Seni izlab oʻtaman, baxtim…

Boʻlishi mumkin emas!

Erkak adib ayol qalbining nozik kechinmalarini bunchalik his qila olishi, uning tabiatini bu qadar yaxshi bilishi aqlga sigʻmaydi! XIX asr birinchi yarmida fransuz kitobxonlarini bu hol qanchalik lol qoldirgan boʻlsa, XX asr oxirlarida biz, Jorj Sandning “Konsuelo” asarini talashib-tortishib oʻqigan tolibalar ham ulardan kam hayratga tushmaganmiz. Aslida, ushbu taxallus ostida ijod qilgan adiba har bir qahramonida oʻz qismati, oʻz qalbini ifoda etgan ekan. Ammo ancha vaqtgacha badbaxt Konsuelo iztiroblari taʼsiridan chiqolmay yurgan, hali oʻzlarini-da ayollikning qanday kechmishlari kutayotganidan bexabar biz gʻoʻr qizlar buni bilmasdik…

Jahon adabiyoti tarixida Jorj Sand nomi bilan tanilgan Amandina Avrora Lyusil 1804 yil 1 iyulda Parijda, kelib chiqishi qirollar avlodiga mansub Moris Dyupen xonadonida tavallud topadi. Oddiy parranda sotuvchining qizi, yosh raqqosa Sofiya-Viktoriya Delabord husnu malohati bilan janob Dyupenni maftun etgandi. Morisning onasi anchagacha “zoti past” kelinini tan olishni istamaydi, hatto oilada qizaloqning dunyoga kelishi ham qaynona-kelin munosabatlariga iliqlik kiritolmaydi. Adabiyot va musiqaga salohiyati borligiga qaramay, Dyupen harbiy sohani tanlab, fransuz inqilobchilari armiyasi safiga qoʻshiladi. 1808 yilda harbiy yurishlardan Noanga, ota uyiga qaytgan Moris Dyupen tungi sayr chogʻida otdan yiqilib, hayotdan koʻz yumadi. Mashʼum voqeadan keyin buvisi Avrorani oʻz qaramogʻiga olishni ixtiyor etadi – Dyupen xonim qizaloq tarbiyasini “omi” keliniga ishonib topshirolmasdi, axir! Avroraning ulkan merosdan mahrum boʻlishidan choʻchigan ona uzoq ikkilanishlardan soʻng uni Noanda qoldirib, oʻzi Parijga ketadi. “Onam bilan buvim meni talashganlarida bagʻrim tilka-pora boʻlardi”, – yozgandi keyinchalik adiba oʻz xotiralarida. Qattiqqoʻl, biroq maʼrifatparvar Dyupen xonim nabirasi koʻnglida adabiyotga mehr uygʻotadi, ayniqsa, oʻzining sevimli yozuvchisi Jan-Jak Russo gʻoyalarini Avroraga ham singdirishga intiladi. Xat-savodini chiqarish barobarida qizga pianino chalish va qoʻshiq ijrochiligi mahoratidan saboq beradi.

Ulgʻayib qolgan qiz qaynona-kelinni yarashtirishga koʻp bora urinadi, onasiga talpinadi, u bilan yashash istagini bildiradi. Afsuski, bu vaqtda yana turmush qurgan, boshqa farzandlarining tarbiyasi bilan ovora boʻlib qolgan Sofiya-Viktoriya qizi bilan muloqotga ragʻbat koʻrsatmaydi, oʻzini undan tortadi. Nabirasining “nonkoʻrligi”dan ranjigan Dyupen xonim esa Avrorani ayollar monastiriga joʻnatishga qaror qiladi.

Oʻlimi oldidan buvi nabirasini uyiga qaytarib, oilaviy mol-mulkni, yiqqan-terganining barchasini unga vasiyat qiladi, xususiy yer boshqaruvini ham 17 yashar qizga qoʻshqoʻllab topshiradi. Shunday qilib, kattagina merosu xonadon tashvishlari yoshiga nisbatan ancha aqlli Avroraning zimmasiga tushadi.

Qiz falsafiy adabiyotlarga juda qiziqar, Shatobrian, Bossyue, Monteskyo, Arastu, Paskal asarlarini qoʻldan qoʻymay oʻqirdi. Qadrdon boʻlib qolgan Russo asarlari taʼsirida uning nafaqat adabiy, balki hayotiy qarashlari ham shakllanadi. 1822 yili Avrora oʻziga oʻxshash zodagon oilaning yagona merosxoʻri boʻlgan Kazimir Dyudevan bilan tanishadi. Yigit uning boyligiga uchmayotganiga ishonch hosil qilgach, unga turmushga chiqishga rozi boʻladi. Yosh oila Noanda zodagonlarga xos hayot kechira boshlaydi. 1823 yilda ularning toʻngʻich farzandi Moris, 1828 yili qizaloqlari Solanj dunyoga keladi.

Er, bolalar, roʻzgʻor – anʼanaviy turmush, odatiy hayot… Dyudevan na kitob, na musiqaga qiziqar, vaqtini oʻziga oʻxshagan bekorchi boyvachchalar davrasida, “mahalliy miqyosdagi siyosiy jarayonlar” haqidagi safsatalar bilan oʻtkazardi. Jufti halolidan kitoblardagidek, muhabbatga limmo-lim munosabatni kutgan juvon bunday turmushdan qattiq aziyat chekadi. Risoladagidek oila boshligʻi, namunali ota hisoblanmish janob Dyudevan esa rafiqasi nimadan noroziligini sira tushunmaydi, ijodga moyil, biroz xayolchan ayolining ichki olamini idrok etolmaydi.

“Vaqti kelib, inson sevgiga, bor vujudni qamrab oluvchi muhabbatga ehtiyoj sezadi. Butun olam yolgʻiz sevgilisida jam boʻlishini istab qoladi. Oʻzini faqat va faqat yoriga bagʻishlash ishtiyoqi uni chulgʻab oladi. Ammo sen bularning hech birini his qilolmading. Tuygʻularimning, muhabbat haqida bilganlarimning keragi yoʻq edi senga…”

1830 yili Avrora erini tashlab, Parijga koʻchib ketadi. U yerda oʻzi istagandek hayot kechira boshlaydi, ayni vaqtda ijod ummoniga shoʻngʻiydi. Ilk mashqlaridan biri – “Eme” romanini mutaxassislar hukmiga havola etadi. Ular muallifni ushbu “xomgina” asarni chop ettirish fikridan qaytarishadi, ammo umidli qalamkash matbuot nashrlarining nazariga tushadi.

Avrora chinakam ijodini tajribali yozuvchi Jyul Sando bilan hamkorlikda boshlaydi. Jyulya Sand taxallusi ostida nashr etilgan “Komissioner” (1830) va, ayniqsa, undan keyingi hamkorlik mahsuli boʻlgan “Roz va Blansh” (yoxud “Aktrisa va rohiba”) romanlari katta shuhrat qozonadi. Mazkur romanga adiba monastirda oʻtgan kunlari, onasidan eshitgan xotiralarni asos qilib olgan edi. Kitob qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi. Nashriyotlardan muallif(lar)-ga yangi asarlar borasida takliflar tusha boshlaydi. Avroraning ilhomi qaynagan bir paytda, Sandoga bu ijodiy hamkorlik malol kelib qoladi, bundan keyingi kitoblarni oʻz nomidan chiqarishdan bosh tortadi. Noshirlarning esa talabi qatʼiy: yangi asar tanilib ulgurgan muallifning nomidan ketishi shart; faqat shu yoʻl bilan asarning ommalashuvini taʼminlash mumkin, deb hisoblardi ular. Axiyri ikki ijodkor murosaga keladi – unga koʻra endilikda adiba oʻz asarlarini Jorj Sand taxallusi ostida chop etadigan boʻladi…

Avrora yoshligidan otda sayr qilishni yoqtirar, ovchilik bilan shugʻullanardi. Bu paytlarda uning uchun eng qulay, eng maʼqul kiyim yigitlar libosi edi. Tarki odat – amri mahol. Eng noziktaʼb xonimlar makoni – farang poytaxtiga kelib ham uning didi oʻzgarmaydi. Adiba egniga erkaklar kiyimini ilib, oʻzini hurmat qilgan ayollar qadamini ham bosmaydigan koʻchalarda sayr qiladi, turfa odamlarni kuzatadi. Bunday yurishlarga ishtiyoqmand qalamkash uchun erkak muallif taxallusi ostida ijod qilish ayni muddao edi…

Zamondoshlarining taʼriflashicha, Jorj Sand boʻyi pastakkina, suyagi yoʻgʻon, koʻzlari kirtaygan, xullas, ayollik malohatidan yiroq, koʻrinishidan erkakshoda bir juvon boʻlgan. (Otasidan erta yetim qolgani yetmagandek, ona mehridan ham mosuvo boʻlib voyaga yetgan ayolga bunday ayb qoʻyish qanchalik toʻgʻriykin?..) Tashqi koʻrinishi qanday boʻlmasin, Sand ayol qalbi torlaridan taraluvchi har bir nozik ohangni ilgʻay olgan. Ilgʻabgina qolmay, uni kitobxonlarga yetkazib berishning ham uddasidan chiqqan, buni adibaning har bir asarida kuzatish mumkin. Mashhur romanlaridan biri “Indiana”da Jorj Sand nafsiga tobe, manman erkak bilan bir umr pokiza sevgiga mushtoq yashagan ayolning koʻngil kechinmalari oʻrtasidagi ziddiyatni qalamga oladi. Keyinroq kitobxonlar hukmiga havola etilgan “Leliya” asari ham koʻplab munozaralarga sabab boʻladi. Asar bosh qahramoni (uning prototipi – muallifning oʻzi) baxt izlab, atrofdagilarga mehr-muhabbat ulashib yuradi. Aksariyat kitobxonlar “suyuq” qahramonining ishqiy sarguzashtlari tufayli Sandni eʼtirozlarga koʻmib tashlaydilar. Muallif keyinchalik romanga oʻzgartirishlar kiritib, uni “epaqaga keltirishga” majbur boʻladi.

Oʻsha davrlarda kimdir Jorj Sand asarlarida ahloqsiz hayotni targʻib qiluvchi sahnalarning koʻpligidan shikoyat qilsa-da, biroq ularda ayol qalbining unsiz faryodini eshitadiganlar ham topiladi. Jumladan, adabiyotshunos Sent-Byovni shunday munaqqidlar qatoriga qoʻshish mumkin:

“Ermakka biror kitob oʻqimoqchi boʻlgan keng omma bu asarlarni rad etishi tayin. Ammo ularda inson qalbining tub-tubida yashiringan va oʻta nafis chizgilarda ifodalangan tuygʻularni ilgʻay olgan ziyrak oʻquvchi muallifga yuqori baho berishi shubhasiz… Oʻttiz yoshni ham qoralamagan, koʻrinishidan hali goʻdak bu adibaning bunchalik nozik qalb kechinmalarini qachon oʻrganib ulgurgani, inson tabiatini qanday qilib shu qadar mufassal tahlil qila olgani, boshqalarning sochini oqartirgan bu bilimlarni nechogʻlik mahorat bilan, zoʻriqmay aks ettira olganidan hayratga tushasan kishi…”

Adibaning zamondoshlaridan biri faylasuf Pyer Leru jinslar tengligi gʻoyasini targʻib qilib, ayollarning erki uchun kurashib taniladi. Undan, oʻzi aytmoqchi, “xotirjamlik, kuch, umid va ishonch” olgan Jorj Sand oʻn besh yil davomida Leruni qoʻllab, imkon qadar taʼminlab ham turadi. Uning gʻoyaviy qarashlaridan ilhomlanib “Spiridion”, “Liraning yetti tori” asarlarini yozadi. XIX asr oʻrtalarida dunyo yuzini koʻrgan “Oras”, “Konsuelo” va “Grafinya Rudolshtadt” asarlarining asosiy qahramonlari ham, tabiiyki, ayollar edi.

Jorj Sand mamlakatning siyosiy jarayonlaridan ham chetda qolmaydi, inqilobchi-proletar shoirlar (Savinyen Lapuent, Sharl Mag, Sharl Ponsi kabilar) ijodini targʻib qilish bilan shugʻullanadi. “Darbadar shogird”, “Anjibolik tegirmonchi” asarlarida mehnatkash halq va baxil aslzodalar oʻrtasidagi kurashni aks ettiradi. 1848 yil may oyida avom xalq qoʻzgʻolon koʻtarib, Milliy kengash binosini zabt etishga urinadi. Fransuz matbuoti bu ishlarda Jorj Sandning ham qoʻli borligi haqida bong uradi. Yozuvchining hibsga olingani yo endi olinishi haqida gap-soʻzlar tarqaladi.

1851 yilda amalga oshgan dekabr qoʻzgʻolonidan keyin Jorj Sand shaxsan imperator Lui-Napoleon huzurida boʻlib, siyosiy raqiblarga nisbatan tazyiqqa chek qoʻyish toʻgʻrisida bayonnoma taqdim etadi. Hukumat rahbarlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida bir qator respublikachilarga berilgan jazoni yumshatishga muvaffaq boʻlinadi.

Xullas, adabiyot olamida ham, siyosiy maydonda ham Jorj Sandning mavqei, obroʻyi koʻtarila bordi. Shaxsiy hayotda esa… Husni havas qilgulik boʻlmasa-da, Avrora bilan yaqindan tanishganlar, ayniqsa ijod ahli, uning boy, goʻzal ichki olamiga, aql-farosatiga maftun boʻlardi. Jamoatchilik orasida esa bot-bot ayolning goho biror yozuvchi, yo haykaltarosh, yoki musavvir, gohida musiqachi bilan yaqinligi haqida mish-mishlar bolalab turardi. Biroq, negadir, bu munosabatlar uzoqqa choʻzilmas, adiba oʻzi istagan, oʻzi kutganchalik ulkan, haqiqiy baxtini hech kimdan topolmasdi. Shu oʻrinda bir istisno tarixi…

Buyuk bastakor Frederik Shopen Jorj Sandni ilk marotaba uchratganida uni umuman nazariga ilmaydi. Ammo oradan vaqt oʻtib, ehtiroslarga chanqoq, taʼsirchan sanʼatkor tabiatan oʻzining aksi boʻlgan vazmin adibaga oshiqu beqaror boʻlib qoladi. Ular rasman boʻlmasa-da, bir oila boʻlib yashay boshlaydilar. Har qaysisi oʻzicha bir olam, biroq, nihoyat, ikki yorti bir butunini topgandek, nazm bilan navo uygʻun kelgandek…

Ijod ahli oʻzi injiq boʻladi, dard kelganda esa, inchunun. Ogʻir xastalikka chalingan Shopenni ayoli avvaliga mehr bilan parvarishlaydi, imkon qadar koʻnglini koʻtarishga urinadi. Lekin bemorning ahvoliga qoʻshilib, feʼli ham kun sayin ogʻirlashib boradi. Oxiri Jorj Sand bu sinovga dosh berolmay qoladi, bastakorning yalinib-yolvorishlariga qaramay, oʻn yillik munosabatlarga nuqta qoʻyadi. Garchi adiba buni ochiq-oydin tan olmagan boʻlsa ham, Jorj Sand va Frederik Shopen munosabatlari uning “Lukretsiya Floriani” romanida qisman oʻz aksini topgan. Unda yorini oʻta xudbin, ojizu notavon qilib tasvirlagan ayol oʻzini oqlashga urinadi goʻyo… Qarang-ki, oradan bir yil oʻtar-oʻtmas, dard chekinadi, bastakor oyoqqa turib ketadi. Sobiq juftlik bir davrada toʻqnash kelib qoladi. Mehr tuygʻulari yana junbushga kelgan Sand munosabatlarni tiklamoqchi boʻladi, biroq Shopen lom-mim demay, eshikni qarsillatgancha davrani tark etadi…

Jorj Sand umrining soʻnggi yillarini oilaviy mulki – Noanda, koʻplab xayriya ishlarini amalga oshirib, mahalliy aholi hurmatini qozongan holda va, shak-shubhasiz, kitobxonlar ardogʻida oʻtkazadi. Adiba 1876 yil 8 iyunda ota uyida hayotdan koʻz yumadi.

Oʻttizdan ortiq roman muallifi Jorj Sand vafotidan xabar topgan Viktor Gyugo shunday yozgan edi: “Marhuma bilan vidolashar ekanman, uning timsolida boqiy ijodkorni olqishlab qolaman!”

 

Yulduz HOSHIMOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/seni-izlab-otaman-baxtim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x