotga yaqinlashtiradi, izlanishlarga pragmatik yo‘nalish beradi.
Adabiyotlar:
- Глазычев В.Л. Дизайн как он есть. — М.: Европа.-2006.- С.17-19.
- Шимко В.Т. Архитектурное формирование городской среды.-М.:Высшая школа, 1990.- С.10-12.
- Михайлов С.М., Михайлова А.С. Основы дизайна. — М.: Союз дизайнеров России, 2004. — С.42-48.
Maqolada zamonaviy shahar muhitini milliy urf-odatlarga tayangan holda o‘rganish hamda zamonaviy arxitekturaning talablarini ifodalash, milliylikni saq lash aks ettirilgan. Muallif tomonidan kelajak arxitekturasi va shaharni bezagi imkoniyatlari istiqboli bashorat qilingan.
В статье показано изучение дизайна современной городской среды с учётом местных традиций и колористики а также обоснованы требования к современной архитектуре, необходимость соблюдения национальных традиций. Автор перечисляет требования и прогнозирует возможности архитектуры и дизайна будущего.
The purpose of the article is studying of design of modern architecture with provision for local traditions, and landscape. And also to get acquainted with the requirements of modern architecture, realize the necessity to cling to the customs and traditions, that combining can predict and forecast opportunities of architecture and perfect future of design. Authors forecast the possibility of architecture and futures design.
Xikmatullayeva K.S.,
TDTU
https://shosh.uz/uz/shahar-dizayni-nazariya-va-amaliyot-2/