SEYSMOLOGIYA

SEYSMOLOGIYA (seysmo… va …logiya) — zilzilalar, ularning sodir boʻlish sabablari va oqibatlarini oʻrganadigan geofizika boʻlimi. Seysmologiya fizika va geologiya fanlari bilan uzviy bogʻliq. Zilzilalarni Yerning geologik tuzilishiga bogʻlab oʻrganadi. Seysmologiya vazifasi va tadqiqot usullariga koʻra, xususiy, seysmometriya va amaliy Seysmologiyaga boʻlinadi. Xususiy Seysmologiya zilzila, uningsabablari, zilzilalar bilan bogʻliq qodisalarning fizik va geologik tomonlarini oʻrganadi. Seysmometriya tebranishlar nazariyasi, zilzila vaqtida yer yuzasidagi tebranishlarni oʻlchash usullari, zarur asboblar ishlab chiqish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi. Amaliy Seysmologiya zilzilabardosh inshootlar qurish masalasi bilan shugʻullanadi. Seysmologik tadqiqotlar seysmik styalardan olinadigan va ilmiy markazlarda umumlashtiriladigan maʼlumotlar asosida oʻtkaziladi. Yerning seysmik holatini oʻrganish natijasida har bir hududning seysmik xaritasi tuziladi, kichik, maydonlar (qurilish obyeklari) uchun seysmik hududlashtirish amalga oshiriladi. Seysmologiyaning seysmik zondlash, seysmik karotaj, seysmik razvedka kabi usullari maʼlum. Zilzila jarayonida vujudga kelgan seysmik toʻlqinlarni oʻrganish natijasida Yerning ichki tuzilishini bilish mumkin. Seysmologiya kuchli zilzilalarning sabablarini aniqlash hamda zilzilabardosh binolar qurish (q. Seysmobardosh qurilish) yoʻllarini qidirib topish bilan bogliq holda vujudga keldi. S mustaqil fan sifatida 19-a. 2-yarmida geol. va fizika fanlari erishgan yutuklar natijasida rivojlana boshladi. 19-a. oxirlaridan boshlab Seysmologiyada asboblar yordamida kuzatish hamda fizikmatematik tadqiqot usullari qoʻllanila boshladi. Seysmologiyaning shakllanishida rus olimi B. B. Golitsin, nemis geofizigi E. Vixert (19-a. oxiri 20-a. boshi), B. Gutenberg, ingliz olimlari J. Miln (19-a. 2-yarmi), X. Jefris, yugoslaviyalik geofizik A. Moxorovichich, yaponiyalik F. Omori (20a. boshi) va b. katta hissa qoʻshdilar. Rossiyada 1888-y. Rossiya Geografiya jamiyatining Seysmik komissiyasi tuzilgan. Sobiq SSSRda Seysmologiyaga oid asosiy tadqiqotlar SSSR FA Yer fizikasi intida olib borilgan. Toshkentda birinchi seysmik st-ya 1901-y. ishga tushirildi va Oʻzbekistonda muntazam instrumental seysmologik kuzatishlar boshlandi. Toshkent zilzilasi (1966) Oʻzbekistonda Seysmologiyaning rivojlanishida muhim turtki boʻldi. Oʻzbekiston FA qoshida Seysmologiya instituti tashkil etildi, Toshkent zilzilasining sabab va oqibatlari oʻrganila boshladi. Oʻzbekistonda zilzila haqidagi bilimlar doirasi kengaydi, zilzila darakchilarini aniqlashga doir i. t. ishlari amalga oshirildi. Seysmik st-yalar soni koʻpaydi, Toshkent geodinamik poligoni (tabiiy lab.) tashkil etilib, zarur asboblar bilan jihozlandi. Bu poligonda turli usullar yordamida kuzatish olib boriladi. Oʻzbekistonda yerning ichki tuzilishini, zilzila fizikasini oʻrganish zilzilani oldindan bilish, seymik apparatlar yaratish va mavjudlarini takomillashtirish, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi sabablarini ilmiy jihatdan oʻrganish va b. masalalar bilan shugʻullaniladi. Seysmologiya in-tida yer osti suvlari tarkibidagi turli inert gazlar va kimyoviy elementlar mikdorining zilziladan oldin keskin oʻzgarishlari kashf etildi (Mavlonov Gʻ. O., Sultan xoʻjayev A. N., Ulomov V. I. va b., 1973-y.), yer osti suvlaridagi radon gazi miqdorini oʻlchaydigan asbob yaratildi, Oʻzbekiston xududini seysmik hududlashtirish va seysmotektonik xaritalar tuzildi. Zilzila jarayonida yer osti suvlarining kimyoviy tarkibi oʻzgarishi ilmiy jihatdan isbotlandi. Oʻzbekistonda Seysmologiya fani taraqqiyotiga Gʻ. O. Mavlonov, K, Abdullabekov, Ye. M. Butovskaya, V. I. Ulomov va b. katta xissa qoʻshishgan.

Qahhorbek Abdullabekov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x