SENZURA (lot. censura — jiddiy muhokama, shafqatsiz tanqid) — bosmadan chiqadigan mahsulotlar, ularning chop etilishi, tarqatilishi ustidan, shuningdek, sahna asarlari, radio-eshittirishlar va televizion koʻrsatuvlar, baʼzida esa shaxsiy yozishmalarning mazmuni va ijrosi ustidan rasmiy hokimiyat organlarining nazorat oʻrnatishi. Ilk bor S. 15-a. da Gʻarbiy Yevropada paydo boʻlgan va cherkov maʼmurlari tomonidan ilohiy va b. diniy qoʻlyozma kitoblarga nisbatan qoʻllangan. Cherkov Senzurasi rasmiy cherkov aqidasiga zid keladigan qoʻlyozmalarni, bidʼatchilar kitoblarini mutlaqo taqiqlagan. Yevropada matbaachilikning oʻsishi bilan Senzura tizimi ham rivojlandi. 1471-y. dan diniy mazmundagi kitoblar faqat cherkov maʼmuriyatining ruxsati bilan nashr etiladigan boʻldi. 16-a. dan Senzura diniy hokimiyatdan asta-sekin dunyoviy hokimiyatga ham oʻta boshladi: bosmaxonalari boʻlgan barcha Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida Senzura tartibi oʻrnatildi. Senzura organlari tarmogʻi kengayib bordi, Senzura qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Buyuk fransuz inqilobi va b. inqiloblar fuqarolarga oʻz fikrini erkin ifodalash huquqi berilishini va Senzuraning bekor etilishini eʼlon qildi. Biroq koʻpgina mamlakatlarda matbuotda cheklashlar davom etaverdi. Rossiyada chorizmning qattiq Senzura tartibi tufayli koʻpgina gaz. va jur. lar oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan. Turkistonda ham Rossiya podshosining Senzura organlari ishlagan. Senzura aygʻoqchilari bu yerda har bir matbuot organidan koʻz-quloq boʻlib turgan, oʻzi uchun nomaqbul hisoblangan chiqishlarni taqiqlagan. Sobiq shoʻrolar davrida esa 1922-y. dan Matbuotda davlat sirlarini saqlash Bosh boshqarmasi (Glavlit) va uning respublikalardagi boshqarmalari tomonidan Senzura amalga oshirib kelingan.
Hoz. zamon Konstitutsiyalarining aksariyatida soʻz va axborot erkinligi eʼtirof etilib, Senzura toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlansa-da, dunyoning barcha mamlakatlarida baʼzi hollarda, jumladan, favqulodda holat eʼlon qilingan vaqgda ziyon yetkazuvchi yoki nomaʼqul deb hisoblangan gʻoyalar va maʼlumotlar tarqatilishini oldini olish choralari koʻrilib, Senzurani joriy etishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻz vazifalariga koʻra, Senzura bevosita va bilvosita boʻlishi mumkin. Bevosita Senzura axborot manbalariga, ularni tarqatuvchi vositalarga davlat tomonidan maxsus, ochiqdan-ochiq qatʼiy nazorat oʻrnatadi. Senzurani amalga oshiradigan tashkiliy-maʼmuriy tizim yaratiladi va u bevosita ommaviy axborot vositalari va b. maʼlumot tashuvchilar faoliyati bilan shugʻullanadi. Bunday idora vakolatlari davlat sirlarini oshkor etmaslikni nazorat qilish bilan asoslantiriladi, urushni targʻib qilish, pornografiya tarqatish, millatlararo va dinlararo nizolarni keltirib chiqarish kabilarni taqiqlaydi yoki hukmron tartibni biror-bir tarzda tanqid qilishga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha mavjud axborotni qamrab oladi. Bunday Senzura zamonaviy davlatlarning koʻpchiligida Konstitutsiya tomonidan taqiqlanadi. Bilvosita Senzura jahonning barcha davlatlarida mavjud. U axborot yaratuvchilarga turli (eng avvalo, iqtisodiy vositalar orqali) taʼsir koʻrsatishda oʻz ifodasini topadi. Bilvosita Senzuraning turlaridan biri oʻzini oʻzi Senzura qilishdir, yaʼni axborot yaratuvchining oʻzi nazorat qiladi.
Senzurani amalga oshirish usuliga koʻra, dastlabki va keyingi Senzuraga boʻlish mumkin. Dastlabki Senzura kitob chiqarish, sahna asarlari qoʻyish va sh. k. da ruxsat olish zaruratini nazarda tutadi.
Keyingi Senzura esa eʼlon qilingan nashrlarni baholashdan iborat boʻlib, ushbu talablarni buzgan shaxslarga nisbatan man etuvchi va cheklovchi choralarni nazarda tutadi.
Oʻzbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasiga muvofiq, Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi. Axborot olish va tarqatish kafolatlariga oid «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida» (2002-y. 12 dek.), «Axborotlashtirish toʻgʻrisida» (yangi tahrirda, 2003-y. 11 dek.), «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida» (1997-y. 25 dek.), «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida» (1997-y. 24 apr.)gi qonunlar qabul qilingan. Narzulla Joʻrayev, Akmal Saidov.