Shodlikdan osmonga yetganda boshim
Bir joyga toʻplansa doʻstu qarindoshim.
Yo boshimga tushsa biror musibat,
Yoki birov aytsa otamga rahmat.
Uchrab qolsa yoʻlda tanish ayollar,
Dildan tilga koʻchsa maʼsum xayollar.
Desa: “Koʻrinishda magʻrur boʻlsa ham,
Yoʻq edi onangday mushtipar odam”.
Seni koʻrgim kelar, onajon.
Yor bilan bogʻ kezsam oydin kechalar,
Koʻnglimda tugʻilsa yangi rejalar.
Sirli kuylab oqsa jigʻalar pastda,
Baxtimga yulduzlar boqsa havasda –
Shabboda silasa gulning yuzini,
Tinglamoq istayman aytgan soʻzini.
“Bolamning boʻyini koʻray deb bir dam”,
Ehtimol gul boʻlib chiqqansan yerdan.
Shu sabab sogʻinch-la bogʻaman gulga.
Armon faryod qilar oʻksigan dilda,
Seni koʻz oldimga keltirolmay, goh!
Eslolmay yuragim oʻrtanar nogoh.
Qanday baxtiyordir onasi borlar,
Ular yetimlarday chekmas ozorlar.
Oʻzing ketding menga berib umringni
Sogʻinib asrayman dilda mehringni.
Seni koʻrgim kelar doim, onajon.
Maʼruf JALIL
https://saviya.uz/ijod/nazm/seni-korgim-kelar-onajon/