Issiq uy
Bahor qalʼasining qutvoli –
Quyoshda qirlarning iqboli,
Hilolda tunlarning savoli,
Beshik va belanchak kengliklar,
Togʻimga yoqalik, yengliklar,
Bogʻimga, daryomga tengliklar,
Yuzimga rang bergan yoʻllarim,
Koʻzimga tong bergan gullarim,
Dilimni oʻstirgan qoʻllarim,
Umrimga harf sochgan kitob bu,
Otamdan, onamdan – oftob bu,
Ongimni uygʻotgan xitob bu,
Bu suvlar bunchalar tinigʻ-yey,
Toshlari koʻp mayda sinigʻ-yey,
Baligʻi chiroyli qiligʻ-yey,
Ularda ajdodlar nigohi
Keladi – ming yillar guvohi,
Guvohlar sogʻinchning sipohi,
Turnalar bir tekis chizilgan,
Teraklar chiziqqa tizilgan,
Qiyoqlar qulogʻi choʻzilgan,
Havoda varraklar parpirar,
Bolalar qalbiga talpinar,
Har qalbda bittadan alp unar,
Ona, siz tebratgan beshigim,
Ota, siz taft bergan eshigim,
Odamlar, siz bilan xeshligim,
Hech kimga bermagan buyum shu,
Tirikman – eng tirik kuyim shu,
Koʻz yumsam – eng issiq uyim shu…
Eng issiq uyim shu…
Bir…
Shabboda bir patni tutib keltirdi,
Sevgining nomidan maktub keltirdi.
Har soʻzda chiroyli barmoq izi bor,
Har soʻzning yonida gul ildizi bor.
Soʻz emas, lablarda taralgan nafas,
Lab emas, bir qalbda yaralgan nafas.
Nafasmas, bir dilning tubidagi uh,
Uh emas, koʻkrakda erigan anduh.
Anduhmas, koʻklarga yoyilgan bir zor,
Zor emas, koʻklardan toʻkilgan ozor.
Ozor emas, balki koʻrinmas belgi,
Belgimas, bir zulfning uchidan ulgi.
Ulgimas, hayratdan sinib tushgan dod,
Dod emas, bir xolga jo boʻlgan hayot.
Hayotmas, qalamning uchidek nuqta,
Nuqtamas, nuqtadan kichikroq nuqra.
Nuqramas, tomoqda tebrangan bir voh,
Voh emas, pardan ham yengilroq bir oh.
Oh emas, jilmayib qarab turgan soʻz,
Soʻz emas, bir qalbga kelib qoʻngan koʻz.
Koʻz emas, gul yuzni bezagan boda,
Bodamas, kiprikda yotgan shabboda…
Shabboda bir patni tutib keltirdi,
Sevgining nomidan maktub keltirdi.
Tillaqosh
Qoʻynida quyosh yotsin,
Hur koʻksiga nur botsin,
Qushlar sayrab uygʻotsin,
Hilol tillaqosh boʻlsin,
Har soʻzi talosh boʻlsin.
Oftob boʻlar soyabon,
Kechalari oy posbon,
Dunyo unga mehribon,
Hilol tillaqosh boʻlsin,
Tovuslar farrosh boʻlsin.
Avaylaydi oʻzini,
Bol simirar soʻzini,
Yulduz oʻpar koʻzini,
Hilol tillaqosh boʻlsin,
Qoshi, koʻzi fosh boʻlsin.
Kimga maxfiy mahzani,
Ozoda qad savsani,
Chehrasining ravshani…
Hilol tillaqosh boʻlsin,
Ustasi naqqosh boʻlsin.
Barmogʻing uchi
Uchirma qilasan qoshingni,
Gʻavgʻoga qoʻyasan boshingni.
Qaydansan, bunchalar issiqsan,
Qay bogʻdan – bunchalar tansiqsan?
Barmogʻing chiziqdan yurmaydi,
Kulgiching kulgida turmaydi.
Noziksan – oʻrikning gulidek,
Beqaror – qoqigul kulidek.
Baʼzida shamolsan, baʼzida
Yuzimga suykalgan shabada.
Yurasan bir tomon ogʻgandek,
Sevgining mavjida oqqandek.
Bilaging tutgan ishq – uzukmi,
Koʻzlari shaydo-yu, suzukmi?
Sirgʻalar yulduzdek sirgʻalar,
Har koʻcha, burchakda tirgʻalar.
Sochingga kechaning ranglari,
Ranglarning nurchimol zanglari.
Lablaring chetida yonar dur,
Barmogʻing uchidan tomar nur.
Shunchalar yaqinsan yurakka,
Shunchalar uzoqsan tilakka.
Oq kiyim
Tongga yarashibdi oq kiyim,
Yarashibdi oq chiroy, oq siym,
Oq parda, oq choyshab, oq zehn,
Oq kapalak, oq gul, oppoq qush,
Oppoq jayron, oq koʻl, oppoq tush,
Oq suv, oq tosh, oq yoʻl, oq urush,
Oq ilon, oq daftar, oq tuproq,
Oq qalam, oppoq soʻz, oq qirgʻoq,
Oq niyat, oq orzu, oq baldoq,
Oq chiroq, oq munchoq, oppoq gʻoz,
Oq sirgʻa, oq bayroq, oq parvoz,
Oq soya, oq daryo, oq ovoz…
Yarashibdi desam oq kiyim,
Chiqib keldi tongdan oq kelin.
Qaldirgʻoch
Kiprigimda ungan shahnoz qaldirgʻoch,
Kiprigimga qoʻngan tannoz qaldirgʻoch.
Yuragimni yasab par-patlaridan,
Kiprigida etgan eʼzoz, qaldirgʻoch.
Ikki qanotiga qistirib qoʻshnay,
Qulogʻimga bergan ovoz, qaldirgʻoch.
Bir yelkamga qoʻnib, bir qoʻnib boshga,
Menga berar buncha pardoz, qaldirgʻoch.
Uzoqlarga koʻp-koʻp uchib ketadi,
Qoshimga keladi oz-oz qaldirgʻoch.
Aylanada uchib aylan va ayla
Koʻzimning ichida parvoz, qaldirgʻoch.
Salim ASHUR
“Sharq yulduzi”, 2012–4
https://saviya.uz/ijod/nazm/sevgining-nomidan-maktub/