Bilmaysiz
Sevmayman deb kuydirasiz-u,
Sheʼrlarimni yodlaysiz zimdan.
Koʻz-qoshingiz, barmoqlaringiz,
Sochlaringiz chiqmas esimdan.
Vujudingiz mayin tebranib,
Izhorini etganin bayon
Bilmaydi deb oʻylaysiz-da siz,
Bilmaganday oʻylaysiz, ayon!
Bilmaysiz-da, yosh, navniholsiz,
Taqdir doim kulmasligini.
Bilmaysiz, lek hardamxayolsiz,
Bilib sevib boʻlmasligini.
Yoqmayotgan boʻlsam, ketaman,
Yuragingiz oʻpar izimdan.
Sevmayman, deb kuydirasiz-u,
Sheʼrlarimni yodlaysiz zimdan…
Zebojon
Zeboginam, Zebojon,
Tushlarimga kirasan.
Gulbogʻlar aro sarson,
Nimani qidirasan?
Kiprigingda yosh koʻrdim,
Yuragimni tosh koʻrdim.
Oʻz koʻksimga qamalib,
Qobirgʻamga bosh urdim.
Sinsa sinsin qobirgʻam,
Yaralsin-yey malaklar.
Ortiq umrim yoqmasin
Senday joni halaklar.
Farishtam, Zeboginam,
Ishqmi – yorugʻ yulduzing?
Xotiramda barhayot
“Unuting” degan soʻzing.
Mayli, barin gʻov yillar
Silliqladi birma-bir.
Lekin nechun tushimga
Kirasan yigʻlab, gapir?!
Izlaysan neni Zebo,
Saodat, tole, visol?..
Yuragim toʻla yigʻi,
Beraymi ikki misqol?
Bir qizni sevar edim
Bir qizni sevar edim,
Ismini aytolmayman.
Endi adir oralab,
Qishloqqa qaytolmayman.
Soʻramay kiraverar
Xayolimga, oʻyimga.
U qizni yigʻlatganman,
Qorlar yogʻsin toʻyimga.
Endi uzun kechalar,
Sochlari boʻgʻib chiqar.
Qoʻllari chayon kabi
Chimchilab, chaqib chiqar.
Uygʻonaman, ter artib,
Shukur deyman, tush ekan.
Yaxshiyam, yostigʻimning
Yarmi hali boʻsh ekan.
Boʻronday tuproq yoʻldan
Aylanib borsammikan?
Sen hamon qalbimda deb,
Koʻnglimni yorsammikan?
…Bir qizni sevar edim,
Ismini aytolmayman.
Yorilgan koʻnglim bilan
Yoniga qaytolmayman…
Ruhingni quchgim keldi
Birgina tabassum deb,
Borimdan kechgim keldi.
Kulgichingda oʻynagan
Hayotni ichgim keldi.
Farishtalar jam boʻlib,
Kipriklaring sanashdi.
Koʻzingga boqqan edim,
Oh, koʻzlarim qamashdi.
Yuzingga barmogʻimni
Tekkizsam kuymasmikan?!
Turmaklangan sochlaring
Shamolni suymasmikan?!
Sendan oʻzga yoʻl yoʻqdir,
Boray desam – manzilim.
Yoningda bir xayolday
Yashayapman, sevgilim.
Koʻp emas muddaoyim,
Tanasi yoʻq ildizman.
Oʻsib oʻsolmayapman,
Mavjudman-u, beizman.
Kulgichingda oʻynagan
Hayotni ichgim keldi.
Vujud… vujud mayliga,
Ruhingni quchgim keldi.
Shoʻx kulgungiz
Siz dunyoni toʻldirib nurga,
Farishtaday kelin boʻldingiz.
Ichga yutib yigʻimni zoʻrgʻa,
Baxt tilasam “qah-qah” kuldingiz.
Olib qochdim sizdan koʻzimni,
Soʻng oʻzimni – olislarga men.
Koshki, olsam qoʻlga oʻzimni,
Ololsaydi ruhi-jonim tin.
Ozdi, toʻzdi taqvimlar bir-bir,
Sheʼrlar bitdim dardli imloda.
Yor, negadir yuragim ogʻrir,
Sheʼrda sizni etsam ifoda.
Bahor keldi gullar koʻtarib,
Yoz olmalar otib oʻynadi.
Kuzda vazmin, qishda charsillab
Yondim. Hijron omon qoʻymadi.
Sevaman deb uzun kipriklar
Shabnam tutib kelaveradi.
Yolgʻiz qolsam, yigʻlasam sim-sim,
Shoʻx kulgungiz taskin beradi.
Bahodir BAHROM
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/ijod/nazm/sendan-ozga-yol-yoqdir/