SETARIOZLAR — sut emizuvchilarda uchraydigan invazion kasalliklar. Qorin boʻshligʻi, bosh va orqa miya, koʻz, qonda parazitlik kiladigan Setaria urugʻiga mansub nematodalarning turli shakllari qoʻzgʻatadi. Koʻproq otlar, qoramol, qoʻy, bugʻular kasallanadi. Oraliq xoʻjayinlar — qonsoʻrar pashsha va chivinlar tarqatadi. Kasallik bahor va yozda hayvonlar yaylovda boqilganda ularga xartumida setariylarning invazion lichinkalari boʻlgan pashsha va chivinlar hujum qilganda paydo boʻladi.
Qoʻylarda va bugʻularda Setariozlarni qoʻzgʻatuvchi setariylar bosh va orqa miyada toʻplanadi. Kasallangan hayvonda aylanchiq kasalligi va parez paydo boʻlib, yurganida chayqaladi. Tashhis qonda mikroblarning topilishiga qarab qoʻyiladi. Davosi ishlab chiqilmagan.
Oldini olish: chivinlarga qarshi repellentlar (benzimin, oksamat) yoki insektitsidlar (dibrom va b.) qoʻllaniladi.