Post Views:
271
SERGELI, sergili – o‘zbek va qozoq xalqi (Katta juz) tarkibiga kirgan qabila. Sergelilarning bir qismi Zarafshon vohasi qipchoqlari va Jizzax viloyatlari yuzlarining tarkibiga mayda urug‘ sifatida qo‘shilgan. Toshkent uyezdining Yettikent, Oqjar, Zangiota, Qo‘shqo‘rg‘on, Niyozbek volostlari va Toshkent vohasida Sergelilar 1074 xonadon (8125 kishi)ni tashkil etgan (1920 yilgi aholi ro‘yxati).
19–20-asr boshlarida Qoziqurt, Karjon, Chimyon tog‘lari etaklarida, Bodom, Keles, Chirchiq, Oqsoqota daryolari vohalarida yashagan. Sergelilar tarkibiga 12 urug‘ (boyjigit, shaldar, botir, jaydak, qaychili, qorakuntirdak, oqkuntirdak, qorabotir, tutamg‘ali, eliboy, janaboy, aytbuzim) mavjud bo‘lgan. Bu urug‘lar, o‘z navbatida, bir qancha mayda qavmlarga bo‘lingan. Sergelilarning o‘z tamg‘asi va o‘roni (suroni) mavjud bo‘lgan. Sergelilar etnogeneziga ko‘ra dug‘lot, uyshun qabilalari bilan qardosh. Sergelilar, asosan, yarim ko‘chmanchi chorvachilik, qisman dehqonchilik, hunarmandchilik (olacha, shol to‘qish, kigiz bosish) bilan shug‘ullangan. Sergelilar avlodlari Toshkent viloyatining Yangiyo‘l, YUqori Chirchiq tumanlarida va Chimkent viloyatida yashab kelmoqda.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/sergeli-sergili/