INSON OʻZING
Sobitu sayyorada
Inson oʻzing, inson oʻzing.
Mulki olam ichra bir
Hoqon oʻzing, sulton oʻzing.
Sobit oʻz maʼvosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida
Karvon oʻzing, sarbon oʻzing.
Shams – dil taftingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jahon zabtingdadur,
Bogʻbon oʻzing, posbon oʻzing.
Bu yorugʻ dunyo nadur?
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon oʻzing, mezbon oʻzing.
Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shohu gado,
Jang qilurlar doimo,
Ul yon oʻzing, bul yon oʻzing.
Sen balo, ham mubtalo,
Xayr ila kin, rostu riyo,
Fitnagar olam aro
Fatton oʻzing, qurbon oʻzing.
Goh adolat bogʻida,
Piri adovat gohida,
Oʻz diling dargohida
Shayton oʻzing, gʻilmon oʻzing.
Xormisan yo gulmisan,
Tojdormisan yo qulmisan,
Chugʻzmisan, bulbulmisan,
Nodon oʻzing, xushxon oʻzing.
Bu hayot oʻrmon ekan,
Jon borki, qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon oʻzing, jayron oʻzing.
Bu hayot ummon ekan,
Ummon abad gardon ekan,
Qatradek sarson ekan,
Sarson oʻzing, gardon oʻzing.
Mashʼali fikrat – sening,
Ham changali vahshat sening,
Gʻayratu gʻaflat sening,
Javlon oʻzing, uryon oʻzing.
Qildingu oyda xirom,
Ham yerda qon toʻkding harom,
Ushbu holingdan mudom
Xandon oʻzing, giryon oʻzing.
Minding ilm narvoniga,
Chiqding funun osmoniga,
Bu jahon ayvoniga
Arkon oʻzing, vayron oʻzing.
Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib
Hayron oʻzing, hayron oʻzing.
Bogʻi arz obod erur
Sendin agar imdod erur,
Yoʻqsa u barbod erur,
Toʻfon oʻzing, toʻgʻon oʻzing.
Sen hilol, yulduz, salib,
Tavrot, Zaburdin yuksalib,
Boymisan yoki gʻarib,
Komron oʻzing, yakson oʻzing.
Kim farangi, kim habash,
Irq, qon talash, imon talash,
Shulmi insondek yashash,
Armon oʻzing, afgʻon oʻzing.
Mamlakatga mamlakat,
Millatga millat boʻlsa qasd,
Qilguchi soʻng oqibat
Armon oʻzing, afgʻon oʻzing.
Onaizoring – zamin,
Tanho yoʻgʻu boring – zamin,
Xasta bemoring – zamin,
Oʻgʻlon oʻzing, darmon oʻzing.
Bagʻrida yotquchi – sen,
Neʼmatlarin totquchi sen,
Tigʻ boʻlib botquchi – sen,
Paykon oʻzing, qalqon oʻzing.
Marsga toʻp otquvchi – sen,
Zuhroni uygʻotquchi – sen,
Uyquda qotquchi – sen,
Uygʻon oʻzing, uygʻon oʻzing.
Kelding olamga, demak,
Yetmas uni soʻrmak, yemak,
Yerni etmogʻing kerak
Boʻston oʻzing, rizvon oʻzing.
Soʻzga ham poyon boʻlur,
Yozsam yana devon boʻlur.
Rustami doston boʻlur,
Doston oʻzing, devon oʻzing.
Boʻlmasin subhing qaro,
Bor boʻl mudom borliq aro,
Oʻzni etgil doimo
Inson oʻzing, inson oʻzing.
Ey, sen Erkin, sen bukun
Yozding dilingdan bir tugun,
Sen kimu ne dahri dun,
Biyron oʻzing, nodon oʻzing.
SEN DAVLATSAN, AZIZ VATANDOSH!
Doʻstim!
Sen oʻzni koʻp xokisor tutma,
Ojiz bandaman, deb egib yurma bosh.
Yurtning egasisan, zinhor unutma,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Mustaqil, moʻtabar mamlakat – sensan,
Mamlakatda oliy mashvarat – sensan,
Xalqsan, hukumatsan, saltanat sensan,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Panada turmoqning fursati emas,
Bu tuproq faqirlar turbati emas,
Sohib boʻl, davlatning murvati emas,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon,
Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon,
Davlat ne, mardona boʻlmasang qalqon,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Diyonatli oʻtgan naslu nasabing,
Nohaqlikka bardosh bermas asabing,
Keragida boʻlsin qahring, gʻazabing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Yurt farzandi asli oʻzi yurt boʻlar,
Koʻzi chaqnoq boʻlar, qalbi oʻt boʻlar,
Qatorda nori bor vatan but boʻlar,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Men deb koʻkrak kerib yurguvchi oʻzing,
Yurtga soqchi boʻlib turguvchi oʻzing,
Buyuk kelajakni qurguvchi oʻzing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
KAMTARLIK HAQIDA
Garchi shuncha magʻrur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin boʻl, hatto bir qadam
Oʻtma gʻurur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
Oʻpar doim peshonasidan.
* * *
Tinglayman koʻp oʻzbek soʻzlarin
Xorazmcha talaffuzini.
Xush koʻraman u yer qizlarin
“Qoʻysangiz-a” degan soʻzini.
Ular buni aytsa muloyim,
Tillaridan asal toʻkilar…
Xorazmlik qizlarni doim
“Qoʻysangiz-a” degizgim kelar.
* * *
Qaro qoshing,
qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Qilur qatlimga qasd qayrab –
Qilich qotil qaroshing, qiz.
Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmokka qoʻymaysan.
Qarab qoʻygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.
* * *
To tirikdirki tabiat,
To quyosh sochgayki nur,
Uch egiz bordir tushuncha,
Uch bu soʻz yondosh boʻlur:
Mohiru mehru mahorat,
Olimu ilmu amal,
Oshiqu ishqu mashaqqat,
Shoiru sheʼru shuur.
ShOIR UMRI
(parodiya)
“Mana, men Lermontov yoshiga yetdim,
Bir shoir umrini yashadim chindan.
Sheʼriyat koʻkida tik parvoz etdim,
Parvozim balanddir uchqur lochindan”.
Sayyor
“Mana, men Lermontov yoshiga yetdim,
Bir shoir umrini yashadim chindan”.
Qancha qogʻozlarning boshiga yetdim
Va lekin Lermontov chiqmadi mendan.
Doʻstlarim, ortiqcha kamtarlik nega,
Kelajak oʻn yilni koʻrdim oldindan.
Vaqt kelar, yetarman Pushkin yoshiga,
Oʻshanda… Pushkin ham chiqmaydi mendan.
* * *
Oy fonusin koʻtardi osmon,
Yulduzchalar boʻldi parvona.
Sayr etaylik, kel, birga, jonon,
Koʻnglim seni istar yagona.
Qoʻllarimdan tut oʻzing, dilbar,
Oydin yoʻlga yetakla meni.
Oshiq boʻlib, ishon, shunchalar
Sevmagandim hech qachon seni.
Ajab, ortiq sarmastman bukun,
Koʻkragimga siqquday olam.
Bu kun lim-lim toʻlmish lolagun
Ishq mayiga koʻngil piyolam.
Kel, yulduzlar toʻshalgan yoʻldan
Yetaklasin bizni muhabbat.
Gʻamlaringni chiqar koʻngildan,
Shod kunlarni eslaylik faqat.
Sayr etaylik, kel, birga, erkam,
Rozi ketsin bizdan umrbod –
Shodlik uchun yaralgan olam,
Sevmoq uchun berilgan hayot.
KIMNI ETMAS BU KOʻNGIL ShAYDO
Dunyo ekan…
Ishq degan savdo
Bormi faqat mening boshimda?!
Kimni etmas bu koʻngil shaydo,
Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!
Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga
Hayotimning boʻldi mazmuni.
U qoʻlimga tutqazib qalam,
Koʻzlarimdan oldi uyquni.
Oldi butun fikru xayolim,
Ketdi dildan orom, halovat.
Sevgi butun borimni olib,
Sheʼr zavqini qoldirdi faqat.
Borliq olam koʻzimga ming-ming
Goʻzallikka toʻlib koʻrindi.
Gullar menga oshiq bulbulning
Sheʼr daftari boʻlib koʻrindi…
Ayb etmangiz,
Doʻstlar, bu savdo
Bormi faqat mening boshimda?
Kimni etmas bu koʻngil shaydo,
Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!
ASABLAR
Asablar,
Asablar,
Asablar…
Sababsiz sochilgan gʻazablar,
Gunohsiz chekilgan azoblar.
Koʻz yoshlar…
Bariga sabablar
Asablar, asablar, asablar.
Asablar kimlarni qulatmas,
Asablar uyquni yoʻlatmas,
Qalbni hech shodlikka toʻlatmas,
Odamzod temirmas, poʻlatmas!
Asablar kimlarni qulatmas!..
Asabga soʻz bermang, odamlar,
Gʻazabga yoʻl bermang, odamlar,
Umr-ku shunchalar qisqadir,
Shuni ham qilmaymiz biz qadr.
Asabga soʻz bermang, odamlar,
Azobga yoʻl bermang, odamlar!
FURSAT
Fursat – oltin,
Sen koʻkrak kerib
Oltiningni sochib borasan.
Fursat quvar,
Unga chap berib,
Soʻrogʻidan qochib borasan.
U yetolmas,
Yoshsan – abjirsan,
Qolmay kelar lekin orqangdan.
Qochma yigit,
Vaqt kelar, birdan –
Fursat mahkam tutar yoqangdan.
Foyda bermas
Ming tavbang u kun
Soʻrar ekan fursat sarhisob.
Benaf oʻtgan
Hayoting uchun
Vaqt oldida berursan javob.
BOSH TEBRATAR SOAT KAFGIRI…
Bosh tebratar soat kafgiri,
Der: qadrimni bilmas odamlar.
Sekundlarim gavhar har biri,
Nega parvo qilmas odamlar?
Bosh tebratar soat kafgiri,
Shoshil, odam, oʻtmoqdadir on.
Har narsaning boʻlar oxiri,
Bosh tebratib qolma soʻng, inson!
KUY AVJIDA UZILMASIN TOR
Kuy avjida uzilmasin tor,
Sheʼr yarmida sinmasin qalam.
Yashab boʻlmay umrini zinhor
Bu dunyodan ketmasin odam.
Qoʻldan tushib sinmasin qadah,
Lab tekkanda toʻkilmasin may.
Toʻxtamasin urib turgan qalb,
Boshlab qoʻygan qoʻshigʻi bitmay.
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri
https://saviya.uz/ijod/nazm/sevmoq-uchun-berilgan-hayot/