Meni koʻrgach kiyikdek qochgan,
Nimanidir qidira tushgan,
Kuppa-kunduz kuni adashgan
Nigohingni sevaman, gulyuz.
Yonginamdan oʻtib bepisand,
Soʻng bu ishdan yurasan xursand.
Ul olifta poshnangdek baland
Dimogʻingni sevaman, gulyuz.
Goʻzallarga taraf yoʻq ekan!
Goh gul boʻlar, gohida tikan.
Jonga yoqqan, jonni oʻrtagan
Soʻrogʻingni sevaman, gulyuz.
Jodularing koʻpmi shuncha ham,
Tishlayverib toʻzidi yoqam.
Avji yozda qorlari yoqqan
Qovogʻingni sevaman, gulyuz.
Alam bilan koʻksim mushtlagan
Yuragimga ne desam ekan?..
Menmas, tillo sirgʻa tishlagan
Qulogʻingni sevaman, gulyuz.
Intizor yoʻl poylagan sarim,
Sogʻinaman oʻylagan sarim.
Achchiq-achchiq soʻylagan shirin
Dudogʻingni sevaman, gulyuz.
Tagʻin xatlar bitib yurmagin,
Nogahonda ozor bermagin,
Mayli, asra, qavartirmagin –
Barmogʻingni sevaman, gulyuz.
Garchi tengsiz bir bagʻritoshsan,
Lek men uchun oysan, quyoshsan.
Bobur mirzo aytgandek, boshdan –
Oyogʻingni sevaman, gulyuz.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/sevaman/